Jamiyat | 18:35 / 03.06.2018
104902
3 daqiqa o‘qiladi

Velosipedda harakatlanish qoidalarini  bilasizmi?

Foto: Pixabay

3 iyun Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan "Butunjahon velosiped kuni” deb belgilangan. Qonunchilikka muvofiq, velosiped odam kuchi bilan harakatlantiriladigan (nogironlar aravachasidan tashqari) ikki yoki undan ortiq g‘ildirakli transport vositasidir. Yo‘lda velosiped haydab o‘tish 14 yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslarga ruxsat etiladi. "Huquqiy axborot" matbuot xizmati yo‘llarda velosipedda harakatlanishga qo‘yilgan talablarni yodga soldi.

Velosipedlar yo‘lning chekkasida imkon qadar o‘ng tomondan bir qator bo‘lib harakatlanishi kerak. Agar piyodalarga xalaqit bermasa, yo‘l yoqasidan harakatlanishga ham ruxsat etiladi.

Yo‘lning qatnov qismida harakatlanishda velosipedchilar jamlanmasi yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlaydigan hamda ularni quvib o‘tishni osonlashtiradigan guruhlarga bo‘linishi lozim.

Velosiped tovushli ishora moslamasi bilan jihozlangan va tormoz tizimi soz bo‘lishi zarur. Qorong‘u vaqtda harakatlanish uchun velosipedning old tomoniga - oq rangli nur qaytargich va chiroq, orqa tomoniga - qizil rangli nur qaytargich va chiroq, yon tomonlariga esa zarg‘aldoq yoki qizil rangli nur qaytargich o‘rnatilishi kerak.

Velosiped haydovchilariga quyidagilar taqiqlanadi:

  • rulni bir qo‘lda ushlab harakatlanish;
  • yo‘lovchi tashish (ishonchli oyoq qo‘ygich bilan jihozlangan qo‘shimcha o‘rindiqda 7 yoshgacha bo‘lgan yo‘lovchini tashish bundan mustasno);
  • gabaritdan bo‘yiga va eniga 0,5 metrdan ortiq chiqib turgan yoki boshqarishga xalaqit beradigan yuklarni tashish;
  • velosiped yo‘lkasi bo‘lgan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanish;
  • tramvaylar harakatlanadigan yo‘llarda va tegishli yo‘nalishda yo‘nalishlari bittadan ko‘p bo‘lgan yo‘llarda chapga burilish yoki qayrilib olish.

Velosiped haydovchilarining yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya qilmasligi — eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid