O‘zbekiston | 00:59 / 01.06.2018
12376
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatchilar o‘rtasida Chimyon cho‘qqisiga tezkor chiqish bo‘yicha chempionat o‘tkazildi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tog‘ tayyorgarligi markazida Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirliklar, Mudofaa vazirligi harbiy okrug va oliy harbiy ta'lim muassasalari harbiy xizmatchilari o‘rtasida dengiz sathidan 3309 metr balandlikda bo‘lgan katta Chimyon cho‘qqisiga tezkor chiqish bo‘yicha chempionat o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Musobaqa qatnashchilari Chimyon tog‘ etagidagi maydondan boshlab, tog‘ning g‘arbiy qirrasi, Beldirsoy, Cho‘ponlar dovoni hamda yo‘nalishdagi g‘or bo‘ylab (mustaqillik himoyachisi, O‘zbekistonda harbiy alpinizmni rivojiga munosib hissa qo‘shgan “Jasorat” medali sohibi leytenant Sayyor Sadinov (marhum) yodgorligi o‘rnatilgan) Chimyon tog‘i cho‘qqisigacha bo‘lgan qoyali va qorli hududlardan o‘tishdi. Har bir jamoada ikki harbiy xizmatchi ishtirok etdi. Ular 6 km.dan ziyod masofa (piyoda yurganda ikki kunlik mashaqqatli yo‘l)ni qisqa fursatlarda bosib o‘tib, yuqori natija qayd etishdi. 

Katta Chimyon tog‘ cho‘qqisiga birinchilardan bo‘lib, 1 soatu 24 daqiqada Mudofaa vazirligi tog‘ tayyorgarligi markazi vakillari Sh. Botirov va Sh. O‘rozboyev ko‘tarildi. Shundan so‘ng Surxondaryo viloyatidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari J. Mirzaraimov, U. Musurmonqulov 1 soatu 52 daqiqada ikkinchi, Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari O. Qo‘ldoshev va I. Abdullayev esa 2 soatu 4 daqiqada marra chizig‘ini bosib, uchinchi pog‘onadan joy olishdi.

Chempionatda Sharqiy harbiy okrug va Favqulodda vaziyatlar vazirligi 4 va 5 pog‘onalarni band etishdi.

G‘olib va sovrindorlarga Mudofaa vazirligi nomidan kubok va faxriy yorliqlar topshirildi.

 

Mavzuga oid