Jamiyat | 19:26 / 11.11.2017
149246
7 daqiqa o‘qiladi

Video: Uy egasini o‘z joniga qasd qilishga nima majburladi?

Foto: Kun.uz

Qoraqalpog‘istonlik o‘qituvchi joniga qasd qilib, uy tomidan o‘zini tashladi. Undan oldin namoyishkorona tarzda ustiga benzin sepadi. Ushbu tasvir aks etgan lavha tahririyatga kelib tushgach, Kun.uz muxbiri vaziyatni o‘rganish uchun Qoraqalpog‘istonga yo‘l oldi.

Aniqlanishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra, Batirbay Niyazimbetov To‘rtko‘l tumani «Ullubog‘» aholi yashash punktida joylashgan 135-yer uchastkasini egallab olgani va o‘zboshimchalik bilan bino qurgani tufayli, sud tomonidan uy-joyni majburiy tartibda buzib tashlashga majbur, deb topilgan. 

Joriy yilning 19 sentabr kuni tuman Majburiy ijro byuro xodimlari, hokimlik va tegishli idora mutasaddilari bilan birgalikda Batirbay Niyazimbetovning «o‘zboshimcha qurilishini» buzish uchun manzilga yetib keladi. Sud qaroridan norozi bo‘lgan Batirbay Niyazimbetovning o‘g‘li Axmad esa o‘z joniga qasd qilishga urindi. 

Foto: Kun.uz

Axmadning aytishicha, sud qarorida zikr etilgan uy-joy aslida unga tegishli bo‘lib, pasportida muhrlangan propiska, uy kadastriga oid hujjatlarni taqdim etdi.

«Biz qarindoshimiz Ibragimov Xamidning maslahati bilan «Ullubog‘» aholi yashash punktidan yer olishni o‘ylab qoldik. Aslida, bizning ham shu yerdan kimoshdi savdosida sotib olgan 112-sonli yer-uchastkamiz bo‘lgan. Uning yon tarafidagi yer-uchastkasi egasiz, ya'ni hech kimga xatlanmagan edi. Xamid ana shu joyni mening nomimga rasmiylashtirib berishni va'da qilib, evaziga to‘rt million so‘radi», deydi va ana shu suhbat yozib olingan audioni taqdim qildi.

Uning aytishicha, bu voqea 2016 yil avgustda boshlandi. «Xamidning va'dasi ketidan, hujjatlarni rasmiylashtirish oson kechmasligi, hokimiyatda o‘z tanishlari orqali hal bo‘lishi, biz esa xotirjam uy qurilishini boshlayverishimiz mumkinligi aytilgandi. Biz unga ishondik, chunki Xamid «Ullubog‘»dan kimoshdi savdosida akasining xotini, ya'ni, yangasining nomiga 135-sonli yer-uchastkasini rasmiylashtirib, sotib olgandi», deydi Axmad.

Bu orada qarindoshlarning orasidagi munosabatlar qalin bo‘lib, ishlar xamirdan qil sug‘urganday davom etib turgandi. Imoratni qurish oktabrga qadar yakunlandi. Axmadning aytishicha, 2017 yil yanvar oyida Xamid ularning xonadoniga tashrif buyurib, yer-uchastka hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yana pul talab qila boshladi. «Mendan qora bozorda valyuta kursi oshib ketgani tufayli, qo‘shimcha chiqimlarni qoplashimni so‘radi. Vaholanki, men barcha pulni kelishuv paytidayoq qo‘liga tutqazgandim», deydi u.

Niyazimbetovlar bilan uy mojarosi joriy yilning 11 mart kuni, ya'ni To‘rtko‘l tuman hokimi o‘rinbosari U.Matnazarovning ogohlantirish xati bilan boshlandi. Unda aytilishicha, Niyazimbetov Batirbay «Ullubog‘» aholi yashash punkti hududida joylashgan Ibragimova Mamajanga (Xamidning yangasi) tegishli 135-sonli uchastkani o‘zboshimchalik bilan egallab olgani hamda imoratni buzish sharti qo‘yiladi. Keyinroq, 19 may kuni To‘rtko‘l tuman hokimi Xadjiyev G‘ofurjon da'vo arizasi bilan FIB Beruniy tumanlalaro sudida mazkur ishni ko‘rib chiqib, da'voni qanoatlantirgan.

Foto: Kun.uz

Kun.uz muxbirini o‘ylantirgan masala esa qanday qilib egasiz yer-uchastkasi, Xamidning kelinoyisiga tegishli uchastkaga aylanib qoldi?

«Biz «Ullubog‘» punktini tashkil etishda ko‘p qiyinchiliklarga duch keldik, shulardan biri punkt hududiga tutash fermer xo‘jaligi bilan yuz berdi. Fermerning talabi bilan yer-uchastkalaridan ayrimlarini boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazdik. Bu haqda o‘sha joyning o‘zida dalolatnoma tuzganmiz. Shunga ko‘ra, 135-sonli yer-uchastkasi aynan 112-sonli yer oldiga ko‘chirilgan», deydi tuman Arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i Qodir Durdiyev.

Fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasini berish Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 30 dekabrdagi 272-son qarori asosida tasdiqlangan «Yakka tartibdagi uy-joy qurilishi to‘g‘risida»gi nizom asosida tartibga solinadi. O‘rganishlar jarayonida 135-sonli yer uchastkasini boshqa joyga ko‘chirish Nizom talablariga rioya qilinmagan holda amalga oshirilgani aniqlandi. Chunki Kun.uz muxbiri bilan bevosita suhbat jarayonida hokimlik vakillari yer uchastkalari ko‘chirilgani to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat taqdim eta olishmadi.

Foto: Kun.uz

To‘rtko‘l tumani hokimi, Kun.uz muxbiri va boshqa mutasaddilarning yuzma-yuz uchrashuvda bu masala muhokama etildi.

«Qodir, buyruq qani? Nimaga asoslanib ko‘chirib yubording? U holda da'vo arizasini qaysi hujjatga asoslanib kiritdik?», deya savollar bilan murojaat qilgan hokimga tayinli javob berilmadi.

Niyazimbetovning aytishicha, bu Xamid bilan bo‘lgan kelishmovchilikdan so‘ng yuz bergan bo‘lib, u hokimiyatdagi o‘z tanishi bilan til biriktirgan hamda ort sana bilan tayyorlangan dalolatnoma orqali hammasini «tekislamoqchi» bo‘lgan. Hattoki, uyni buzish uchun kelgan MIB xodimlari ortida ham Xamid Ibragimov mashinadan tushmay kuzatib turardi.

Kun.uz muxbiri cuhbatlashgan Xamid Ibragimov ushbu «voqeani» to‘liq inkor etib, Axmad 135-son yer-uchastkasi Ibragimova Mamajanga tegishli ekanini bila turib, uy-joy qurganini iddao qildi. 

Xulosa o‘rnida, ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tsak, tuman hokimligi tomonidan asossiz harakatlar amalga oshirilgani rost bo‘lib turibdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ham mazkur ishni sudlar tomonidan ko‘rib chiqishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani e'tirof etib, protest kiritgan. Ammo, Qodir Durdiyev qay vaziyatda uyni «ko‘chirib» qo‘ygani nazardan chetda qolmoqda. Qolaversa, Niyazimbetov Axmadga tegishli uy, garchi u o‘z so‘zlari bilan Xamidning so‘zlariga aldanib qolganini ta'kidlasa ham, o‘zboshimcha qurilish hisoblanadi.

Mavzuga oid