O‘zbekistonda «gaz zavodi» yo‘qmi? Sovuqda qolib yordam so‘raganlar yolg‘onchiga chiqarildi
2017 yil dekabr oyida KUN.UZ saytida «Trubada gaz bo‘lsayu, biz sovuqda o‘tirsak?! – Xonqaliklar dardiga kim quloq soladi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan, unda Xorazm viloyati, Xonqa tumani, Sarapayon qishlog‘i, «Paxtagul» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni qiynayotgan muammo bayon etilgandi.
Murojaatda «Paxtagul» mahallasi chetidagi ikki ko‘cha gaz ta'minotidan uzib qo‘yilgani, ayni holatda oldingi ko‘chalarga yetib kelgan gaz bosimi juda yaxshi ekani, fuqarolar bu haqda tegishli tashkilotlarga murojaat qilganida «gaz yetib borishi qiyinligi» tufayli uzib qo‘yilgani haqidagi javob qaytarishgani aytilgan.
Bu maqola yuzasidan, O‘zA saytida «Noxolis axborot tarqatishdan maqsad nima?» sarlavhasi bilan munosabat berildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Rahimova quyidagi ma'lumotlarni aytib o‘tgan.
«Internetdagi barcha xabarlarni asosli va xolis, deb bo‘lmaydi. O‘rganishlar natijasida prokuratura organlari faqat uydirmadan iborat, mish-mishga asoslangan, asossiz va noxolis ma'lumotlarni tarqatish holatlari ham borligini aniqladi.
Masalan, 2017 yil dekabr oyida ayrim veb-saytlarda «Trubada gaz bo‘lsayu, biz sovuqda o‘tirsak?! – Xonqaliklar dardiga kim quloq soladi?» sarlavhali maqola joylashtirilgandi. Unda Xorazm viloyatining Xonqa tumani Paxtagul mahallasidagi ikki ko‘cha gaz ta'minotidan uzib qo‘yilgani, mutasaddi idoralarga yo‘llangan murojaatlar o‘z yechimini topmayotgani qayd etilgan.
Mazkur holatga aniqlik kiritish va aholining ijtimoiy huquqlarini ta'minlash maqsadida Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi. Maqolada keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ma'lum bo‘lishicha, bu mahalla aholisining aksariyati tabiiy gazdan muntazam foydalanadi. Faqat 286 xonadonga tabiiy gaz yetib bormayotgani inobatga olinib, ularga suyultirilgan gaz yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla aholisiga kuz-qish mavsumida foydalanish uchun ko‘mir yoqilg‘isi ham ajratilgan», deyiladi maqolada.
Avvalambor, fuqarolarning internet tarmog‘ida e'lon qilingan murojaatlarining prokuratura tomonidan o‘rganib chiqilishi, e'tiborsiz qoldirilmasligi va xususan Sarapayondagi vaziyat bilan ham shug‘ullanilgani bizni quvontirdi. Buning uchun ulardan minnatdormiz. Umid qilamizki, bundan keyin ham fuqarolar, tashkilotlarning OAVdagi murojaatlari e'tiborsiz qolmaydi.
Ammo, prokuratura xulosasiga ko‘ra, bu maqola «asosli va xolis emas» ekan. U «uydirmadan iborat, mish-mishga asoslangan, asossiz va noxolis. Uni chop etishdan ko‘zda tutilgan maqsad - jamoatchilik fikrini chalg‘itish yoki nima qilib bo‘lsa-da, e'tiborni tortish», ekan.
Afsuski, Bosh prokuratura saytda yoritilgan mavzuda aynan qaysi jihatlar o‘z tasdig‘ini topmaganini keltirmagan. Shuning uchun ham, xatdagi ma'lumotlarning barchasi bilan shug‘illanishga to‘g‘ri keldi. Maqola ham shunga yarasha juda uzun bo‘ldi.
Vaziyatni o‘rganish uchun Xonqa tumani Sarapayon qishlog‘iga tashrif buyurdik. U yerda istiqomat qiluvchi, aynan shu ikki ko‘cha aholisi bilan suhbatlashdik.
Oldindan ogohlantiramiz, maqolada ko‘pchilik suhbatga tortilganlarning ismi-sharifi, fotosuratlarini ko‘rmaysiz. Ba'zi keksa otaxonlardan tashqari, yoshlar, xotin-qizlar, onaxonlar o‘z nomlari oshkor bo‘lishini istamadilar. Hatto, xat bilan murojaat qilgan hamyurtimiz ham bizni kutib olib, voqea joyini ko‘rsatishga zo‘rg‘a rozi bo‘ldi. Ko‘rsatgan zahoti ko‘zdan yo‘qoldi. Bu ahvol sababi keyinroq ma'lum bo‘ldi, suhbatda bo‘lgan otaxonlardan biri shunday deydi: «Ularning oilasi bor, davlat ishida ishlaydiganlari bor, ular o‘z ishidan ajralishdan qo‘rqadi, ta'qibdan va gap eshitishdan qo‘rqadi. Yozuvchi, shikoyatchi degan nom orttirishdan andisha qiladi». Bu gaplar bizni hayron qoldirmadi, bunga tayyor edik.
Endi bevosita murojaatda aytilgan ma'lumotlarga qaytamiz.
«Paxtagul» mahallasi «Urganch - Xonqa» yo‘lining chap qismida joylashgan. Uning yo‘lga yaqin bo‘lgan ko‘chalaridagi uylar gaz bilan ta'minlangan, bosim ham yaxshi. Biroq, mahallaning chekka ikkita ko‘chasi gaz ta'minotidan uzilgan. Bunga sabab sifatida, ularning gaz loyihasi yo‘qligi va gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududda joylashgani aytilgan.
«Paxtagul» mahallasining qush parvozi masofasidan ko‘rinishi (ko‘k chiziq - «Urganch - Xonqa» avtomobil yo‘li, yashil chiziq - gaz bor hudud, qizil chiziq bilan gazdan uzib qo‘yilgan hudud ko‘rsatilgan).
Vaholanki, markaziy yo‘lga yaqin bo‘lgan ko‘chalarda gaz bosimi yaxshi va aholi undan bemalol foydalanib o‘tiribdi.
«Paxtagul» mahallasining markaziy yo‘lga yaqin ko‘chalari gaz bilan ta'minlangan va uning bosimi yuqori.
Gaz ta'minotidan uzib qo‘yilgan birinchi ko‘cha
Aholining o‘z mablag‘lari hisobiga o‘rnatilgan Gaz taqsimlash nuqtasi (GRP) - gaz ta'minotidan uzilgani bois, zanglab yotibdi.
Birinchi savol, agar bu ko‘chalarning gaz loyihasi yo‘q bo‘lsa, u holda yillar davomida qanday qilib ular gazdan foydalanib, uning pulini to‘lab kelgan? Gaz ta'minotidan uzilgan 2015 yilda, fuqarolarning gaz uchun to‘lagan ortiqcha pullari, albatta ularning roziligi bilan, boshqa xonadonlarning hisob-raqamlariga o‘tkazib berilgan yoki gaz idorasi hisob raqamida qolib ketgan.
Ikkinchi savol, gaz bosimi juda yaxshi bo‘lib turgan ko‘cha bilan, gaz ta'minotidan uzilgan ko‘chaning orasidagi masofa 50-60 metrni tashkil qiladi. Gazdan uzilgan ba'zi uylar esa gaz bor uylar bilan shundoq yonma-yon turibdi. Xo‘sh, bu uylarga va ko‘chalarga gaz yetib borishi qiyin deganda nimani tushunish kerak?
Yaqinda shu ko‘chada istiqomat qiluvchi xonadon vakillaridan iborat xotin-qizlar guruhi tuman hokimiyatiga shu masala bo‘yicha murojaat qilishgan. Ularga «O‘zbekistonda poyabzal zavodi bormi? Bor! Moshina zavodi bormi? Bor! Shakar zavodi bormi? Bor! Gaz zavodi bormi? Yo‘q! Unda bizdan nimani istaysizlar?!» ko‘rinishida javob berilgan.
Yana fuqaroning murojaatiga qaytamiz. «Tasavvur qiling, bir ko‘chaning narigi tomonida gazdan bemalol foydalanib, issiq uyda istiqomat qilishmoqda. Bu tomonidagi uylar esa, bir amallab, bir xonani isitib, hamma shu xonaga qamalib o‘tiribdi. Vaholanki, mahallaga yetkazib berilayotgan gazning bosimi juda baland. Nahotki, undan biz ham foydalana olmasak?», deyiladi unda.
«Bir xonani isitib, shu xonaga qamalib o‘tiribmiz» - degan gapni uyida gaz bor odamlar tasavvur qilmasligi mumkin. Biz shu vaziyatga shaxsan guvoh bo‘ldik. Ko‘p xonali uyning bir xonasi ko‘mir, gaz balon yoki tappi yoqib isitiladi. Shu uyda bobo, buvi, er-xotin, yosh bolalar hammasi tiqilib o‘tiradi. Ovqat shu uyda yeyiladi, televizor shu uyda ko‘riladi, hamma shu uyda kiyimlarini yechmasdan uxlaydi. Qo‘l-yuz shu uyda yuviladi. Chunki, uyning boshqa xonalari ko‘chadan ham sovuq bo‘ladi.
To‘rttasi birda - dam olish xonasi, ovqat tayyorlash xonasi, ovqatlanish xonasi va yotoqxona. Boshqa xonalar ko‘chadan ham sovuq.
Er-xotin va bolalar yotoqxonasining ko‘rinishi. 5 nafar odam bir xonada yashaydi, ovqatlanadi va uxlaydi.
Yuvinish haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Ba'zi odamlar qish mavsumida yuvinishdan voz kechadi. Ayniqsa yosh bolalar, chunki ular qattiq shamollab qolishi mumkin. Bolalarni har doim poylab o‘tirish kerak, boshqa xonaga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, chunki qattiq shamollab qolishi mumkin. Kichkina bolali xonadonlar imkon topib, ularni gaz bor bo‘lgan qarindoshlarinikiga «qishlagani» ko‘chirib yuboradi. Imkon topmaganlar qishki kiyimlarini kiydirib, bir xonada olib o‘tiradi.
Bir xonaga qamalib o‘tirgan bolakayning yuz-qo‘llari sovuqdan qizarib ketgan. U uyida ham kechayu-kunduz qishki kiyimlarni yechmaydi.
Ko‘mir, gaz ballon yoki tappi yordamida ikkita, uchta xonani isitib o‘tirganlar bor. Katta xarajat talab qiladigan bu ishni faqat daromadi yuqori bo‘lgan oilalargina qilishga qodir. Ular esa sanoqli.
Uylar keskin sovib ketmasligi uchun, qalin klyonka bilan qoplangan darvoza va eshiklar. Kirish - chiqish uyning orqa tomonidagi kichik eshikdan amalga oshiriladi
Tashqaridagi va ichkaridagi haroratda tafovut borligi tufayli, uylarning devorlari, eshiklari, pechlari nam tortib, sovuqda muzlab qolyapti. Natijada mog‘or va zang bilan qoplanmoqda.
Namdan zang bosgan pechlar, muzlab qolgan eshik
Odamlar gaz bo‘lib qolar degan umidda isitish qozonlari (kotyollarni) asrab qo‘yishibdi. Ba'zilar esa, umidsizlanib, umuman olib tashlagan.
Gaz kelishi umidida zanglab yotgan kotyollar
«Paxtagul» mahallasining eng chekka ko‘chasida ahvol og‘irroq. Bu yer nafaqat gaz, balki ichimlik suvi tarmog‘idan ham uzib qo‘yilgan. Odamlar yer ostidan olinadigan sifatsiz va sho‘r suvni iste'mol qilishga majbur. Vaholanki, bir necha metr masofadan vodoprovod o‘tgan. Shu yerda istiqomat qiluvchi aholi bu masala bo‘yicha tegishli idoralarga bir necha marta murojaat qilishganda, «suvni 2019 yilda ulab beramiz» - degan javobni olishgan.
«Paxtagul» mahallasining chekka ko‘chasi. Bu yerda nafaqat gaz, balki suv ham yo‘q.
Bosh prokuratura ma'lumotiga qaytamiz. «Faqat 286 xonadonga tabiiy gaz yetib bormayotgani inobatga olinib, ularga suyultirilgan gaz yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla aholisiga kuz-qish mavsumida foydalanish uchun ko‘mir yoqilg‘isi ham ajratilgan» - deyiladi unda.
Suyultirilgan gaz bilan ta'minlanish masalasini o‘rgandik. 12 fevral kungi holatga ko‘ra, mahalla aholisiga gaz ballonlar so‘nggi marta 5 yanvar kuni, deyarli bir yarim oy oldin yetkazilgan.
Gaz balonlarni yig‘ib olish va suyultirilgan gazga to‘ldirib berish maxsus daftarchada qayd etib boriladi. Aholi qo‘lidagi daftarchalarda gaz baloni so‘nggi marta 5 yanvar kuni olib kelingani ko‘rinib turibdi.
To‘ldirilgan gaz balonlarining sig‘imi hech kimni qoniqtirmaydi. Ular tezda tugab qoladi. Shundan so‘ng, aholi gaz balonlarni qimmat narxlarda, xususiy gaz quyish shoxobchalaridan to‘ldirib kelishga majbur bo‘ladi.
«14 500 so‘mga to‘ldirilgan gaz balon 13-14 kunga yetadi xolos. Shundan so‘ng, uni gaz quyib beruvchi xususiy shoxobchalardan to‘ldirib kelamiz. Uning narxi qimmatroq, 50-60 ming so‘m atrofida bo‘lsa-da, 2-3 oy foydalanamiz» - deydi nafaqa yoshiga yetib qolgan otaxon O‘runov Hayitboy.
Ovqat tayyorlash, yeyish, hordiq chiqarish uchun mo‘ljallangan xonada gaz balloni turibdi
Ko‘mir ta'minoti aholining eng og‘riqli dardi bo‘lib qolmoqda. Suhbat chog‘ida ko‘mir tarqatuvchilar aholi tomonidan eng «shirin» so‘zlar bilan «siylandi».
Qishki mavsum uchun har bir xonadonga 0,5 tonnadan ko‘mir ajratilgan. Xonadon egalarining ta'kidlashiga ko‘ra, ularga undek mayda, juda sifatsiz ko‘mir tarqatilgan. Uning yonishi va yaxshi issiqlik ajratishi juda qiyin. Vaholanki, yaxshi va sifatli ko‘mir boshqa sotuvchilar tomonidan qo‘lda, qimmat narxlarda pullanmoqda.
Aholiga imtiyozli narxlarda sotilgan ko‘mirning ahvoli. Yonishi va issiqlik ajratishi dargumon bo‘lgan «qora un»
Gaz yo‘qligi, gaz balonlari o‘z vaqtida yetkazilmasligi va sifatsiz ko‘mir tarqatilishi natijasida, nochor oilalar o‘z uyidagi ko‘pyillik mevali va soyali daraxtlarni kesib, o‘tinga ishlatib yuborgan.
Ko‘pyillik daraxtlar kesib, o‘tinga ishlatib yuborilyapti. Bozorda bir arava o‘tin narxi - 100 ming so‘m
«Bahor kelishi bilan mollarning tezagidan tappi tayyorlashni boshlaymiz. Qishgacha biroz yig‘ilib qoladi. Shuni yoqib isinamiz» - deydi fuqarolardan biri.
Molning tezagidan tayyorlanadigan tappi - qish mavsumidagi eng muhim quruq yoqilg‘i
«O‘g‘lim, rahbarlarga yetkazing, ularni kun botarda qishlog‘imizga taklif qilaman, bir kelib vaziyatni o‘rgansinlar» - dedi bir otaxon kulimsirab. Oldiniga uning shamasini tushunmadim, biroq keyinchalik hammasi oydinlashdi.
Kun botarda ko‘pchilik tezak - tappi yoqishni boshlar ekan. Natijada ko‘chalarni sassiq tutun qoplab, odamlarning nafas olishi qiyinlashib, ko‘chada yurishning iloji bo‘lmay qolarkan.
Suhbat chog‘ida, butun umri davomida shu qishloqda mehnat qilgan otaxon Ro‘zmetov Xusinboy yoshlarning, xotin-qizlarning barcha shikoyatlarini tasdiqladi. «Odamlarning bu gaplari hammasi to‘g‘ri. Men shu qishloqda 27 yil mehnat qilganman. 2-guruh nogironiman. Gazga ulanish masalasida ko‘p joylarga murojaat qildik, hammasi befoyda ketdi.
Tekshiruvchilar kelsa, shu kuni yoki ertasiga gaz ballon keladi yoki ko‘mir paydo bo‘ladi. Ketganidan so‘ng esa, bizni unutib yuborishadi. «Ish bitdi, arava loydan o‘tdi» qabilida ish ko‘riladi» - dedi u kuyinib.
Menimcha, keltirilgan misollar va faktlar qisqacha xulosa yasashga yetarli bo‘lsa kerak.
1) «Paxtagul» mahallasining chekkada joylashgan ikkita ko‘chasi gaz loyihasi yo‘qligi va gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududda joylashgani bahonasi bilan gaz ta'minotidan uzib tashlangan. Vaholanki, gaz bor va uning bosimi juda yaxshi. Odamlar trubada gaz bo‘lsa-da, sovuqda o‘tirishibdi (TASDIQLANDI).
2) Gazsiz o‘tirgan aholiga suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazib berilmayapti. Aholi uning miqdoridan norozi. So‘nggi marta «Paxtagul» mahallasiga gaz deyarli 1,5 oy oldin, 5 yanvar kuni tarqatilgan (TASDIQLANDI).
