O‘zbekiston | 21:13 / 29.05.2018
7971
7 daqiqa o‘qiladi

Prezident tashabbusi bilan ochilgan Ilg‘or texnologiyalar markazi KUN.UZ nigohida 

2018 yilning 19 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Ilg‘or texnologiyalar markazini tashkil qilish to‘g‘risida"gi 3674-sonli qarorini imzoladi. Unda ilmiy va innovatsion faoliyatning rivojlanishini faollashtirish, fan, ta'lim va ishlab-chiqarishning yanada keng integratsiyasini ta'minlash, yangi bilimlarni yaratish va ko‘llash, ilg‘or innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni ishlab-chiqish va joriy etishda ilmiy-innovatsion salohiyatdan va ilmiy laboratoriya bazasidan samarali foydalanish bo‘yicha sharoitlar yaratish vazifasi belgilab berildi. 

Ilg‘or texnologiyalar markazi O‘zbekistonning ommaviy axborot vositalari vakillarini o‘z faoliyati bilan yaqindan tanishishga taklif qildi. Jurnalistlar shu kuni o‘zlarini olim sifatida sinab ko‘rishdi, bunda ularga markazning yosh olimlari ko‘mak berishdi. OAV vakillarini Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori, biologiya fanlari doktori Shaxlo Turdiqulova kutib oldi va markaz faoliyatiga doir taqdimot o‘tkazdi.  


Jurnalistlar ko‘pchilik bo‘lgani uchun bizni to‘rt guruhga ajratishdi va har bir guruh markaz xodimi yetakchiligida turli laboratoriya stansiyalariga navbatma-navbat "sayohat qildi". Ular guruh-guruh bo‘lib "Biotexnologiya", "Mikrobiologiya", "Biofizika", "Lazer" stansiyalarida bo‘lishdi. 

Birinchi stansiyada jurnalistlar oksidativ stress darajasini aniqlash uchun qon tahlili topshirishdi. "Oksidativ stress organizmning har qanday ta'sirga javobi hisoblanadi. Kuyish, insult, yurak xuruji, onkologik kasalliklar qo‘shni organlarga ham salbiy ta'sir ko‘rsata boshlaydi. Bu evolyutsion jarayondir", - deya izoh beradi olimlardan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, organizmda mavjud har qanday modda, ro‘y berayotgan har qanday jarayon muayyan mazmunga ega.

Stress darajasi bo‘yicha tadqiqot javoblari markaz bo‘ylab sayohatimiz tugashiga tayyor bo‘ldi va har bir guruhga javoblar tushirilgan qog‘ozlar tarqatildi. Ta'kidlash joizki, aksariyat OAV vakillarida bu ko‘rsatkich me'yordan yuqori chiqdi. 

Biotexnologiya stansiyasida og‘iz bo‘shlig‘idan tahlillar olinib, uning mikroflorasi o‘rganildi va bu jarayonda jurnalistlarning o‘zlari ham ishtirok etishdi. 

Olimlar maxsus qurilma va jarayonlar yordamida mikroflorada ham ijobiy, ham salbiy bakteriyalar borligini ko‘rsatishdi va bu tabiiy holat ekanini tushuntirishdi.

Albatta, salbiy bakteriyalarning me'yordan yuqori bo‘lishi insonning shifokorga murojaat qilish vaqti kelganiga ishora ekani aytildi.

Keyingi stansiyada aviatsiya, avtosanoat, kimyo sanoati, energetika yo‘nalishidagi tadqiqotlar olib borishi ma'lum qilindi. Bu laboratoriyada qattiq metallardan biri lazer yordamida uch nuqtadan teshildi, biroq buni "qurollanmagan" ko‘z bilan ko‘rishning iloji bo‘lmadi (bizning nazarimizda temir qanday bo‘lsa, shundayligicha qolgandek edi, go‘yo). Bu darchalarni maxsus skanerlovchi mikroskopda ko‘rib o‘rganish uchun keyingi xonaga taklif qilishdi. 


Bizga yo‘qdek ko‘ringan teshiklar skanerlovchi mikroskopda yaqqol ko‘rinib turardi. 

"Germaniya kompaniyasining yangi qurilmasi turli materiallarning mikrotuzilmasini o‘rganishga mo‘ljallangan. U oddiy optik mikroskoplarimizdan farq qiladi. Biz unda yorug‘lik nuri yordamida kattalashtirilgan tasvirga ega bo‘lamiz. Optik mikroskop yordamida materiallarni 1000 marta kattalashtirib ko‘rishimiz mumkin. Yangi mikroskopda esa ularni 25 000-30 000 karra kattalashtirib o‘rganish imkoni bo‘ladi", - deydi olim. 

Bu mikroskopga talab birinchi navbatda tog‘-metallurgiya kombinati ishlab chiqaruvchilari, Fanlar akademiyasi instituti, Artel va boshqa xususiy kompaniyalardan kelib tushadi. 

Darvoqe, darcha ko‘ramiz deb mikroskop ostida tushunarsiz  tasvirga ko‘zimiz tushdi. Ma'lum bo‘lishicha, bu oddiy changning mikroskop ostidagi ko‘rinishi ekan.

Navbatdagi tadqiqotimiz topshirilgan qondan DNKni ajratib, uning tahlili asosida insonning gipertoniyaga genetik moyil yoki moyil emasligini aniqlashdan iborat bo‘ldi, ya'ni ushbu tadqiqot davomida ACE geni tahlil qilindi. ACE geni qon bosimi va organizmning suv-tuz almashinuvini tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi. 

Bu laboratoriyada har bir jurnalist yosh olimlar yordamida o‘z DNKsi bilan o‘zi ishladi. Bunda avtopipetka, sentrifuga kabilar bilan ishlandi. Yarim soat deganda qondan DNKni ajratishga muvaffaq bo‘ldik. Javoblarni pochta orqali yo‘llashga va'da berishdi. Nazarimda, eng qiziq tadqiqot shu yerda bo‘ldi (har holda, shaxsan men uchun shunday). 

Tadqiqot so‘nggida barcha jurnalistlar tabiat qo‘yniga seysmorazvedkaga yo‘l oldik. Bu yerda seysmik faollik imitatsiya qilindi. 

Jurnalistlar uchun bunday tadqiqotlarda ishtirok etish va jarayonni shaxsan kuzatish juda qiziq bo‘ldi. Aksariyat bu ularning faoliyatidagi eng qiziqarli tur bo‘lganini ta'kidladi.

O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish, olimlar faoliyatiga qulaylik yaratish, yosh olimlarga yangidan-yangi ixtirolar uchun yo‘l ochilayotganiga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lib quvondik, to‘g‘risi. Ularning har biri o‘z ishini juda yaxshi ko‘rishi biz uchun tushunarsiz va murakkabdek tuyulgan jarayonlarni mehr bilan berilib tushuntirishlaridan ayon. Ilg‘or texnika markazi xodimlarining aytishlaricha, u yerdagi ba'zi texnik qurilmalar O‘zbekistonda yagona hisoblanar ekan. Shunday ekan, Ilg‘or texnika markazi olimlaridan O‘zbekiston rivoji yo‘lida xizmat qiladigan yangidan-yangi ixtirolar va kashfiyotlarni kutib qolamiz. 


Lola Rahmonboyeva
Kun.uz

Mavzuga oid