O‘zbekiston | 11:20 / 29.11.2017
21755
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Turkiyalik jurnalistlar Samarqandda

Samarqandga yetib kelgan Turkiyalik jurnalistlar uchun kecha ko‘hna va navqiron shaharning diqqatga sazovor qadimiy joylariga ekskursiya uyushtirildi.

Avvalo ular qadimiy shaharning bosh maydoni — Registonga borishdi. Ularga maydondagi madrasalarning yaratilish tarixi, ularda ishlatilgan yozuvlar va naqshlar haqida so‘zlab berildi. Koshinlarni bezab turgan naqshlarning qay tarzda yaratilishi ustaxonada ko‘rsatib berildi.

«Registon» maydonining ulug‘vorligidan hayratga tushgan «Yyeni birlik» gazetasi muxbiri Musa Alio‘g‘li shunday dedi:

— O‘zbekiston ota yurtimizdir, bu tabarruk zaminda bo‘lish biz uchun yuksak sharaf. Bizni qardoshlardek kutib olishgani va mehmondo‘stlik ko‘rsatilayotgani quvontirmoqda. O‘zbekiston bizga qardosh davlat. Til borasida ham biror qiyinchilik vujudga kelayotgani yo‘q. Hali samolyotda uchib kelayotib, samolyot sahnidagi jurnallarni varaqlab, o‘zbek tilida bitilgan matnni bemalol 70-80 foizini o‘qib tushunishimni angladim. Chunki o‘zbek tili turkiy tillar ichida Turkiya turkchasiga eng yaqin tillardan biri.

Go‘ri Amir maqbarasiga ham sayohat uyushtirildi. Mehmonlarga Amir Temurning turkiy xalqlar tarixida tutgan o‘rni haqida so‘zlab berildi.

— Davlatlarimiz boshqonlarining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu safardan juda ham xursandmiz, — dedi Turkiyaning «Anadolu» axborot agentligi Istanbul bo‘limi boshlig‘i Huseyn Oltinolar. — Bizni Samarqandda yuksak hurmat-ehtirom bilan kutib olishdi, samimiy munosabatlar kayfiyatimizni yanada ko‘tardi. Bu shahardagi tarixiy obidalar haqiqatdan ham juda hayratlanarli ekan. Turkiyada O‘zbekiston haqida bilishadi, lekin bu yurtni ko‘rish, uning go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishning zavqi boshqacha. Men o‘z yurtimga borgach, O‘zbekiston, uning go‘zal shahri Samarqand haqida albatta maqolalar yozaman.

Mehmonlar Shohi Zinda majmuasida bo‘lib, sahoba Qusam ibn Abbos maqbarasini, shuningdek, Abu Mansur Moturudiy maqbarasini ham ziyorat qilishdi.

Kechqurun shahardagi «El merosi» teatrida O‘zbekistonda yashagan tarixiy xalqlarning milloddan avvalgi davrdan toki shu kungacha bo‘lgan milliy liboslari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Teatr rahbari Yusuf Abdullayev xorijiy mehmonlarni qutlab, teatr faoliyati bilan tanishtirdi. Qayd etish kerak, shu kuni Afg‘onistonda baynalmilallik burchini o‘tagan faxriylarning ham respublika uchrashuvi tashkillashtirilgan ekan. Yu.Abdullayev Afg‘onistondagi faoliyati haqida ham qisqacha so‘zlab berdi hamda bugungi tinch va osoyishta kunlar qadri haqida gapirib, ikki qardosh turkiy xalqlar orasidagi do‘stlik va hamkorlikning yanada ravnaq topishiga ishonch bildirdi.

Turkiyalik jurnalistlar bugun Buxoro shahridagi osori-atiqalar bilan tanishtiriladi. Ular bugun kechqurun yana Samarqandga qaytib kelishadi. Ertaga Samarqandda yana ekskursiya hamda matbuot anjumani tashkillashtiriladi. So‘ngra hamkasblarimiz Samarqand – Istanbul reysi bilan Turkiyaga uchib ketishadi.

 

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ muxbiri.

Mavzuga oid