O‘zbekiston | 16:10 / 15.09.2017
16686
6 daqiqa o‘qiladi

MDH kinologlari Toshkentda yig‘ildi

Foto: Milliy kinologiya markazi

2017 yil 14 sentabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun mazkur markazning kinologiya sohasida xalqaro hamkorlik borasida amalga oshiriyotgan chora-tadbirlari va ularning samarasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi.

Tadbirning ayni shu kunlarda o‘tkazilgani bejiz emas. Boisi, joriy yilning 10-16 sentabr kunlari Milliy kinologiya markazi Mustaqil davlat hamdo‘stligiga a'zo davlatlar o‘rtasida kinologiya sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator nufuzli tadbirlarga mezbonlik qilmoqda.

Muhim haftalik doirasidagi tadbirlarga MDH davlatlari bojxona xizmatlari rahbarlarining kinologiya faoliyati bo‘yicha Huquqni muhofaza qilish bo‘linmalari boshliqlari qo‘mitasi Ishchi guruhining o‘n yettinchi majlisi, MDH davlatlari bojxona ma'muriyatlari kinologiya xizmatlarining ko‘pkurash bo‘yicha VII musobaqasi, Narkotik vositalarni izlash uchun xizmat itlarini tayyorlashga yangi zamonaviy uslublarni tatbiq etish masalalalari bo‘yicha amaliy seminar hamda O‘zbekiston va Belarus bojxonasi kinologiya xizmatlari vakillarining ikki tomonlama ishchi uchrashuvlari kiritilgan.

Foto: Milliy kinologiya markazi
Foto: Milliy kinologiya markazi
Foto: Milliy kinologiya markazi

Mazkur tadbirlarda ishtirok etish uchun poytaxtga Belarus, Ozarboyjon, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan vakillar tashrif buyurishdi.

Haftalikning yorqin tadbirlaridan biri MDH davlatlari bojxona ma'muriyatlari kinologiya xizmatlarining ko‘pkurash bo‘yicha VII musobaqasi bo‘lib, 14 sentabr kuni ushbu bellashuvning tantanali yopilishi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Milliy kinologiya markazi va Oliy harbiy bojxona institutining amaliy mashg‘ulotlar maydonida 3 kun davomida bo‘lib o‘tgan mazkur musobaqada 13 nafar kinologlar o‘z xizmat itlari bilan bagaj va qo‘l yukida, yengil va yuk avtotransport vositalarida, xonalarda giyohvand vositalarni qidirish, buyruqlarga bo‘ysunish kabi bir nechta yo‘nalishlarda o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Kinologlarning professional tayyorgarligiga baho berilgan mazkur musobaqalar shunchaki bellashuv emas, balki xizmat itlarini tayyorlashda yangi bilim va ko‘nikmalarni namoyish qilishning o‘ziga xos maydonchasi vazifasini ham bajardi deyish mumkin.

Narkotik vositalarni bagajlarda izlab topishda Qirg‘iziston, yengil avtomashinalardan izlab topishda O‘zbekiston, yuk avttomashinalari, bino va inshootlarda izlab topishda esa Rossiya kinologlari tengsiz ekanligi isbotlashdi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Qora”, “Maykl” va “Kviks” laqabli xizmat itlari bilan musobqada ishtirok etgan 3 nafar kinologdan iborat O‘zbekiston jamoasi 1 o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Foto: Milliy kinologiya markazi
Foto: Milliy kinologiya markazi
Foto: Milliy kinologiya markazi

Ayniqsa, Sadriddin Ibragimov o‘zining “Qora” laqabli xizmat iti bilan shaxsiy ko‘rsatkichlariga ko‘ra eng yuqori ballni jamladi. Shuningdek, ushbu it egasiga itoatkorligi va buyruqlarni aniq bajarishi bilan ham mehmonlar e'tiborini qozondi.

Musobaqa jadvalining keyingi o‘rinlarini esa Rossiya va Belarusdan kelgan kinologlar zabt etishdi. G‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim davlatimiz madhiyasi sadolari ostida boshlandi va faxriy qorovul saf tortdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari M.Saliyev kinologlarning musobaqadagi faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi va erishgan yutuqlari bilan qizg‘in muborakbod etdi. Marosim davomida g‘oliblarga musobaqa Kubogi, diplom va medallar hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Ta'kidlash joizki, haftalik davomida Belarus, Ozarboyjon, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kinologiya xizmatlari rahbarlarining ishtirokida “Giyohvand moddalarni qidirishda xizmat itlarini yangi zamonaviy uslubda tayyorlash va bojxona organlarining kinologiya xizmatiga tadbiq etish” mavzusida bo‘lib o‘tgan amaliy seminar ham haftalikning eng muhim tadbirlaridan biri sifatida e'tirof etildi. Mazkur muloqot kinologiya sohasida yangi zamonaviy bilimlarni o‘zaro o‘rtoqlashish va tajriba almashishda muhim rol o‘ynashi, shubhasiz.

Hafta yakunida esa MDH davlatlari bojxona xizmatlari rahbarlarining kinologiya faoliyati bo‘yicha Huquqni muhofaza qilish bo‘linmalari boshliqlari qo‘mitasi Ishchi guruhining o‘n yettinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zaro hamkorlikka oid muhim tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Foto: Milliy kinologiya markazi
Foto: Milliy kinologiya markazi
Foto: Milliy kinologiya markazi

Milliy kinologiya markazining xalqaro hamkorlik bo‘yicha faoliyatida ikki tomonlama muloqotlar tobora muntazamlik kasb etib bormoqda. Shu jihatdan olib qaralganda, tadbirlar mundarijasiga kiritilgan O‘zbekiston va Belarus bojxonasi kinologiya xizmatlarining ikki tomonlama uchrashuvi ham samarali kechishi kutilmoqda.

Haftalik madaniy tadbirlarni ham o‘z ichiga olgan bo‘lib, mehmonlar Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy memorial majmua hamda Alisher Navoiy nomidagi davlat opera va balet katta akademik teatriga ham tashrif buyurishadi. Shuningdek, poytaxtning diqqatga sozvor go‘shalari bo‘ylab ekskursiyalar ham uyushtiriladi.

Matbuot anjumanida haftalikning borishi va yakunlari bo‘yicha, shuningdek xalqaro hamkorlik borasida kelgusida rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida Milliy kinologiya markazi direktori A.Tursunov jurnalistlarga batafsil axborotlar berdi. 

Mavzuga oid