Jamiyat | 21:18 / 19.06.2018
36911
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxdagi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshqa shaharga ko‘chmoqda

Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy harbiy aviatsiya bilim yurti joriy yilning 1 sentabridan boshlab, Qarshi shahrida ish boshlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Temur Narziyev «Kun.uz» muxbiriga ma'lumot bergan.

19 iyun kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida professional harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«Qarshi shahrida joylashgan Xonobod aerodromi amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun muhim hisoblanadi. Zamonaviy jihozlar va innovatsion texnologiyalar bilan ta'minlangan yangi binoda ta'lim va xizmat samaradorligi yanada ortadi», deydi bilim yurti ko‘chirilishi haqidagi savollarga javob bergan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi yuridik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari mayor Muzaffar Maqsudov.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ma'lumot uchun, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti 1994 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda «Qo‘mondonlik va muhandislik» mutaxacsisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlab kelingan.

Ma'lum bo‘lishicha, Qarshi shahrida ish boshlashi kutilayotgan bilim yurti O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti nomi ostida faoliyat yuritadi va unda mutaxasislik va ta'lim tizimi borasida katta o‘zgarishlar kuzatilmaydi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qarshining Xonobod aerodromida harbiy uchuvchilar bilan suhbati vaqtida Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti ko‘chirilishi to‘g‘risida gapirgandi

Oxirgi oylarda harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolarini ijtimoiy jihatdan himoyalash, ularga qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilinganini ta'kidlab o‘tish joiz.

Mavzuga oid