O‘zbekiston | 20:10 / 28.06.2018
8769
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijda yashovchi vatandoshlarimiz O‘zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi ustida ishlashmoqda

Foto: Xalqaro Press-klub

"Buyuk kelajak" ekspertlar kengashi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun xorijdagi o‘zbekistonliklarning intellektual elitasini to‘pladi. Kengash raisi, Rossiyaning "Rosnano" kompaniyasida istiqbolli loyihalarni rivojlantirish bloki rahbari Alisher Kalonov bugun shunday bayonot berdi.

Toshkentda turli sohalar ekspertlari O‘zbekistonning 2035 yilgacha uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi muhokama qilinadigan forumga start berildi. "Biz O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan katta islohotlarda foydasi tegishi mumkin bo‘lgan intellektual elitani to‘pladik", - dedi Kalanov tadbirdagi kirish so‘zida. 

"Bizning takliflarimiz prezident tashabbusiga tayanadi, biroq biz yanada uzoq - 2035 yilgacha rivojlanish strategiyasi ustida ishlashni ko‘zda tutyapmiz. Mamlakat nimaga erishmoqchiligiga doir vizioner maqsadlar qo‘yish kerak. Bizda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar bor", - dedi Kalanov.

Bu ishda, qo‘shimcha qiladi u, imkon qadar ko‘proq O‘zbekistondan tashqarida yashovchi, yetarlicha bazaviy ta'lim olgan, dunyoning yirik kompaniyalarida tajribaga ega bo‘lgan, intellektual va professional salohiyatli  vatandoshlarimiz ishtirok etishlari kerak, islohotlarni amalga oshirishda aynan shunday kadrlarga talab katta. 

Kalanovning ishonch bilan ta'kidlashicha, bu ishda qatnashish istagida bo‘lganlar soni hafta sayin oshib bormoqda. Ekspert platformasi hozircha 155 a'zoga ega.

"Biz bu ekspertlar bilangina cheklanib qolmoqchi emasmiz. Maqsadimiz - ko‘rsatkichlarni 300 yo ehtimol, 400 kishigacha yetkazish. Biz vatanimiz oldidagi burchimizni ado etishga tayyormiz", - dedi Kengash raisi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy ekspertlar ham uning tarkibiga qo‘shilishi mumkin.

O‘zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi shuningdek xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda ishlanmoqda. Yakuniy hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Mavzuga oid