Jamiyat | 15:15 / 15.08.2017
215096
9 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning to‘ylar haqidagi so‘zlari yana noto‘g‘ri talqin qilindi

Borini el-yurt bilan baham ko‘rishni istaydigan xalqimiz o‘zining to‘ylari bilan mashhur. «Topganing to‘ylarga buyursin, iloyo», deya duo qilishadi nuroniylarimiz ham. Azal-azaldan shakllanib kelgan, to‘ylarimiz bilan bog‘liq chiroyli urf-odatlarimiz ezgu qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Sababi ularda o‘zbek xalqining boy ma'naviy dunyosi, madaniyati aks etgan.

Ammo keyingi paytlarda dabdababozlik, manmanlik, kimo‘zarga to‘y qilish, odamlar o‘rtasida soxta obro‘ topish, turli to‘qlikka sho‘xlik qiluvchi odamlar tomonidan o‘ylab topilib joriy etilayotgan, qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan yangicha urf-odatlar avj olayotgani kishining dilini xira qiladi. Ularda xalqimizning ko‘hna va boy madaniyati emas, balki ayrim kimsalarga xos bo‘lgan maqtanchoqlik, xo‘jako‘rsinlik, kibru havo namoyon bo‘lmoqda.

Birgina kelin tomonning mebelu sarpo-suruq hamda kuyovning uyini bezash kabi yaramas illatlar tobora ildiz otayotgani har bir mulohazali kishini tashvishlantirmasdan qolmaydi, albatta.

Bu jiddiy masalani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijod ahli bilan uchrashganlarida shaxsan tilga olib o‘tdi. Prezidentimizning Olmaliq shahriga tashrifida ham to‘y mavzusi yana ko‘tarildi. Ushbu uchrashuvlar mobaynida jonkuyarlik bilan aytilgan, behuda odatlardan voz kechgan holda avvalo yurtdoshlarimizning sog‘lig‘ini, moddiy va ma'naviy dunyosini asrashga qaratilgan so‘zlar aytildi.

Ammo keyingi kunlarda internet nashrlarida prezident so‘zlari noto‘g‘ri talqin etilib, (kontekstdan so‘zlar ajratib olingan holda) o‘ziga xos axborot xuruji amalga oshirilishi kuzatilmoqda.

Bunday xabarlarda to‘ylarni ixchamlashtirish ortidan to‘y industriyasi talofat ko‘rayotgani dastak qilinadi. Bu yana qanaqa industriya bo‘ldi? O‘sha to‘ylarimizda paydo bo‘layotgan yaramas odatlarni urchitayotganlar, yangidan-yangi odatlarni joriy etayotganlar norozimi endi bu tavsiyadan?

Chindan ham, o‘sha «kelinnavkar», «Love story», o‘nlab mashinalardan kortej yasash, odamlardan ortib qolib chiqindiga tashlanadigan ulkan tort kesish kabi yangicha odatlar qadriyatlarimiz, o‘zbekchiligimizga mutlaqo yot narsalar emasmi? Axir, nonning uvog‘ini ham uvol qilishni katta gunoh deb biladigan xalqqa yarashadimi shu odatlar?!

Prezident to‘y qilayotgan oilalarga qiyin bo‘lmasligini — yangi paydo bo‘lgan urf-odatlarni bajaraman, deya mutlaqo o‘zini oqlamaydigan ortiqcha sarf-xarajatlarga kirib, qarzga botib, sog‘lig‘idan ayrilib qolayotgan hamyurtlarimizni o‘ylab, bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish haqida kuyunchaklik bilan gapirib o‘tdi. Ayni paytda jamiyatimizda yosh oilalarning buzilib ketayotganiga bosh sabab ana shunday to‘ylar ortidan kelayotgan mashmashalar ekanligi hamma joyda aytilayapti-ku!? Hamma ko‘rib-bilib, o‘zi guvoh bo‘lib turibdi bunday «tomosha»larga. Bunday dabdabali to‘ylarga ich-ichidan qarshi bo‘lgan, ammo «odamlar qilyapti, men ham qilishga majburman, qaniydi hammani birday tartibga soluvchi qonun-qoidalar bo‘lsa» deb o‘ylovchi yurtdoshlarimiz ham ko‘pligini bilamiz. 

Iddaoga qarang: kimdir kelin-kuyovga vals (!) o‘rgatolmagani uchun endi ishsiz qolgan emishu, endi butun boshli to‘y industriyasi bankrot bo‘lish yoqasida emish. Xo‘sh, bu «industriya» o‘zbek xalqining ma'naviy-ma'rifiy dunyosiga zid bo‘lsa, bizni taraqqiyotdan to‘sib, oyog‘imizga tushov bo‘layotgan bo‘lsa, sanoqsiz muammolarni keltirib chiqarayotgan bo‘lsa, nima qilishimiz kerak?! Balki bu «industriya»ni qo‘llab-quvvatlovchi, rag‘batlantiruvchi qarorlar qabul qilishimiz kerakdir?! Tavba!

Nima, kelinlarimiz to‘yxonada chiroyli o‘zbekona harir yoping‘ichda, milliy atlasu lozimda o‘tirsa, mahramu nomahramning oldida vals tushmasa, zamondan ortda qolgan hisoblanadimi?! Zamonaviylik tushunchasini odamning ilg‘or dunyoqarashi, erishayotgan yutuqlari belgilamaydimi?!

