O‘zbekiston | 23:49 / 05.05.2018
33289
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident huzuridagi Maslahat kengashiga kim raisi bo‘lishi ma'lum

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi​ga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidov rais etib tayinlanishi kutilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi mutasaddi vakilining ma'lumotiga tayangan holda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

5 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Adliya axboroti” nomli brifing tashkil etildi. Bunday brifing o‘z formatiga ko‘ra vazirlik tomonidan ilk bor o‘tkazildi.​ Brifingda hafta davomida qabul qilingan muhim qonun hujjatlari haqida ma'lumotlar berildi.​

Tadbir ma'lum qilinishicha, yangi tuzilajak Maslahat Kengashiga Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi, deputat Akmal Saidov rais etib tayinlanishi kutilmoqda. Shuningdek, kengash tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, davlat maslahatchilari, NNT rahbarlari ham kiritilishi mumkinligi aytilmoqda.

Mazkur kengash kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra tuzildi. Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha Maslahat kengashi tashkil etilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid