O‘zbekiston | 22:06 / 15.02.2018
11831
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Sooronbay Jeenbekov o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi 

Foto: Prezident matbuot xizmati

15 fevralda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari suhbat boshida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan bir-birlarini tabriklashdi.

Suhbat davomida o‘tgan davr ichida ikki qardosh xalq o‘rtasida ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlashga, O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini sezilarli kengaytirishga muvaffaq bo‘lingani ta'kidlab o‘tilgan. 

Davlatlar o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik darajasiga yetgani qayd qilib o‘tilgan.  

2017 yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida oliy darajada uchta tashrif amalga oshirilgan. Ular natijalariga ko‘ra hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi haqidagi va boshqa ko‘plab kelishuvlar imzolangan.

Ikki davlat o‘rtasida tovar aylanmasi ko‘rsatkichlari jadal o‘smoqda, sanoat kooperatsiyasi ko‘lamlari kengaymoqda. Transport kommunikatsiyasi sohasida strategik loyihalar, jumladan “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” yo‘nalishi bo‘yicha avtomobil aloqasi yo‘lga qo‘yilishi va temir yo‘l qurilishi amalga oshirilmoqda.

Suhbat davomida ikki davlat yetakchilari o‘zaro tashriflar vaqtida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligini ta'kidlab o‘tishgan. Shuningdek, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama dolzarb masalalar bo‘yicha fikrlar almashilgan.  

Muloqot so‘ngida Shavkat Mirziyoyev va Sooronbay Jeenbekov ikki davlat va xalq manfaati yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni mustahkamlashga qat'iyatlarini tasdiqlashgan.

Mavzuga oid