O‘zbekiston | 23:12 / 29.05.2018
44839
3 daqiqa o‘qiladi

Orol - o‘tmishda qolgan dengiz: muammolar va istiqbol

Qachonlardir Orolbo‘yi yoki Orol dengizi deb atalganda, o‘z nomiga mos viqor bilan mehmonlarni o‘ziga jalb etgan suv havzasi haqida hech qanday ijobiy xotiralarim mavjud emas. Esimni tanibmanki, u haqda faqat vahimali, ba'zan u yoki bu sayyohlarning kelib qolgani haqidagi xabarlarni o‘qiyman. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, 1964 yili Orolning maydoni 68,9 ming km kv. bo‘lgan, undagi suv hajmi esa 1083 km kubdan oshgandi. Har yili Oroldan 30-35 ming tonna baliq olingan, unda 38 turdagi baliqlar yashagan. Eng muhimi, shu raqamlar butun O‘zbekistonning 80 foiz baliqchilik sanoatini tashkil etgandi. 

1960 yillar oxiridan bunday tabiat mo‘jizasi quriy boshladi, uning yer maydoni sho‘rlashdi. Oroldagi suv hajmi 15 barobar, dengiz sathi 29 metrga qisqardi. Ayni paytda Oroldagi bir litr suv tarkibida 150-300 grammgacha tuz mavjud. Okeandagi sho‘r suvda (18-24 gr.) ham bunday emas, aslida.

Baliqlardan biror tur ham saqlanib qolmadi. Orolbo‘yida yashagan Osiyo gepardi, Kaspiy yo‘lbarsi, Ustyurt qulonlarining so‘nggi vakillari jon berdi. Yo‘qolib ketish xavfida bo‘lgan o‘simlik va hayvonlar ro‘yxatini hali uzoq davom ettirish mumkin. 

Endi har yili 100 million tonnagacha tuz-qum bo‘roni havoga ko‘tariladi. Og‘riqli dardning "elchisi" deyarli 400 kmgacha uchib boradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida surunkali bronxit bilan kasallangan kishilar har 100 ming nafardan 2010 yili 521 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu son 2016 yili 1046 taga oshdi. 

Umuman sanoatga yetgan zarar 40 million, ishlab chiqarish sohasidagi zarar esa 99 million dollardan ortiqqa baholanadi. 

Orolning qon tomiri - Amudaryo va Sirdaryo havzasidan foydalanish muammosiga muqobil yechim bo‘la oladi. Amudaryo resurslaridan O‘zbekiston tomoni 4 foiz, Sirdaryodan esa 6 foiz foydalanadi. O‘z o‘rnida Tojikiston Amu suvlarining 39 foizi, Qirg‘iziston Sirdaryo boyliklaridan 23 foizini tasarruf etadi. 

Biz yoshligimizdan ko‘rib, eshitib, o‘qib kelgan "vahima" aslida haqiqatga yaqin muammo ekanini guvohi bo‘lgandirmiz. Zero, tuz-qum bo‘roni to‘zg‘igan osmonda odamlar ham, hayvonot ham uzoq yasholmasdi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid