O‘zbekiston | 11:29 / 27.02.2018
24652
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyevning Dushanbega davlat tashrifiga tayyorgarlik Imomali Rahmon nazoratiga olingan

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshiriladi. Ikki tomon qizg‘in tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Tojikistonda tashrifga oid tashkiliy masalalarga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu masala shaxsan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon nazoratiga olingan. Bu haqda Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy O‘zA’ga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli so‘nggi yillarda nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqada katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatida qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. 

«Bir narsani ochiq aytaman, O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi ikki xalq o‘rtasidagi qadim-qadimdan davom etib kelayotgan do‘stlik munosabatlarida yangi sahifa ochadi. O‘zbek bilan tojik ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq. Bizni o‘zaro ajratuvchi jihatlar yo‘q, xalqlarimizni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Ularning tafakkuri, turmush tarzi, e'tiqodi va qarashlari ham mushtarak. Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqadi, albatta. Imzolanadigan hujjatlar xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlash, o‘zaro bordi-keldini kengaytirish imkoniyatlarini yaratadi. Viza rejimini soddalashtirishga intilishlar ham shundan dalolat bermoqda», - deydi elchi.

Elchining ta'kidlashicha, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi so‘nggi bir yilda 80 foiz oshdi. Yaqin ikki yil mobaynida savdo hajmini 500 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. 

Mavzuga oid