Jahon | 09:23 / 25.07.2018
131977
6 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘be fojiasining yangi tafsilotlari ma'lum bo‘ldi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 52 nafar o‘zbekistonlik yo‘lovchining hayotiga zomin bo‘lgan avtobus ishi bo‘yicha sudning dastlabki majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar bermoqda.

Fojia 18 yanvar kuni Samara – Chimkent yo‘lining 1068 kilometrida, Aqto‘be oblastining Irgiz tumanida, Kalibay posyolkasidan 10 kilometr masofada soat 10:30da ro‘y bergan. 57 nafar yo‘lovchiga ega bo‘lgan avtobus yonib ketgan, natijada 52 nafar O‘zbekiston fuqarosi qurbon bo‘ldi. Omon qolganlar orasida qozog‘istonlik uch haydovchi, shuningdek, O‘zbekistondan ikki yo‘lovchi bor.

52 kishining o‘limida kim ayblanmoqda?

Haydovchilar Maksat Pernebekov, Nurjan Qirg‘izboyev va Barat Tanatarov yong‘in xavfsizligi qoidalari, ular ikki yoki undan ko‘proq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzishda ayblanmoqda. Jinoyat ishi 52 tomdan oshib ketdi. Fojiada 100dan ortiq kishilar jabrlanuvchi, deb topilgan. Haydovchilarga 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Sakkiz nafar yo‘lovchining vakillari haydovchilardan ma'naviy zararni qoplash borasida talab qo‘yishgan. Ular 600-800 ming tengeni talab qilishmoqda.

Haydovchilar bilan birga yana ikki kishi ishda ayblanuvchi sifatida qayd etilgan, ular garov evaziga ozodlikka chiqarilgan: mash'um avtobusni reysga chiqargan mexanik, - uni avtobusni yo‘nalishga texnik nosozliklar bilan yuborganlikda ayblashmoqda - hamda avtobus tegishli bo‘lgan tashuvchi firma ta'sischisi Nurlibek Telepbayev. Qonun normalariga ko‘ra, u o‘z xodimlarining harakatlari uchun javob berishi kerak.

Haydovchilar fojiadan bir necha kun o‘tib tergov izolyatoriga yuborildi. Ular sud zaliga shifoxonadan maxsus qo‘riqlash kuchlari nazoratida olib kelindi.

Haydovchilardan ikki nafari – Nurjan Qirg‘izboyev va Maksat Pernebekovlar o‘z ayblarini qisman tan olishdi.

Avtobusda yong‘in qanday kelib chiqqan?

Nurjan Qirg‘izboyevning aytishiga qaraganda, o‘sha kuni yonilg‘i quyish shoxobchasida ularga sifatsiz solyarka quyishgan. Qattiq sovuqdan solyarka dvigatelda muzlab qolgan. Chetga chiqishga majbur bo‘lingan. Avtobus haydovchilari o‘tkinchi avtobuslardan yordam olishga umid qilgan. Qirg‘izboyevning tergovda aytishicha, avtobus saloni tez soviy boshlagan. Haydovchilarda mashina motorini olovli payvandlagichda isitish g‘oyasi paydo bo‘lgan, biroq, Qirg‘izboyevning so‘zlariga ko‘ra, Maksat Pernebekov bundan bosh tortadi, sababi bu juda xavfli bo‘lgan. Qirgizbayev yo‘lovchilarga rahmi kelib, olovli payvandlagichni yoqib salon ichiga qo‘ygan.

Shu payt haydovchilar yo‘ldan o‘tayotgan avtobusni ko‘rib qolib, undan yordam so‘rash maqsadida avtobusdan tushishgan. Aynan qarama-qarshi yo‘nalishdagi avtobus haydovchisi Setra salonidagi tutunni payqab qoladi. Qirg‘izboyevning so‘zlariga qaraganda, yong‘inga avtobus ichida ikki yo‘lovchi orasida janjal kelib chiqib, ularning biri jahl ustida olovli payvandlagichni tepib yuborgani sabab bo‘lgan. Lampa qulab tushib, salonda yong‘in boshlangan. Janjalni boshlagan yo‘lovchi, yana besh nafar omon qolgan shaxs qatorida yong‘indan qutulib qolgan. Shifokorlar uning faqat oyog‘i kuyganini aniqlashdi.

Haydovchilar eshikni ochganida, salonga kislorod kirgan, shuning uchun avtobus salonidagi olov yanada kuchayib ketgan. Bu yo‘lovchilarga avtobusdan chiqib olish imkonini bermadi, bundan tashqari, transportda yuk ko‘p bo‘lgan. Avtobus ikki qavatli edi, yo‘lovchilar ikkinchi qavatda, yuklar esa - birinchisida bo‘lgan.

Avtobus to‘liq yonib ketishi uchun 7 daqiqa vaqt yetarli bo‘lgan.

Advokatlar sud majlislari Irgiz tuman sudida emas, balki Aqto‘be shahar sudida ko‘rib chiqilishini so‘rashgan. Advokat Nurjamol Ajigaliyevaning so‘zlariga ko‘ra, qonun ish sudlanuvchilarga ayblov qo‘yilgan joyda tergov qilinishiga ruxsat beradi. Bu esa Aqto‘beda bo‘lgan.

“Bundan tashqari, Aqto‘bedan Irgizgacha 600 kilometr, ikkinchidan Irgizda jabrlanuvchilar va sudning boshqa ishtirokchilarini joylashtirish uchun mehmonxona ham yo‘q”, - dedi advokat sudya Serik Maxambetovga.

Sud ishni Aqto‘bega yuborishdan bosh tortdi hamda keyingi majlisni yettinchi avgustga belgiladi. Biroq, himoyachilar uning rad javobiga shikoyat xati bilan chiqishmoqchi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bu ishni kamroq shovqin yuzaga kelishi uchun tumanda ko‘rib chiqishmoqchi. Himoyachilarda tergovchilar va prokurorlarga ham savollar ko‘p. Masalan, nega avtobus salonida lampani tepib yuborgan o‘sha yo‘lovchi sudlanuvchilar orasida yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 18 yanvar kuni Samara – Chimkent yo‘lining 1068 kilometrida, avtobus yonib ketishi oqibatida 52 nafar O‘zbekiston fuqarosi qurbon bo‘lgan edi.

Avvalroq, Aqto‘beda 52 nafar o‘zbekistonlikning hayotiga zomin bo‘lgan mash'um avtobus ishi bo‘yicha sud boshlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid