Jahon | 07:58 / 20.01.2018
31588
2 daqiqa o‘qiladi

Dovul vaqtida samolyotning mohirona qo‘ndirilishi internet ahlini lol qoldirdi (video)

Germaniyaga yopirilgan “Friderike” dovuli vaqtida Dyusseldorf aeroportiga yo‘lovchi samolyotining qo‘ndirilishi internet foydalanuvchilarini ham biroz tashvishlantirdi, ham lol qoldirdi. Ushbu holat videosi YouTube’da joylashtirildi.  

Videoga qoldirilgan izohda ta'kidlanishicha, Bolonyadan kelayotgan Eurowings aviakompaniyasi samolyoti aeroportga kirib kelayotganda shamol tezligi 110 km/soatgacha yetgan. Uchuvchi samolyotni bunday ekstremal sharoitlarda hattoki ikkinchi aylanani bajarmay, bir urinishda qo‘ndira olgan. Videoda samolyot kuchli shamol sababli chayqalayotganini ko‘rish mumkin.    

Videoga qoldirilgan izohlarda foydalanuvchilar uchuvchining mahoratini yuqori baholashgan.

“Uchuvchi oldida shlyapamizni yechamiz”, deb yozgan bir foydalanuvchi.

Yana bir foydalanuvchi “Yaxshi ish. Umid qilamanki, uni taqdirlashadi”, deb fikr bildirgan.

Ba'zi foydalanuvchilar esa rolikni tomosha qilish vaqtida qo‘rquvdan o‘zlarini yomon his qilganlarini tan olishgan.

“Birgina videoning o‘zidan oyoqlarim qaltirab, badanimni muzdek ter bosdi”, deb aytgan bir foydalanuvchi.

“Jin ursin, yo‘q! Men turbulentlikka tushganmanu, biroq bunaqasini ko‘rmaganman. Bu video dahshat”, deb izoh qoldirgan yana bir foydalanuvchi.

18 yanvarda Germaniyada “Friderike” dovuli sababli trevoganing qizil darajasi e'lon qilingandi. Tog‘li hududlarda shamol tezligi 200 km/soatdan ko‘proqqa yetgan. Dovul 200dan ko‘proq temir yo‘l izlariga shikast yetkazgan. Ma'lum qilinishicha, ushbu dovul Germaniyaga 2007 yilda yopirilgan “Kirill” dovulidan keyin kuchliligi bo‘yicha 2-raqamlisi bo‘ldi.

Mavzuga oid