O‘zbekiston | 18:26 / 20.04.2018
16317
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qo‘shni Tojikistonning So‘g‘d viloyati delegatsiyasi qizg‘in kutib olindi

Samarqandda viloyat hokimligi va qo‘shni Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati hamkorligida Biznes forum ish boshlamoqda.

22 aprelga qadar davom etuvchi ushbu forum mobaynida Samarqand va So‘g‘d viloyatlari xalq iste'moli mollari ishlab chiqaruvchilarining ko‘rgazma-yarmarkasi faoliyat ko‘rsatadi. Registon Plaza mehmonxonasida biznes-forum o‘tkaziladi. So‘ngra erishilgan kelishuvlar va memorandumlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu anjumanda qatnashish uchun Tojikistondan ommaviy axborot vositalari xodimlari, madaniyat sohasi vakillari, sportchilar va ishbilarmonlar yetib kelishdi.

Kecha «Yuqori nuqta» yo‘l patrul xizmati maskanida so‘g‘dlik ishbilarmonlar va «Xo‘jand» futbol klubini viloyat hokimi o‘rinbosari R. Qobilov kutib olgan edi.

Bugun «Jartepa – Sarazm» chegara nazorat punktida Tojikistonning So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda boshliq delegatsiya a'zolarini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev ishtirok etdi.

Mehmonlar chegarada non-tuz bilan kutib olingach, Qur'on tilovat qilindi, samarqandlik san'atkorlar ishtirokida qisqacha chiqish qilindi.

Mehmonlar bugun konsert dasturi hamda «Dinamo» va «Xo‘jand» futbol jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvini tomosha qilishadi. Tadbirning asosiy voqealari 21 va 22 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid