Sport | 19:39 / 06.04.2018
25134
2 daqiqa o‘qiladi

Konor Makgregorga ayblov e'lon qilindi

Foto: Men's Health

Nyu-York politsiyasi UFC 223 musobaqasi ishtirokchilari ketayotgan avtobusga hujum qilgan MMA jangchisi Konor Makgregorga ayblov e'lon qildi. Bu haqda TMZ nashri xabar bermoqda. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Makgregorga hujum vaqtida amerikalik jangchi Mayk Kezaga jarohat yetkazish, bir kishiga hujum qilish (irlandiyalik uning yuziga bir nechta musht tushirgan) va avtobusga 8 ming dollarlik ziyon yetkazishda ayblanmoqda.

5 apreldan 6 aprelga o‘tar kechasi Makgregor Bruklindagi “Barklays-sentr”ga kirish joyida UFC jangchilari avtobusiga hujum qilib, transport vositasiga qo‘liga tushgan narsani uloqtirgan. Oqibatda MMA’ning ikki jangchisi jarohat olgan. Kezaning yuzi kesilib ketgan, yana bir jangchi Rey Borgning oyna siniqlaridan ko‘ziga shikast yetgan. Makgregor politsiyaga taslim bo‘lgan.  

Voqeani UFC va Nyu-York politsiyasi departamenti tergov qilmoqda.  

Shuningdek, Mutlaq jangchilik chempionati (UFC) Makgregorga tashkilotning tadbirlariga tashrif buyurmaslikni tavsiya qildi. 

“Biz mojaroning ishtirokchilariga UFC tadbirlariga tashrif buyurishni tavsiya qilmaymiz”, deb aytilgan tashkilot bayonotida.

Mavzuga oid