Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqanddagi o‘nlab chaqaloqlar o‘ldirilgan tug‘uruqxona bo‘yicha bayonot berdi
17 iyun kuni internetda Samarqand shahrida bundan bir yarim yil avval, ya'ni 2017 yil boshida sun'iy abort orqali tug‘ilgan chaqaloqlar savdosi bilan shug‘ullangan Nargiz Hamdamovna Sanaxanova boshqaruvidagi xususiy «tug‘uruqxona» aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Shifoxona xodimlari chaqaloqlarni soxta hujjatlar bilan 500 dan 2000 dollargacha bo‘lgan narxlarda farzandsiz oilalarga pullagan. Sotilmay qolgan go‘daklar nobud qilingan. Chaqaloqlarning jonsiz tanalari esa tibbiy chiqindilarni yoqishga mo‘ljallangan mufel pechida yoqib yuborilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xususiy tibbiyot muassasalariga akusherlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilmagani haqida ma'lum qildi.
«Sog‘liqni saqlash vazirligi shuni ma'lum qiladiki, xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun tug‘uruqni qabul qilish faoliyati taqiqlangan tibbiy faoliyat turi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu me'yor qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilgan. Shu bois, ushbu ixtisoslik turi bo‘yicha litsenziya ham berilmaydi. Xususiy tibbiyot tashkilotlarining bunday faoliyat bilan shug‘ullanishi esa, noqonuniy faoliyat sifatida baholanib, ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi», deyilgan axborotda.
«Samarqand shahrida joylashgan Nargiz Sanaxanova boshqaruvidagi «Sam so’zani plus» xususiy tibbiyot muassasasi litsenziyada ko‘rsatilmagan tug‘uruqni qabul qilish faoliyati bilan shug‘ullangani uchun litsenziyasining amal qilishi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan sud tartibida uch marta tugatilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi har gal bunday noqonuniy holat aniqlanganda, o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirish materiallarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etib, litsenziya talab va shartlarini qo‘pol buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan qat'iy choralar ko‘rilishini talab qilib kelgan. Natijada tashkilotning mas'ul shaxslariga nisbatan sud tomonidan dastlab ma'muriy, so‘ngra esa jinoiy jazolar qo‘llanilgan», deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Nodavlat tashkilotlarining tibbiy faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rahimqulov.
Lisenziyasining amal qilishi sud tartibida tugatilgach, tashkilotning litsenziya olish uchun qilingan murojaatlariga ko‘ra, qonunda ko‘zda tutilgan me'yorlarga asosan «Sam so’zani plus» xususiy tibbiyot muassasasiga qayta litsenziya berilgan. Ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu muassasada tug‘uruqni qabul qilish bilan bog‘liq faoliyat qattiq nazoratga olinganidan so‘ng, tashkilot xodimlari chaqaloqlarni sotish uchun yangi usulni — homilani sun'iy yo‘l bilan tushirish orqali bolani muddatidan oldin tug‘dirib, go‘yoki onani xavfli vaziyatdan saqlab qolganlik niqobi ostida o‘z niyatlarini amalga oshirishgan. Biroq ularning bu jinoyati ham fosh etildi. 2016 yilning oxirida Sog‘liqni saqlash vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida klinikada noqonuniy holatlar yuzaga kelgani takroran aniqlangan.
Ma'lum bo‘lishicha, aksariyat hollarda «Sam so’zani plus» xususiy tibbiyot muassasasi birlamchi bo‘g‘inda hisobda turishdan qochgan, hech bir tibbiyot muassasasida nazoratda bo‘lmagan homilador ayollarni tug‘dirib, taqiqlangan tibbiy xizmat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Shundan so‘ng, «Sam so’zani plus» xususiy tibbiyot muassasasiga 2015 yilda berilgan 7087-00-raqamli litsenziyaning amal qilishi Samarqand viloyat xo‘jalik sudining 2017 yil 19 yanvardagi hal qiluv qarori bilan to‘rtinchi bor tugatiladi. Tekshirish materiallari prokuraturaga taqdim etilgan. Muassasaning mas'ul shaxslariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shundan buyon «Sam so’zani plus» MChJga tibbiy faoliyat uchun litsenziya qayta berilmagan.
«Xususiy tibbiyot muassasalariga akusherlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilmagan. Bu cheklovlar tegishli qonunchilik hujjatlarida o‘z ifodasini topgan. Xususiy tibbiyot muassasalari faqat ginekologiya tibbiy ixtisosligi doirasidagina faoliyat olib borishi mumkin. Soddaroq qilib aytganda, ginekologiya – bu faqat ayol kishi organizmiga xos bo‘lgan kasalliklarni davolaydigan tibbiy ixtisoslik turi hisoblanadi. Akusherlik esa ayol kishida bo‘ladigan homiladorlik, tug‘ish jarayoni va tug‘uruqdan keyingi holatni o‘rganuvchi va tibbiy yordam ko‘rsatuvchi ixtisoslikdir. Ko‘rinib turibdiki, homilani to‘xtatish (abort qilish) bu akusherlik ixtisosligiga tegishli aralashuvdir. Shu sababdan homilani to‘xtatishni faqat akusherlik bo‘yicha faoliyat yuritadigan davlat tibbiy muassasasi amalga oshirishi lozim», — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova. —
«Ro‘y bergan noqonuniy holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishdagi tegishli normativ huquqiy hujjatlarni takomillashtirishni, xususiy tibbiyot tashkiloti faoliyati ustidan qat'iy nazorat o‘rnatishni, litsenziya so‘rab murojaat qiluvchi shaxslarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish, ayniqsa, faoliyati to‘xtatilgan xususiy klinikaga qayta litsenziya berish tartibi va shartlarini qat'iylashtirish kerakligini ko‘rsatadi. Gap inson salomatligi va hayoti haqida borar ekan, bunda har bir masalaga chuqur yondashish va qat'iy talablar asosida ishlash lozim», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024