To‘ylarimizda yevropacha almoyi-jalmoyi qo‘shig‘u raqslar emas, o‘zbekona chiroyli o‘yinbop qo‘shiqlarga keng o‘rin berish kerakligi haqida ham gapirilayapti. Albatta, chiroyli o‘zbekona milliy raqs va kuy-qo‘shiqlar har qanday milliy to‘yimizning bezagi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi ham. Qolaversa, milliy kuy-qo‘shiqlarimiz to‘y ahliga shodlik, xursandchilik ulashish bilan birga, ongu shuurimizga o‘zbekona qadriyatlarni shakllantirishi ham bor gap. Hozir-chi? Chetdan kelgan ajnabiy to‘ylarimizda o‘tirarkan, hayron qoladi: turkcha, arabcha, forscha, ruscha, inglizcha qo‘shiqlar ketma-ket aytiladi-yu, o‘zimizning qo‘shiqlarimizga to‘y sahnasidan joy topilmaydi. Joy topganlari ham xorij ohanglariga solingan qorishiq taronalar...

To‘y industriyasini o‘ylayotganlar tashvishlanmasin: o‘zbek to‘y qilar ekan qo‘shiqchilarga ham, raqqosalarga ham ish topilaveradi. Faqat ular milliyligimizni, go‘zal tuyg‘ularni targ‘ib etish etagidan mahkam ushlab olishsa bas. Ulardan kutadiganimiz shu.

Eslayman, o‘zimning to‘yimda so‘zga chiquvchilar o‘zlari yozgan, shuningdek, Muhammad Yusuf, Xosiyat Bobomurodova she'rlaridan o‘qishgan ekan. Ancha bo‘libdi o‘ylab qarasam, to‘ylarda chiroyli she'rlar o‘qilayotganini eshitmaganimga. Mana shunday go‘zal odatlarni tiklash kerak emasmi? Shu emasmi ma'naviy qadriyatlarimiz? Diniy ulamolarimiz ham bunday bid'at-tadbirlar musulmonchiligimizga mutlaqo yot ekanini bot-bot takrorlab kelishmoqda.

Xalqaro press-klubning Samarqandda bo‘lib o‘tgan sayyor anjumanida ham to‘ylar mavzusi ko‘tarildi va unda so‘zga chiqqan hamshahar qizimiz yoshlarimizning Yevropaga taassub qilib to‘ylarda mana shunday yangicha urf odatlarni joriy qilayotganini aytib o‘tdi. Shunda XPK moderatori Sherzod Qudratxo‘jayev Yevropada to‘ylar o‘ta ixcham o‘tishini, ular bunday isrofgarchilikni o‘zlariga ravo ko‘ramasligini ta'kidladi. Darhaqiqat, o‘zi yoshlarimiz kimga taassub-taqlid qilmoqda? Kimdan o‘rnak olishmoqda? Bunaqa dabdababozlik, manmanlik, shuhratparastlik Yevropada ham, Rossiyada ham, boshqa joyda ham uchramaydi. O‘zimiz o‘ylab topib, o‘zimiz joriy qilgan bo‘lib chiqmayapmizmi? Demak, o‘zimiz barham berishimiz kerak. 

Ming dabdabali, ming xarajatli to‘y qilmang, siz gapirishini, alqashini istagan odamlar uzog‘i bir, boringki, ikki hafta gapirib yurishadi. Albatta, shunga imkoniyati yetadiganlar o‘z mablag‘larini istaganicha tasarruf etishga haqli. Lekin «laylak»ka taassub qilayotgan «chumchuq»lar-chi? Ko‘rpachaga qarab oyoq uzatib, to‘ylarni ixcham, chiroyli, milliy urf-odat va an'analarimizdan chetlashmasdan tashkillashtirish sog‘lom aql, mantiq talabi-ku. Bugun ana shunday o‘rtacha va ixcham, har ikki quda tomonga og‘ir tushmaydigan to‘ylarni ijod ahli — shoiru-adiblarimiz, kinochilarimiz va televideniye hamda bosma nashrlar targ‘ib qilishi istalmoqda. San'atkorlarimizdan ham bu borada bosh-qosh bo‘lish so‘ralayapti.

Shu sababli hozirgi kunda xalqimizni ma'naviy yuksaltirish, azaliy qadriyatlarimizga amal qilishga chorlash yuzasidan aytilayotgan har bir gapning mag‘zini chaqib, kontekstdan yulib olmasdan, turli ig‘vogarlarning diydiyolariga uchmasdan, xalqimiz, eng avvalo, yaqinlarimiz o‘rtasida targ‘ib qilish va tushuntirish ishlari olib borish har birimiz uchun ham qarz, ham farz. Menimcha, yangidan barpo etilgan Yoshlar ittifoqining ham bosh dasturlaridan biri mana shu bo‘lishi kerak.

To‘y «industriyasi»ni o‘ylab tashvish chekayotganlarga esa gapimiz shu: har qanday harakat xalqning e'tiqodiga, ming yillik qadriyatlariga qarshi bo‘lsa, elu yurtning buguni va kelajagi uchun ziyon keltirsa, u har qancha chiroyli niqoblar bilan bezatilmasin, cheklanishi shart. O‘zbek xalqining ma'naviyatiga bolta urib cho‘ntak qappaytiraman deganlar, yaxshisi, halol tirikchilik yo‘liga o‘tgani ma'qul...

Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZ jurnalisti.

Mavzuga oid