Jamiyat | 15:15 / 22.12.2017
24240
10 daqiqa o‘qiladi

“O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyida yangi kitoblar nashrdan chiqdi (foto)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an'analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma'naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona-Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning qaror va topshiriqlariga muvofiq, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan kitobxonlik madaniyatini oshirish, shuningdek, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning kitob mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kun.uz sayti O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda yuqoridagi vazifalar bajarilishiga hissa qo‘shish maqsadida yangi loyihani yo‘lga qo‘ydi. Bugun saytimizda “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etilgan yangi kitoblarni tanishtirishdan boshlaymiz.

1. Aziz To‘rayev. Biz bilgan va bilmagan hazrati inson.

O‘zbek xalqi millatning faxri, yurtining jasur va fidoyi o‘g‘loni Sharof Rashidovning nomi, sha'nini hamisha qalbida ardoqlab keladi. To‘g‘ri, har bir davrga rahbar bo‘lgan insonlarning faoliyatiga o‘sha zamon siyosati va ruhidan kelib chiqib baho beriladi. Sharof aka sovet davrining rahbari edi. Moskvaning ko‘rsatmalarini bajarishga majbur edi. Lekin u millat baxt-u saodati uchun mardona kurashar, o‘zbekona qadriyatlar-u fazilatlarni o‘zining bunyodkorlik ishlari orqali namoyon etar, o‘lmas asarlari orqali ko‘rsatar edi. Ushbu kitobda O‘zbekiston uchun o‘ta murakkab bo‘lgan sharoitda mamlakatni qariyb chorak asr boshqargan insonning faoliyatiga ayrim chizgilar qanday bo‘lsa, shundayligicha yoritishga harakat qilingan. Unga xolis baho berish esa, bag‘rikeng, donishmand xalqimizning, zukko kitobxonning hukmiga havola...     

2.To‘lqin Hayit. Buyuk salohiyat sohibi.

Ushbu kitobchada  ulug‘ bobomiz Amir Temur hayotining ayrim qirralari sizlar uchun sodda tilda hikoya qilingan. Ularni o‘qib, o‘zingizga kerakli xulosalar chiqarib, eng muhimi, odamiylik birinchi o‘rinda ekanligini  anglab olasiz, degan umiddamiz.

3. Maxtumquli. Saylanma.

Ushbu kitob turkman xalqining ulug‘ shoiri, turkman adabiy tili asoschisi  Maxtumquli-Firog‘iy asarlaridan tanlab tabdil etilgan. Bu xalqchil asarlar turkmanchadan o‘zbekchaga o‘girilish jarayonida iloji boricha asliyatga yaqin ruhda tarjima qilingan.

4. O‘tkir Hoshimov. Sevgi qissalari.

Elimizning atoqli va ardoqli adibi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov ham muhabbat haqida talay hikoya, qissa, romanlar yozgan va ular kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilib kelinmoqda. Bu asarlarda sevgining sehr va quvonchlari, iztirob va armonlari g‘oyat hayotiy, ta'sirchan aks etgan. Ushbu kitobga adibimizning eng hayajonli asarlari jamlangan.

5.  O‘tkir Hoshimov. Hikoyalar

O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning asarlarida Inson qismati bor, Inson dardi, quvonch va iztiroblari bor. O‘zbek hikoyachiligi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adibning mazkur kitobga jamlangan turli yillarda yozilgan eng sara hikoyalari ham kitobxonlarni befarq qoldirmasligi shubhasiz.

6. O‘. Hoshimov. Dunyoning ishlari.

Bu qissa katta-kichik novellalardan iborat. Biroq ularning barchasida eng buyuk inson — ona siymosi bor. Dunyodagi hamma onalar farzandiga munosabat bobida bir-biriga juda o‘xshaydi. Shunday ekan, bu asar aziz Onajonlarga bag‘ishlanadi!

7. O‘. Hoshimov. Hajviy hikoyalar.

Qator asarlari bilan o‘quvchilar mehriga sazovor bo‘lgan iqtidorli adib O‘tkir Hoshimovning qo‘lingizdagi kitobiga yozuvchining eng sara hajviy asarlari jamlangan bo‘lib, ularni o‘qiganda beixtiyor qah-qah otib kulasiz, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Keskin yumor ostiga olingan voqealar g‘oyat hayotiy, ta'sirchan aks etgan. Mazkur hajviyalar kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘qilishi shubhasiz.

8. Tushda kechgan umrlar. O‘tkir Hoshimov

Ushbu asarda afg‘on urushi voqealari, urush qatnashchilarining urushdan keyingi ruhiy kechinmalari asar qahramoni Rustam obrazi orqali yorqin tasvirlab berilgan.

