Jahon | 20:10 / 02.05.2018
6512
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikistondagi "O‘ztreyd" kompaniyasi nimalar bilan shug‘ullanadi?

2017 yilning noyabrida "O‘ztreyd" kompaniyasi Dushanbeda birinchi marta o‘z vakolatxonasini ochdi. "O‘ztreyd Tojikiston" savdo uyi nima bilan shug‘ullanishi va uning O‘zbekiston hamda Tojikiston o‘rtasidagi savdo munosabatlari rivojida qanday rol o‘ynashi haqida vakolatxona direktori Azizbek Yoqubov AsiaPlus'ga so‘zlab berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, "O‘ztreyd" aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi huzuridagi tijorat tashkiloti hisoblanadi. Kompaniyaning asosiy vazifasi ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash orqali eksport salohiyatini kengaytirish hisoblanadi. 

Foto: Asia-Plus

Bugungi kunga kelib "O‘ztreyd" bug‘doy, to‘qimachilik mahsulotlari, elektrotexnika va kabel mahsulotlari, qurilish materiallari, maishiy kimyo va boshqalar bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonalarga yordam beradi. 

Shuningdek kompaniya xomashyo mahsuloti, mis eksporti hamda uni qayta ishlash mahsulotlari, noyob yer va qimmatbaho metallar eksporti bilan shug‘ullanadi. 

"O‘ztreyd" kompaniyasi dunyoning 16 mamlakatida o‘z faoliyatini yuritadi. Rossiya, Hindiston, AQSh, Qozog‘iston va boshqalar shular jumlasidandir. 

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlardagi ijobiy o‘zgarishlar ikki mamlakatdagi ko‘p biznes-tuzilmalarga hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini yaratdi. "O‘ztreyd Tojikiston" savdo uyining ochilishi shunday misollardan biridir. 

Azizbek Yoqubovning aytishicha, so‘nggi yilda ikki mamlakat munosabatlarida katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida iqtisodiyot va savdo sohasida erishilgan kelishuvlar ko‘plab biznes kompaniyalarga qo‘shni mamlakatda o‘z faoliyatini boshlash va rivojlantirish imkonini berdi. Bu masalada "O‘ztreyd Tojikiston" nafaqat O‘zbekiston mahsulotini Tojikistonda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi, balki tojikistonlik ishbilarmonlarga O‘zbekistondagi kompaniyalar bilan hamkorlikda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga ham yordam beradi. 

"Bizning savdo uyimiz tojikistonlik xaridorlar va ishbilarmonlarni o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning keng assortimentdagi tovarlari bilan tanishtiradi. Biz ularni ishlab chiqaruvchining o‘zi bilan ham tanishtiramiz, marketing va axborot-konsalting xizmatlarini ko‘rsatamiz, shu bilan birga eksport shartnomalarini moliyalashtirishga doir samarali sxemalarni ishlab chiqishga yordam beramiz. Kompaniyamiz endigina ish boshlayotgan tadbirkorlarni ham, anchadan beri bu ish bilan shug‘ullanayotgan ishbilarmonlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi", - deydi u.

Foto: Asia-Plus

"O‘ztreyd" tomonidan mazkur savdo uyi bilan 2,6 million dollarlik tayyor mahsulot yetkazib berishga doir eksport shartnomalari imzolangan.

Umumiy hisobda, eksport nomenklaturasini 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar tashkil qiladi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid