«O‘n besh yoshli murabbiy». Mauritsio Sarri va uning hikoyasi
Hamma «Manchester Siti» va «Liverpul»ning ajoyib tarkibi va yangi mavsumdagi ambitsiyalari haqida gapirishdan to‘xtamayotgan bir paytda, «Chelsi»ning yangi murabbiyi Mauritsio Sarri shogirdlari bilan ikki o‘yinda yuz foizlik natija ko‘rsatib ulgurdi. Londonliklarning haqiqiy yetakchisi Eden Azardan hali to‘liq foydalanilmayotganini ham nazarda tutsak, juda qoniqarli natija. Tabiiyki, yana bir necha tur o‘tgach, agar o‘yin uslubi jihatidan butunlay o‘zgarayotgan «Chelsi»ni yana turnir jadvali yuqorilarida ko‘rsak, butun Angliya e'tiborini Sarriga qaratishi turgan gap – «eski qishloqda yangi odat»?
Sarridan futbolchi chiqmagan. U faqat bir necha yil yarim havaskor jamoada, D Ceriyadagi «Filina» jamoasida o‘ynagan xolos. Liga darajasini tushuntirish uchun bir misol: O‘yinlardan birida 15 yoshli Sarrining o‘zi murabbiylik vazifasini bajargandi. Safardagi o‘yin oldidan bosh murabbiy rahbariyat bilan janjallashib qoladi va ishlashdan bosh tortadi. O‘shanda Mauritsio vaziyatni o‘z qo‘liga oldi, hakamga murabbiy kechikayotganini aytib tushuntiradi, o‘yinga tarkib va sxemani tuzadi va jamoa 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Murabbiy buni eshitib hayron qolgani aniq. Sarri esa, o‘zini xuddi hech qanday katta ish qilmagandek tutib turaveradi.
19 yoshida Sarri futbol o‘ynashni yig‘ishtirdi. Jarohatlar, shuningdek, jamoa rahbariyatidan norozilik bunga sabab bo‘ldi. Sarriga bir yuqori diviziondagi «Montevarchi» klubi xaridor bo‘lgan, lekin «Filina» rahbarlari haddan tashqari katta narx so‘rab yuborishgan, natijada Sarrining bir qadam yuqoriga ko‘tarilishi amalga oshmay qolgandi. D Ceriyaning yosh markaziy himoyachisini barcha unutib ham yubordi, albatta.
Daromad to‘xtagach, qayerdadir ishlash kerak edi. Ota oddiy zavod ishchisi bo‘lgan oilaga pul zarur edi. Mahalliy kollejda iqtisod va bank ishi mutaxassisligi bo‘yicha ta'lim olish imkoniyati paydo bo‘lgach, Sarri o‘ylanib o‘tirmadi. 1980 yilda, o‘qishni tugatib, Sarri Italiyaning eski banklaridan biriga klerk bo‘lib ishga joylashdi. Yoshligida kitobdan ko‘ra to‘p bilan ko‘proq vaqtini o‘tkazgan Mauritsioning iste'dodi bor ekan, bank ishlarini juda tez o‘rganib oldi.
Bir necha yil o‘tib, Sarrining mansabini oshirishdi va markaziy ofisdan g‘arbga o‘tkazib yuborishdi. Natijada, u juda ko‘p vaqtini xizmat safarlarida o‘tkazadigan bo‘ldi, Lyuksemburg, Germaniya, yarim yil Angliyada yashashga ham to‘g‘ri keldi. Sarri u yerlarda banklararo shartnomalarni tuzish bilan shug‘ullanar, keyinchalik uning o‘zi eslashicha, bu ish uni umuman Sarri uchun emasdi, shunchaki, navbatdagi sarguzasht edi xolos.
Ayniqsa, bank tomonidan qoidaga kiritilgan dress-kod – ishga albatta kostyum-shimda borish Mauritsioga yoqmasdi. Shu tariqa 9 yil o‘tdi, hayot ancha barqaror, daromad ham joyida, ammo Sarri futboldan uzoqda edi. Chiday olmadi.
1989 yilda, 30 yoshli Mauritsio D Seriyadagi havaskor jamoa bo‘lmish «Stea» safiga borib qo‘shildi. U yerda qahramonimiz juda tez yetakchiga aylandi, ammo eski jarohat bezovta qilar, har doim ham shug‘ullanishga imkon bermasdi.
