Xorazm viloyatida nogironligi bo‘lgan kishilarga bepul uylar berildi
Shu yilning 15 iyun kuni Xorazm viloyati, Urganch tumanining «Tandirchi» mahallasida 4ta oilaga yangi qurilgan uy xonadonlari kaliti tantanali tarzda topshirildi.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, viloyat IIB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shavkat Rahmonov va boshqa mas'ul rahbarlar, hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Avvalroq, Xorazm viloyati IIB boshlig‘i rahbarlik qiluvchi Urganch, Xonqa va Yangiariq tumanlarini o‘z tarkibiga oluvchi 3-sektorning ijtimoiy himoyaga muxtoj aholisidan uy-joy ajratilishi yoki qurilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab bir qancha murojaatlar tushgan edi. Shundan so‘ng, mahalla faollari bilan kelishilgan holda, ularning yashash sharoiti, turmush tarzi va daromad manbalari o‘rganib chiqilib, haqiqatda uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan 4ta oila tanlab olindi.
IIB qo‘shimcha mablag‘lari va saxovatpesha tadbirkorlar ko‘magida qisqa vaqt ichida 4ta xonadonga mo‘ljallangan uy qurib bitkazildi. Shuningdek, xonadonlar kundalik turmush tarzi uchun zarur bo‘lgan uy-ro‘zg‘or jihozlari bilan ham ta'minlab berildi. Ramazon hayiti kuni esa xonadonlar kaliti egalariga topshirildi.
Tadbirda so‘z olgan yangi xonadon sohiblari viloyat IIB rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildirdilar.
«Men, ko‘zim ojiz bo‘lganligi sababli, birinchi guruh nogironiman, turmush o‘rtog‘im ham nogironligi bo‘lgan inson, 2 nafar farzandlarimiz bor. Mana necha yildirki, ijarada yashab kelayotgan edik, uy-joy olishga mablag‘imiz, qurishga imkoniyatimiz yo‘q edi. Xorazm viloyati IIB boshlig‘i tomonidan o‘tkazilgan ommaviy qabulda ishtirok etib, uy-joy olish masalasida murojaat etgan edim. Murojaatim tez va to‘liq qanoatlantirilganidan cheksiz xursandman. O‘zimning jismoniy imkoniyatim cheklanganligi bois davlat va jamiyat uchun to‘liq naf keltira olmayapman, lekin farzandlarimni albatta yurt manfaatiga xizmat qiladigan insonlar qilib tarbiyalayman. Zero ular ham kelgusida komil insonlar bo‘lib voyaga yetishib, ijtimoiy himoyaga muhtojlarga o‘z yordam qo‘llarini cho‘zishlarini xohlayman» - dedi yangi qurilgan xonadonlardan birining egasiga aylangan Botir Kamalov.
Baxtsiz voqea tufayli, oyoqlari falaj bo‘lib qolgan 37 yoshli Mirza Xudoyorov saxovatli ishni amalga oshirganlarga minnatdorchilik bildirdi.
«Uy-joy sharoitimiz og‘ir ekani tufayli, IIB boshlig‘iga murojaat qilgan edik. Qisqa vaqt ichida bu muammo ijobiy hal qilindi. To‘g‘risi, bunday bo‘lishini umuman kutmagan edik. Saxovatpesha odamlardan juda ham minnatdormiz» - dedi Mirza Xudoyorov.
Tadbir yakunida viloyat hokimi Farhod Ermanov boshqa sektor rahbarlari ham bunday saxovatli ishlarni muntazam amalga oshirishi lozimligi haqida topshiriq berdi.
Mavzuga oid
10:27 / 14.11.2024
Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
13:32 / 06.11.2024
Toshkentda oktyabrda uy-joylar uchun ijara narxi oshishi sekinlashdi
17:03 / 29.10.2024