3) «Paxtagul» mahallasi aholisi juda sifatsiz va yaroqsiz ko‘mirdan foydalanmoqda. «Qora un»ni yoqish va u bilan uyni isitish juda samarasiz (TASDIQLANDI).
Ammo, O‘zA saytida e'lon qilingan maqolada aytilganidek, aynan nima «o‘z tasdig‘ini topmagani, uydirma ekani, mish-mishga asoslangan, asossiz va noxolis» ekani bizga qorong‘iligicha qoldi. Xalq dardiga quloq tutish, muammolarini ko‘tarib chiqish, shu orqali, ularni hal qilish yo‘llarini izlash - «jamoatchilik fikrini chalg‘itish yoki nima qilib bo‘lsa-da, e'tiborni tortish», deb baholanishi bizni juda ajablantirdi.
Gaz ta'minotidan uzilgan aholi bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida, ularning uylariga hech kim kelib, vaziyatni jiddiy o‘rganmagani, suhbat qurmagani va muammolarini hal qilishga urinmagani ma'lum bo‘ldi.
«Mulozimlarning kelishiga atab, ikkita uyni atayin isitib, gaz ballon va ko‘mir bilan ta'minlab qo‘yishibdi. Bu uylarning egalari o‘zlariga tegishli odamlar ekan. Rahbarlar kelganida, ular hamma narsa yaxshi, gaz ballon va ko‘mir bilan ta'minlanganmiz, uyimiz issiq deb aytishibdi. Hatto TV orqali namoyish ham qilinibdi. Shu bilan masala bosti-bosti bo‘lib ketibdi», dedi suhbatimizda bo‘lgan onaxonlardan biri alam bilan. Yig‘ilganlarning ko‘pchiligi shunday bo‘lganini tasdiqlashdi...
Ushbu mahalladan qaytar ekanman, aholi bilan bo‘lgan suhbatning yakuni ko‘z oldimda gavdalanaverdi.
«O‘g‘lim, bu gaplar befoyda. Yugurib yelganimiz bilan bizga hech kim gaz bermaydi. O‘z vaqtida gaz ballon ham yetkazmaydi. Sifatli ko‘mirdan ham umidimizni uzganmiz. Bizning holimiz hech kimga qiziq emas. Bu gaplardan hech qanday foyda yo‘q», deya qo‘l siltadi otaxon. Uning ko‘pni ko‘rgan ko‘zlarida qandaydir umidsizlik, armonni his qilgandek bo‘ldim.
Shunda, atrofdagilarning barchasi menga qaradi. To‘g‘risi, uning gaplariga qanday javob qaytarishga ham hayron qoldim. Bo‘g‘zimga bir narsa tiqilgandek bo‘ldi.
«Yo‘q, otaxon! Siz, farzandlaringiz, nabiralaringiz bilan issiq uyda o‘tirasiz. Bu kunlarni ko‘rasiz. Bu xalqni, hamyurtlarimizni hech kim yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Sizning dardingiz bilan yashayotgan, mehnat qilayotgan rahbarlarimiz bor. Unday demang. Bu gaplar va shikoyatlar uchun hech kim sizlarni ta'qib qilmaydi. «Kim yozdi buni?» deb dag‘dag‘a qilmaydi. «Yozuvchi!» deb yuzingizni yerga qaratmaydi. Yozib nimaga erishdingizlar, bizni sharmanda qildingizlar deb do‘q urmaydi», degim keldi. Aytolmadim, indolmadim...
Biz bu maqola orqali ushbu masala bilan shug‘ullanuvchi hukumat vakillari, mutasaddi tashkilotlar hamda bizni yolg‘onchilikda ayblagan nashr bilan nizoga, janjalga bormoqchi, orani ochiq qilish bilan shug‘ullanmoqchi emasmiz. Maqsadimiz - xalqning, hamyurtlarimizning dardi va muammolari o‘z yechimini topishidir.
Sizga bu gaplar balandparvoz tuyuldimi? U holda po‘stkallasini aytamiz. «Paxtagul» mahallasida yashovchi mana shu bolakayning uyi issiq bo‘lishini, insonga munosib tarzda yashashini, qo‘lchalari va yuzlari sovuqdan qotmasligini, qishda ham vaqtida cho‘milib, issiq to‘shakda uxlashini, kasal bo‘lmasdan ulg‘ayishini istaymiz. Chunki, kelajagimiz shularning qo‘lida.
Nurmuhammad Said.
Mavzuga oid
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024