Jahon | 14:30 / 24.10.2017
31233
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda «Umed-88» kompaniyasi Rog‘un pullarini talon-toroj qilib yubordi

Foto: News.tj

Tojikistonning korrupsiyaga qarshi kurash departamenti «Umed-88» kompaniyasi rahbariyati qo‘lga olinganini rasman tasdiqladi. Ular xizmat vakolatlarini suiste'mol qilish, noqonuniy kredit olish va olingan davlat qarzini juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilishda gumon qilinmoqda.

Davlat moliyaviy nazorat va korrupsiyaga qarshi kurash agentligi saytida xabar berilishicha, 2015 yil 15 mayda «Rog‘un GES» OAJ, Moliya vazirligi va «Umed-88» MChJ uch tomonlama kredit bitimini imzolagan, Unda «Rog‘un GES» kredit beruvchi, Moliya vazirligi hamda «Umed-88» esa - qarz oluvchilardir.

Imzolangan hujjat «Umed-88» kompaniyasiga «qishloq xo‘jaligi obektlarini dizel yoqilg‘isi bilan ta'minlash orqali Tojikistonda agrosanoat kompleksini rivojlantirish uchun» 171 million somoniy taqdim etishni nazarda tutgan. Qarz oluvchilar mablag‘larni 2015 yil 31 dekabrdan kechiktirmay qaytarishga majbur bo‘lishgan.

Xabarda aytilishicha, «Umed-88» MChJning direktori Idibek Ibrohimov, kompaniya asoschisi Rajabali Odinayev va boshqa mas'ul shaxslar bilan oldindan til biriktirgan holda, katta miqdorda davlat kreditni noqonuniy ravishda qo‘lga kiritgan.

Ta'kidlanishicha, «Umed-88» rahbariyati o‘z xizmat vakolatlarini suiste'mol qilgan holda, davlat manfaatlariga zid tarzda, olingan mablag‘larni «noto‘g‘ri ishlatish» bilan shug‘ullangan. Xususan, 2015 yil may-iyun oylarida 74 mln. somoniy «Amonatbank» hamda «Tojiksodirotbank»dan qarzlarni yopish uchun yo‘naltirilgan.

«Bundan tashqari, - deya ta'kidlanadi korrupsiyaga qarshi kurash mahkamasi xabarida, - «Umed-88»ning mas'ul shaxslari mamlakatning boshqa banklaridan ham juda ko‘p miqdorda kreditlar olishgan». Hozirgi vaqtda kompaniya «Amonatbank» hamda «Agroinvestbank»ga 26 mln. somoniy va 4,5 mln. dollar qarzdordir. 

Shunday qilib, Rajabali Odinayev va Idibek Ibrohimov hamda boshqa mas'ul shaxslarga nisbatan Tojikiston Respublikasi JKning 3 ta moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid