Jamiyat | 23:10 / 26.03.2018
41166
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yuridik kolleji sobiq direktori sudda ko‘rsatma berdi

Foto: Gazeta.Uz

26 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida sudlanuvchilar Natalya Temirova (muqaddam Toshkent yuridik kolleji direktori lavozimida ishlagan) va Abdulazizjon Salimjonovga (muqaddam Toshkent yuridik kollejida ish yurituvchi kotib va xodimlar bo‘limi inspektori bo‘lib ishlagan) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sudining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov Kun.uz’ga ma'lum qildi. 

Mazkur jinoiy ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudi sudyasi Bolat Sultonov raisligida hamda xalq maslahatchilari Sanoat Nabiyeva va Dono Islomovadan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda.

Sudlanuvchi N. Temirova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 28 orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish), 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni va boshqalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) va 238-moddasida (yolg‘on guvohlik berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda, sudlanuvchi A. Salimjonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28 orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish) va 28 orqali 209-moddasida (mansab soxtakorligiga ko‘maklashish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar. 

Bugungi sud majlisida sudlanuvchi N. Temirova ayblovning barcha bandlari bo‘yicha o‘z ko‘rsatmalarini berdi.

Sud jarayoni davom etmoqda. Sudning keyingi majlisi 2018 yil 2 aprel kuni soat 15.00 da bo‘ladi.

Mavzuga oid