Jahon | 21:10 / 13.02.2018
10670
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaning sobiq prezidentining dugonasiga 20 yillik qamoq jazosi berildi

Foto: Reuters

Seul sudi Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Pak Kin Xening yaqin dugonasi Chxve Sun Silga 20 yillik qamoq jazosi berdi. Chxve Sun Sil poraxo‘rlik, tovlamachilik va o‘z vakolatlaridan chetga chiqishda aybdor deb topildi. Bundan tashqari, Silga pora bergani uchun Lotte Group kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Sin Don Bin va sobiq prezidentning yordamchisi An Chjon Bom ham jazolandilar.    

Sud shuningdek Chxve Sun Sil zimmasiga 16,6 mln dollarlik jarima to‘lash majburiyatini qo‘ygan. Prokuratura unga 25 yillik qamoq jazosi va 116 mln dollarlik jarima berilishini so‘ragan. Biroq sud ba'zi holatlarni isbotlanmagan deb topgan.

An Chjon Bomga hokimiyatni suiste'mol qilgani uchun 6 yillik, “Lotte” kompaniyasi rahbari Sin Don Binga Sil jamg‘armasiga 7 mln dollar o‘tkazib bergani uchun 2,5 yillik qamoq jazosi berilgan. Binga shuningdek 7 mln dollarlik jarima solingan.

Chxve Sun Sil bilan bog‘liq yirik korruptsion mojaro Janubiy Koreyada 2016 yil kuzida avj olgan. Aniqlanishicha, sobiq prezidentning yaqin dugonasi o‘z ta'siridan foydalanib, Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalarini u bilan bog‘liq ikkita jamg‘armaga katta miqdorda “xayriya mablag‘lari” o‘tkazishga majbur qilgan. Bu yo‘l bilan jamg‘armalarga 72 mln dollar o‘tkazib berilgan. Tergovning ko‘rsatishicha, Chxve Sun Sil, shuningdek, bir necha yil davomida davlat ishlaridan xabardor bo‘lgan va siyosiy qarorlar qabul qilinishiga aralashgan.

Chxve Sun Silga 2017 yil iyunida qizi tahsil olgan universitetga bosim o‘tkazgani uchun 3 yillik qamoq jazo berilgandi.

Mavzuga oid