O‘zbekiston | 13:49 / 11.07.2018
59023
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan ish vaqti qanday tartibda belgilangan?

Foto: pixabay

KUN.UZ tahririyati kelayotgan taklif va savollarga asoslangan holda qonunchilikka oid eng ko‘p beriladigan savollarga to‘xtalib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksi 115-moddasiga asosan xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Shu bilan birgalikda olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim. 

Ish vaqtining qisqartilishi bir qancha toifadagi shaxslarga nisbatan amal qiladi. Ular quyidagicha belgilangan:

•  o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlar;
•  I va II guruh nogironi bo‘lgan xodimlar;
•  noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar;
•  alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi xodimlar;
• uch yoshga to‘lmagan bolalari bor, byudjyet hisobidan moliyaviy jihatdan ta'minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollar.

Bayram (ishlanmaydigan) kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.

Alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan muddati qanday?

O‘zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksi 118-moddasida keltirilishicha, yuqori darajadagi his-hayajon, aqliy zo‘riqish, asab tangligi bilan bog‘liq, ya'ni alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi ayrim toifadagi xodimlar uchun (tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqalar) ish vaqtining muddati haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan qilib belgilangan.

Tungi vaqtdagi ishning muddati qanday?

Soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha bo‘lgan vaqt tungi vaqt, deb hisoblanadi.

Agar xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatining kamida yarmi tungi vaqtga to‘g‘ri kelsa, tungi ish vaqti muddati bir soatga, ish haftasi muddati ham shunga muvofiq ravishda qisqartiriladi.

Mavzuga oid