Sport | 16:18 / 16.06.2018
23989
2 daqiqa o‘qiladi

Fazliddin G‘oibnazarov: «Raqibning statistikasi meni qo‘rqitayotgani yo‘q»

Foto: boxingscene.com

Olimpiya o‘yinlari chempioni, bugungi kunda professional ringda faoliyatini davom ettirayotgan Fazliddin G‘oibnazarov navbatdagi jangini 14 iyul kuni AQShda o‘tkazishi xabar berilgandi. 

«Lakefront» arenasi mezbonlik qiladigan jang oqshomida hamyurtimiz amerikalik Kevin Jonsonga qarshi ringga ko‘tariladi.

Statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Fazliddin hozirgacha professional boksda 4ta jang o‘tkazib ularning barchasida g‘alaba qozongan (2tasi nokaut bilan). Raqib ham o‘tkazgan barcha jangini o‘z foydasiga hal qila olgan. (5ta jang, 4tasi nokaut).

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati bokschi bilan bog‘lanib, uning jangga tayyorgarlik jarayoni bilan qiziqdi.

«Jangga Kaliforniyada tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Murabbiyim Abror Tursunpo‘latov bilan ishlayapman. Oldinda bir oylik mashg‘ulotlar kutib turibdi. Sparring janglarni boshlaganmiz. Mashg‘ulot janglari meksikalik va amerikalik bokschilarga qarshi o‘tkazilmoqda. Shuningdek, qozog‘istonlik raqib ham mashg‘ulotlarda men bilan birga ishlaydi. Mashg‘ulotlardagi raqiblarimning barchasi baland bo‘yli va asosan o‘ng qo‘lda jang qiladi. Kevin Jonsonning bundan oldingi janglarini o‘rganib chiqyapmiz. Uning nozik tomonlarini topishga ham ulgurdik. Tayyorgarlik jarayonida bu tomonlar ham inobatga olinadi.

Raqibning ko‘rsatkichi meni qo‘rqitayotgani yo‘q. Agar boksda qo‘rquv sezadigan bo‘lsang faoliyatingni yakunlab qo‘yganing yaxshiroq. Ringga o‘z kuchingga yuqori ishonch bilan chiqish lozim. Men doimo shu tarzda jangga chiqaman. Ortimda butun mamlakat turganini, meni qo‘llab-quvvatlayotganini bilaman. Bu menga yanada ko‘proq kuch bag‘ishlaydi», – dedi Fazliddin G‘oibnazarov.

Mavzuga oid