9.  Chingiz Aytmatov. Qissalar.

XX — XXI asr adabiyotining buyuk siymosi Chingiz Aytmatovning "Oq kema", "Birinchi muallim" kabi qissalar jahonning juda ko‘p tillariga tarjima qilindi va eng yuksak mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Muallifning jahon adabiyotining oltin xazinasiga qo‘shilgan ushbu asarlari yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

10. Qayta tug‘ilgan bola. Abdusaid Ko‘chimov.

Iqtidorli adib Abdusaid Ko‘chimovning qo‘lingizdagi kitobiga kiritilgan qissa va hikoyalarning barchasida ana shu go‘zal, sertashvish manzaralar – o‘smirlar ruhiy olamida sodir bo‘lguvchi rivojlanish jarayonlari badiiy talqin qilinadi.

11. Muhammad Yusuf. Elimda alyorim qolur.

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf adabiyotga jiddiy, ijtimoiy she'rlar bilan kirib keldi. Ular o‘zining xalq diliga yaqin, samimiyligi bilan barchaga birdek manzur bo‘ldi, suyukli bo‘ldi. Balki shuning uchundir, hofizlar shoirning birinchi she'rlari matbuotda ko‘rinishi bilan kuyga solib yubordilar. Ushbu to‘plamga shoirning kuyga solingan she'rlarini imkon qadar to‘plab, kiritilgan.

12. Daniel Defo. Robinzon Kruzo.

Ingliz yozuvchisi Daniyel Defo ko‘p kitoblar yozgan, ammo bulardan hech biri "Robinzon ...“ singari muvaffaqiyat qozonmagan. Uning bu kitobi butun dunyoga mashhur bo‘lib ketdi. Biz Robinzonning odamzod mehnatiga bo‘lgan ishonchini, uning to‘siqlarni yengishga bo‘lgan matonatini, uning mardligi va kuchli irodasini qadrlaymiz.

13.  Jonatan Svift. Gulliverning sayohatlari.

Jonatan Sviftning ko‘pgina asarlari irlandiyaliklar tarafidan hurmat va ehtirom bilan qabul qilingan. Ayniqsa, uning "Gulliverning sayohatlari" nomli mashhur fantastik asari keng ommaga tezda tarqaldi. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida sevilib o‘qiladigan mazkur asar juda ko‘p marta ekranlashtirilgan.

14.  Yoxann Volfgang Gyote. Yosh Verterning iztiroblari.

Gyotening ushbu asarida yosh yigit Verterning javobsiz sevgi tufayli chekan iztiroblari aks ettirilgan.

15. R. N. Guntekin. Choliqushi.

Zabardast turk adibi Rashod Nuri Guntekin qalamiga mansub umumturkiy va jahon adabiyotining barkamol asarlaridan biri bo‘lgan "Choliqushi“ romani (taniqli yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi) munis onaxonlarimiz, dilbar opa-singillarimiz, umuman, keng kitobxonlar ommasiga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.

16. Paulo Koelo. Alkimyogar.

«Alkimyogar» romani zamiridagi ushbu hikmat o‘tmishda o‘tgan yoxud rivoyat qahramoni bo‘lgan kimningdir hayotigagina taalluqli emas, bu siz-u biz uchun ham, bizdan keyingilar uchun ham o‘tilajak Yo‘ldir. Balki bugun bu kitobning dunyodagi 120 mamlakatda sevib o‘qilayotgani ham, Paulo Koeloning dunyoning eng mashhur yozuvchisiga aylangani ham bejiz emasdir.

17. Sh. Odilov. «Azbuka dlya malyshey».

Mazkur kitobcha jajji bolajonlarni rus alifbosiga o‘rgatish uchun mo‘ljallangan. Kitobcha juda qiziqarli yozilgan bo‘lib, unda har bir harfning bosma va yozma shakllari berilgan.

18. S. Xo‘jaahmedov. «Quvnoq alifbo».

Alifboni oddiy va quruq yodlatish bilan o‘rgatish, bola uchun zerikarli. Shuning uchun har bir harfga mos she'rlar, topishmoqlar va rasmlar berilishi kitobchaning yanada qiziqarliroq bo‘lishini ta'minlagan.

19. Dunyodagi eng baxtli odam.

Ushbu to‘plamdan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan jahon adabiyotining sara hikoyalari o‘rin olgan. Bolalar o‘zgacha olamda yashaydilar. Ularning quvonch va anduhlari, orzu va armonlari aks etgan hikoyalar o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Katta yoshdagi kitobxonlar ham to‘plamdan o‘zlari uchun qadrli xotiralar topsalar ajab emas.

20. Ertaklar

Ezgulikni, inson baxt-saodatini tarannum etish, ona- Vatanga muhabbat, mehnatsevarlik, yaxshilikning yomonlik, adolatning adolatsizlik ustidan  g‘alaba qilishi g‘oyalari ilgari surilib, beg‘ubor sevgi-muhabbat, tabiatga mehr qo‘yish xislatlari qiziqarli voqealarda bayon  qilinadi.

Mavzuga oid