Bir kun hamasi o‘zgardi. 1990/91 yilgi mavsumni «Stia» muvaffaqiyatsiz boshladi va 8 o‘yindan keyin murabbiy iste'foga chiqarildi. Klub yangi murabbiy axtarayotganda jamoa sardori Vani Bergamaski prezidentga Sarrini taklif qildi. Nega urinib ko‘rish mumkin emas? Sarri rozi bo‘ldi.
Shunday qilib, Mauritsio Sarri 33 yoshida murabbiylik faoliyatini boshladi. Endi uning bo‘sh vaqti umuman bo‘lmas, ertalabdan kechagacha bankda ishlab, keyin mashg‘ulotlarga borardi. Bo‘sh vaqt to‘liq futbolga bag‘ishlanar, har seshanba La Repubblica gazetasini sotib olib, mashhur analitik Janni Breraning har bir maqolasini diqqat bilan o‘qib chiqardi. U paytlarda Italiya terma jamoasini Arrigo Sakki boshqarar, uning terma jamoadagi yangi taktik uslublarini Sarri aynan gazetadagi materiallardan o‘rganib olardi.
Asosan ish vaqtidan keyin mashg‘ulot o‘tkazadigan havaskorlar bilan ishlagan Sarri o‘sha paytlarni juda iliq xotirlaydi va ko‘pincha, o‘sha havaskorlar futbolga bo‘lgan munosabat borasida aksariyat professionallardan ustun ekanini ko‘p gapiradi.
Shu tariqa, to‘qqiz yil ishlab, beshta mana shunday jamoani boshqargan Sarri bankdagi ishini biroz yengillatmoqchi bo‘ldi va endi moliyaviy maslahatchi bo‘lib ishlay boshladi. Yangi lavozimda ish vaqti ozroq edi.
«Men bank ofisida o‘tirib, murabbiyligim, futbol haqida o‘ylab o‘tirardim. Tezroq ishdan chiqib, stadionga borish uchun soatga termulardim. Bu davrda men faqat va faqat futbol haqida o‘ylay boshlagan, bir kun kelib, bankdagi ishimdan voz kechishim aniq ekanini bilib turardim», – deb eslaydi Mauritsio.
2000 yilda shunday bo‘ldi ham. Sarrini ishga taklif qilgan «Sansavino» klubi bosslari yuqori divizionga chiqishni jiddiy maqsad qilishgandi. Vazifani bajarish uchun ko‘proq ishlash va buning uchun esa, bankdan ketish kerakligini Sarri tushunardi. Jonga tekkan bank ishini tashlashga yana bir sabab esa, albatta, Mauritsioning otasi va uning hayoti edi.
Katta Sarri o‘z vaqtida yaxshigina havaskor velosiped poygachisi bo‘lgan va 37 poygani yutgandi. Bu natija Tur de Frants-1960 g‘olibi, mashhur Nastone Nenchining ham e'tiborini tortgan va u Sarrini o‘z professional jamoasiga taklif qilgandi. Riskdan qo‘rqqan ota taklifni rad etgan, keyinchalik, asta-sekin velosportdan uzoqlashib, zavodga ishga kirgandi. Bu qarorning noto‘g‘ri bo‘lgani haqida u butun umr eslagan va pushaymon bo‘lgan ekan. Mauritsio bir kun kelib otasining holatiga tushib qolishni istamasdi.
Bunday tanlov oson emasdi, agarda Sarrining yonidagilari qo‘llab-quvvatlab turmaganida, kim biladi, vaziyat butunlay boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. «Agar sen shu bilan o‘zingni baxtli his qiladigan bo‘lsang, o‘ylanib o‘tirmasliging kerak» – dedi rafiqasi. Bankda ham uni to‘g‘ri tushunishdi. Sarrining professional murabbiy bo‘lish orzusini ular ham juda yaxshi bilishar, shuning uchun xayrlashuv kechasida Sarri uchun xursand bo‘lishdi.
Qirq yoshida katta maoshdan voz kechib, yarim professional futbol jamoasiga o‘tgan Sarri hech narsadan qo‘rqmasdi: «Nihoyat men tekinga ham qilishim mumkin bo‘lgan sevimli ishim bilan shug‘ullanaman».
Yigirma yillik bank staji Sarriga o‘tish jarayonida yordam berdi. Dastlabki normal pullar unga besh yil o‘tib, V Seriyadagi «Empoli»ni boshqarganida kela boshladi, ungacha esa, oila yig‘ib qo‘yilgan pul bilan kun kechirishgandi.
Bankdagi faoliyat Sarriga 2015 yilda ham yordam berdi. «Napoli» bossi Aurelio De Laurentis Rafa Benitesdan so‘ng, o‘ziga murabbiy qidirayotib, Sarri variantida to‘xtadi. Aytishlaricha, Aurelioni Sarri dosesidagi bank tajribasi qiziqtirib qo‘ygan ekan. Muhim qarorlarni tez qabul qila olish qobiliyati bankirlarga xos bo‘lishini bilgan prezident Sarridan ham xuddi shu xususiyatni kutgan ekan.
Sarri uyaltirib qo‘ymadi. «Napoli» Italiya chempioni bo‘la olmagan bo‘lsa-da, bunga sabab ko‘proq «Yuventus»ning o‘ta kuchli ekanini hamma bilib turardi. O‘tgan mavsumda «Napoli» 91 ochko bilan 2-o‘rinni oldi. Bu Italiya futboli tarixida 90 ochkodan ko‘proq to‘plab, chempion bo‘la olmagan ilk jamoa sifatida qayd etildi. Shuningdek, «Napoli» A Seriyada to‘p uzatishlar va zarbalar soni, yaratilgan vaziyatlar va yana bir qancha statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham peshqadam bo‘ldi.
Bunday o‘sish katta xaridlar va transferlar evaziga emas, Sarrining taktik uslublari evaziga bo‘lgandi. Sarri iqtisodchi emasmi, o‘zida mavjud bo‘lgan resurslardan foydalana olishni juda yaxshi biladi. 2016 yilda «Napoli»ning asosiy hujumchisi Gonsalo Iguain katta pulga sotib yuborilgach, jamoa muxlislari tinmay hujumchini ayblay boshladilar. Lekin Sarri uchun bu muammo emasdi. Transfer bozorida katta pul bilan hujumchi izlash o‘rniga, murabbiy jamoaning o‘yin uslubini moslashtirdi. Dris Mertensni «aldamchi to‘qqizlik» sifatida o‘ynatib, Jorjinoni markazda o‘tkazdi. Mertens o‘tgan mavsumda 22 gol va 12 golli uzatmani amalga oshirdi, bir yil oldin esa, yanada katta natija – barcha musobaqalarda 34 gol va 15 golli uzatma muallifi bo‘lgandi. Jorjino ham Yevropaning ko‘zga ko‘ringan yarim himoyachilaridan biriga aylandi. Pep Gvardiola uni o‘z jamoasi safida ko‘rishni juda istagani ham buni isbotlab turibdi.
Sarri «Chelsi»ga kelgach, yangi murabbiy, umuman APL jamoalariga xos bo‘lmagan tarzda, transfer bozorida faol bo‘lmadi. Sarri «Napoli»dan olib kelgan Jorjino «Chelsi»ning yagona ko‘zga ko‘rinarli transferi bo‘ldi xolos. Bu holat ba'zilar uchun g‘alati tuyulib, «Chelsi»ning yangi mavsumdagi inqirozini ayta boshlagan bo‘lishsa, boshqalar Abramovichning «Chelsi»ga qiziqmay qolganini taxmin qildilar. Ammo aslida gap bunda emas, «Chelsi»ni endi bankir-murabbiy boshqarayotgani ahamiyat berish to‘g‘riroq bo‘larmikin... Axir Sarri mavjud aktivlardan foydalanishni juda yaxshi biladi, shunday emasmi?
Mavzuga oid
18:35 / 08.08.2020
«Yuventus» Mauritsio Sarrini iste'foga chiqardi
09:37 / 20.08.2019
Sarrida zotiljam borligi aniqlandi
18:50 / 16.06.2019
Rasman: Mauritsio Sarri – «Yuventus» bosh murabbiyi
10:35 / 29.05.2019