O‘zbekiston | 11:47 / 11.06.2018
29359
7 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyevning Xitoydagi uchrashuvlari: investitsiya loyihalari, transport kommunikatsiyalari, tibbiyot va turizm

Xitoyning Tsingdao shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorligi tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun borgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Afg‘oniston rahbarlari bilan uchrashdi.

Rossiya

Shavkat Mirziyoyev Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan suhbati boshida uni Rossiya prezidentligiga qayta saylangani bilan yana bir bor tabriklab, Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas yo‘nalishi ekanini ta'kidladi.

«Bir yilda o‘zaro 70ta delegatsiya tashrifi amalga oshirilgani, 21 marta hududlararo uchrashuvlar o‘tkazilgani aloqalarning bugungi sur'ati va miqyosidan dalolat beradi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan ziyod o‘sgan. Hali oldinda yana yirik loyihalarimiz ko‘p», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Rossiya prezidenti davlat rahbari bilan uchrashuvdan mamnunligini ta'kidlab, mamlakatlar hamkorligida ko‘plab samarali loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi: «O‘tgan yili Rossiyaga tashrifingizdan keyin hammasi ijobiy tomonga o‘zgardi. Sizning tashabbusingiz bilan chegaralardan o‘tishda «yashil yo‘lak» tashkil etilgani natijasida O‘zbekiston meva-sabzavotlarini yetkazib berish qariyb 36 foizga oshdi. Rossiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda», dedi Vladimir Putin.

Xitoy

Shavkat Mirziyoyev  Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin bilan uchrashdi. Si Tszinpin Shavkat Mirziyoyevni Xitoyga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli strategik sheriklik va ko‘p formatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratishini ta'kidladi. 

O‘zbekiston bilan Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha muhim sohalarni qamrab olgan va izchil rivojlanib bormoqda. 2017 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgan.

Mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokida 700dan ziyod korxona, qator kompaniyalar vakolatxonalari ochilgan. O‘zaro hamkorlikda sanoat, yuqori texnologiyalar, neft-gaz, kimyo, transport va logistika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligining bugungi holati atroflicha tahlil qilindi. Iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, yuqori texnologiyalar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Buning uchun ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi alohida qayd etildi.

Pokiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tsingdao shahrida Pokiston Islom Respublikasi prezidenti Mamnun Husayn bilan uchrashuv o‘tkazdi va uni Pokistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo bo‘lgani bilan tabriklab, bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lishini ta'kidladi.

Uchrashuvda savdo, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Afg‘oniston

Shavkat Mirziyoyev Tsingdao shahrida Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan ham muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv asnosida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi qardosh va qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik barqaror bo‘lishidan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

«Joriy yil Toshkentda o‘tgan konferensiyadan keyin butun dunyoda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha katta harakatlar boshlangani mamnuniyat bag‘ishlaydi. Barcha tushunyaptiki, buning yakkayu yagona yo‘li muloqot. Ushbu uchrashuvimiz shu borada fikr almashish, mamlakatlarimiz uchun muhim masalalarni muhokama qilish uchun ayni muddaodir», dedi davlatimiz rahbari.

Ashraf G‘ani ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot keyingi paytlarda jadal faollashganini qayd etdi: «Afg‘onistonda muhim iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. 2002 yildan buyon Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Surxon – Puli – Xumri yangi elektr tarmog‘ining ishga tushirilishi natijasida bu quvvat yanada ortadi.

Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘lini Hirotgacha davom ettirish yana bir istiqbolli loyihadir. Bu Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash uchun katta hissa qo‘shib, mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi».

Hindiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev ShHTning Tsindao sammiti doirasida Hindiston Respublikasi bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari Hindiston xalqini Shanxay hamkorlik tashkilotiga to‘la a'zo bo‘lgani, ShHT davlat rahbarlari uchrashuvida yangi maqomda qatnashayotgani munosabati bilan tabrikladi. 

Narendra Modi O‘zbekiston Hindistonning ShHTga a'zolikka qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy, innovatsiya va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, turizm kabi yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

BMT

Shavkat Mirziyoyev Tsingdao shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammadni qabul qildi.

Davlat rahbari keyingi ikki yilda O‘zbekiston va BMT hamkorligi faol tus olgani, amaliy natijalar bilan boyiganini ta'kidladi. BMTning nufuzli delegatsiyalari mamlakatda bo‘lgani, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan amaliy chora-tadbirlar rejasi izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Amina Muhammad O‘zbekiston prezidentining BMT Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi ishtirokini yodga oldi. Mamlakat tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistonni qayta tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Toshkentda o‘tgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi xalqaro konferensiya bu masalaga jahon hamjamiyati e'tiborini tortgani qayd etildi.

Mavzuga oid