Jahon | 17:10 / 22.01.2018
88385
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda ikki avtobusda bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari qutqarib qolindi

Foto: 31tv.ru

Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan ikki avtobus to‘xtab qoldi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

Ostona – Petropavlovsk trassasida navbatchilik olib borgan politsiya xodimlariga 22 yanvarga o‘tar kechasi Petropavlovsk – Sariog‘och yo‘nalishida qatnovchi Van Hool markali avtobus trassada to‘xtab qolgani haqida xabar kelib tushgan. Ma'lum bo‘lishicha, kuchli sovuq harorat tufayli transport vositasida dizel yoqilg‘isi muzlab qolgan.

Avtobus salonida 43 kishi, jumladan Janubiy-Qozog‘iston viloyatida yashovchi ikki haydovchi hamda yo‘lovchilar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishgan.

"Darhol, voqea joyiga politsiyachilar va qutqaruv xizmati xodimlari yetib keldi. Barcha yo‘lovchilar hamda haydovchilar maxsus isitish punktiga olib ketildi, u Sho‘rtandi tumandagi Bo‘zayg‘ir qishlog‘ida joylashgan o‘quv muassasasi binosida tashkil etildi. Jabrlanuvchilar issiq ovqat va yotoq joyi bilan ta'minlandi", - deya xabar berishgan Oqmo‘la viloyati Ichki ishlar departamenti matbuot xizmatidan.

O‘sha kuni yo‘l-patrul politsiyasi xodimlari Merke – Tyumen yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan "Setra" markali reys avtobusi haydovchilari va yo‘lovchilariga yordam berdi. Bulandi tumani, Makinsk shahri yaqinida avtobusda uzatish qutisi ishdan chiqqan, haydovchi transport vositasini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

"Salonda ikki haydovchi va 55 yo‘lovchi, barchasi Tojikiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan. Avtobus ishdan chiqqani haqida ma'lumot paydo bo‘lgach, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va qutqaruv xizmatlari xodimlari haydovchilar hamda yo‘lovchilarni Makinsk shahriga evakuatsiya qilishdi, u yerda isitish punkti va yotoq joyi tashkil etildi", - deya xabar berishgan politsiyadan.

Yana bir holat esa Ko‘kshetau – Ostona yo‘lida qayd qilindi.

Politsiyachilar ma'lumotiga ko‘ra, salonida 10 yo‘lovchi bo‘lgan "Xyunday stareks" markali avtomashina Ostona tomonga qarab harakatlanib ketayotgan bo‘lgan, biroq sovuq harorat tufayli unda dizel yoqilg‘isi muzlab qolgan.

O‘z vaqtida yetib kelgan politsiyachilar avtomashina yo‘lovchilarini boshqa transportga o‘tkazib yuborishgan. 

Ayni damda Oqmo‘la viloyatida kuchli sovuq harorat sabab jamoat transporti uchun barcha yo‘nalishlarda avtoyo‘llar yopilgan, yo‘l-patrul politsiyasi xodimlari kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda.

Mavzuga oid