Jamiyat | 19:00 / 07.12.2017
31490
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportining pandusi va eskalatori haqida hikoya

Aeroport — mamlakatning ostonasi hisoblanadi. Umuman, poytaxtimiz Toshkentda ham, turistik markazlarimiz hisoblanmish Samarqandu Buxoroda ham aeroportlarda xizmatni risoladagidek yo‘lga qo‘yish, ishlarni zamonaviy asosda tashkil etishga yurtimizda davlat rahbari va hukumat darajasida e'tibor berilmoqda.

Toshkent xalqaro aeroportining xalqaro yo‘nalishlar uchun yangi terminali janubiy koreyalik hamkorlar bilan qurib, foydalanishga topshirilishi haqida xabarlar berilgan edi.

Ushbu hikoyamiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining ayni paytda xorijiy aviaqatnovlar orqali jo‘nab ketuvchi aviayo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi bosh terminali haqida.

Hech aeroportga ishingiz tushganmi? Ko‘p uzoqqa bormaylik, yon qo‘shnilarimiz bo‘lmish Bishkek, Almati va Astana kabi shaharlarda ham aeroport binosiga kirishdan avval ikkinchi qavatga eltuvchi pandusga taksi yoki mashinalarda chiqib borasiz va terminal binosi eshigi oldida tushasiz.

Shunday pandus Toshkent xalqaro aeroportida ham bor, lekin u yerga uzoq yillardan beri avtomobil chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Toshkent xalqaro aeroportiga yo‘l olgan kishi Aeroport binosining berirog‘idagi militsiya punkti orqali o‘tkaziladi. Kuzatib kelayotganlar shu yerda qolishlari kerak. Keyin picha yurib, eskalator orqali ikkinchi qavatga ko‘tarilishardi.

Ana shu eskalator ishlamayotganiga bir oydan oshgan. Uning qanday topilmas matohi ishdan chiqqan ekanki, 1 oydan beri ishlatilmay, yo‘lovchilarga qiyinchilik tug‘dirib yotibdi.

Bu haqda ikki hafta avval ijtimoiy tarmoqlarda ham fotolari bilan e'tirozlar tarqalgan edi. «Xalqaro ahamiyatdagi O‘zbekistonning birinchi raqamli aeroporti, texnika-da, buzilgan bo‘lsa to‘g‘irlab qo‘yishgandir», deb o‘sha vaqti muammoga ko‘p ham e'tibor berganimiz yo‘q.

Qarangki, bugun tahririyatimiz xodimlaridan biri erta tongda volidasini xorijga kuzata turib, vaziyat hamon o‘sha-o‘shaligicha ekanligiga guvoh bo‘lib qaytibdi.

Aytaylik, qariya yoshdagi kishi uchib ketayotgan bo‘lsa, sumkasi og‘ir yoki unga og‘ir yuk ko‘tarish mumkin bo‘lmasa u qanday yo‘l tutishi kerak shu sharoitda? Zinadan inqillab-sinqillab ikkinchi qavatga chiqib oladimi? Yosh bolali, bir qo‘lida bola, bir qo‘lida kolyaska, yana yuki bo‘lgan onalar-chi?

O‘zi Toshkent aeroportiga uchib kelgandagi ahvol butun dunyoga doston bo‘lishga ulgurgan. Haliyam keyingi paytlar pasport nazorati oldida tartib vujudga kelib, vaziyat birmuncha yaxshilangan.

Yurtimizda turizmni rivojlantiraylik, deb jon koyitib yotibdi hamma. O‘zbekistonga kelib, aylanib ketayotgan xorijiy sayyohlar oldida nima degan odam bo‘lamiz?! Barcha ijobiy taassurotlar ustiga qalin qizil chiziq tortib yubormaydimi shu holat?

Xitoyning oddiy bir kichik shaharchasidagi aeroportdagi sharoitlar ham bizning bosh aeroportimizdagidan chandon yaxshi, tan olish kerak.

Oddiy misol: mayli, tanish-notanish shaxsiy avtomashinalar aeroportning ikkinchi qavatiga chiqarilmasin, xavfsizlik degan masalalar ham bor, rozimiz. Lekin hech bo‘lmasa Toshkent xalqaro aeroporti o‘z «aeroport-taksi» xizmatini yo‘lga qo‘yib, yo‘lovchilarga uni telefon yoki mobil ilovalar orqali buyurtma qilish imkonini yaratib, pandus orqali ikkinchi qavatgacha chiqib borish xizmatini yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi-ku?! Tashqarida XXI asr axir, mutasaddilar?!

Agar buning mutlaqo iloji bo‘lmasa, iltimos, eskalatorni to‘g‘irlab qo‘yishsin. Xalq qiynalayapti!

P.S. Prezidentimiz boshchiligida barcha sohada keng qamrovli islohotlar boshlanib, O‘zbekiston dunyoga quchoq ochaman, deb turganida men eskalator haqida hikoya yozib o‘tiribman. Ajoyib, a?

Sh.Shokirjonov.

Mavzuga oid