Jamiyat | 11:20 / 23.08.2018
27971
10 daqiqa o‘qiladi

Chelak dehqon bozori muammolar girdobida: uni o‘z joyida qoldirish kerakdir

Elli yer – bozor, elsiz yer – mozor. Elning bozoriga, mozoriga teginma, degan maqollarni ajdodlarimiz bekorga aytishmagan. Samarqandning Payariq tumanida joylashgan Chelak shahri dehqon bozori ham ko‘pchilikka yaxshi tanish. Nafaqat qo‘shni tumanlar, balki yaqin atrofdagi boshqa viloyat tumanlari fuqarolari ham azaldan shu yerga kelib, bozor-o‘char qilishga odatlanishgan. Qolaversa, u O‘zbekistonning bugungi kunda ham faoliyat yuritib turgan qadimgi bozorlaridan biri hisoblanadi. Bozor tarixi 300-400 yildan oshadi. Biroq mazkur bozorni ko‘chirish bilan bog‘liq ishlar o‘lda-jo‘ldaligi, bir necha yildan beri uzil-kesil hal qilinmay cho‘zilib kelayotgani aholini qiyin ahvolga solib qo‘ygan.

Kun.Uz sayti xodimlari ushbu bozor bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar tushgani sababli vaziyatni o‘rganish maqsadida Samarqand viloyatiga xizmat safari uyushtirib, holatni o‘rganishga harakat qildi. Dastavval, bu yerda savdo qilayotgan fuqarolar bilan muloqot qilish asnosida bozordagi umumiy sanitar-gigiyenik vaziyatga ham e'tibor qaratdik.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, eski dehqon bozori 2015 yildan beri yopilgan bo‘lib, sotuvchilar yangi bozorga aholi bormasligi tufayli shu yerga kelib savdo qilishga majbur. “Qolaversa, shahar aholisining aksar qismi bozor atrofidagi mahallalarda istiqomat qilishi inobatga olinsa, ishdan qaytayotganlar uchun uyiga u-bu narsa xarid qilishda eski bozor ancha qulay. Biror kilo meva-cheva yoki 4ta non olib uyiga qaytadigan odam hech qachon taksiga o‘tirib yangi bozorga bormaydi”, - deydi suhbatdoshlar.

Bozorda savdo qiluvchilarning aksariyati, yangi emas, eski bozorda sharoit yaxshilansa maqsadga muvofiq bo‘lishini, bu yerda savdo qiluvchilar ham qonuniy tartibda faoliyat yuritishdan manfaatdor ekanliklarini ta'kidlashdi. Hatto ayrimlari, oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmagani bois, Samarqand shahridan non olib kelib sotish bilan tirikchilik qilishini, boshqa birlari o‘z tomorqasida yetishtirgan mahsulotini sotaman, desa tuman soliq va ichki ishlar idoralari xodimlarining keskin choralaridan aziyat chekayotganliklarini aytishdi.

Axir na buzilgan, na buzilmagan dehqon bozorida ichki ishlar va soliq xodimlaridan qochib, kun kechirish ilinjida, ming xavotirda non, ko‘kat, bir qutida pomidor yoki bodring sotayotganlarga ko‘zimiz tushdi. Ular ham o‘zimizning fuqarolar, ular ham o‘g‘irlikni or bilib, halol mehnat bilan uyimga 4-5 so‘m pul orttirib boraman, degan umidda bozorga chiqishgan emasmi? Agar, boshqa daromad manbai bo‘lganida, ular bozorga chiqib, soliq va ichki ishlar xodimlari bilan asabbuzarlik qilisharmidi?

Yangisini qurmasdan, eskisini buzma, degan naql bor. Ammo, bizni ajablantirgan narsa, yangi bozor to‘liq foydalanishga topshirilmasdan, eski bozorning usti yopiq meva-sabzavot rastalari buzilib, muzxona va meva-sabzavotlarni tez muzlatish korxonasi qurilishi uchun berib yuborilganidir. Tasvirga olish guruhimiz bilan muloqot qilgan fuqarolar ham, tuman hokimi ham korxonani ishga tushirish paysalga solinayotganini tasdiqlashdi.

Sayyor guruhimiz bilan hali qurilishi tugallanmagan Yangi bozorga bordik va u yerda savdo qilayotgan tadbirkorlar bilan ham suhbatlashdik. Yangi bozordagi tadbirkorlardan birining aytishicha, uning bu yerga kelib orttirgani soliq, ijara haqi va chek to‘lovlaridir. Chunki, haftaning ikki kuni, bozor bo‘ladigan chorshanba va yakshanba kunlaridan tashqari, xaridorlar deyarli kelmaydi. Yangi bozorning avtoturargohi asfalt qilinmagani, umuman qurilish ishlarining tugallanmay qolgani, chalabitgan do‘konlarning axlatxonaga aylanib ulgurganini qanday izohlashni bilmadik.

Biz mahalliy hokimiyat idorasining Chelak dehqon bozori xususida izohlarini olish maqsadida Payariq tumani hokimligiga borib, dastavval hokimning qurilish ishlari bo‘yicha muovini Shavkat Toshpo‘latovdan izoh so‘radik.

Hokim muoviniga, uning ta'biri bilan aytganda “tartibsizliklar keltirib chiqarayotgan olibsotarlar” muammosi xususida so‘z yuritar ekanmiz, shaharda (umuman tumanda biror ko‘zga ko‘ringan zavod-fabrika yo‘q, paxtani tozalash zavodidan tashqari) ishsizlikdan aziyat chekayotganlar nima qilishi kerak, degan savol beramiz. Biroq bu savolimiz javobsiz qoldi. Eski bozor atrofini gir aylana qurilgan 77ta do‘konda va meva-sabzavot rastalarida bir vaqtlar 2000dan ortiq inson oila tebratganiga nima deysiz?!

Qurilish ishlari muovini bilan suhbatdan so‘ng, tuman hokimi Abdumo‘min Jo‘rayev bilan Chelak dehqon bozori rekonstruksiyasi va yangi bozor qurilishi xususida suhbatlashdik.

Jo‘rayevning ma'lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 2 avgustdagi 253-sonli “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2013 yil 28 martdagi 71-sonli “Samarqand viloyati Payariq tumanini 2013-2015 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda Payariq va Chelak shaharchalarini arxitektura talablari asosida qiyofasini o‘zgartirish va obodonlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoni, tuman hokimining 2015 yil iyundagi 874-Q sonli qarori asosida Chelak shahridagi dehqon bozori yangi barpo qilingan savdo kompleksiga ko‘chirilgan. Usti yopiq meva-sabzavot rastasi esa, tuman hokimining 2015 yil 16 iyuldagi 651-Q sonli qarori bilan “Agro Eco Fruits” MChJga mevalarni tez muzlatish, quritish va qadoqlash korxonasini qurish uchun ijaraga berilgan. Biroq MChJ shu vaqtgacha usti yopiq rastalar atrofini beton bloklar bilan o‘rashdan nariga o‘tmagan.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: Atrofi do‘konlar bilan o‘rab olingan eski rasta hududida mevalarni tez muzlatish, quritish hamda muzxona barpo etish bu kabi inshootlarni qurish talablariga qanchalik mos keladi? U ishga ham tushdi, deylik, ammo asosan paxta-bug‘doyga ixtisoslashgan tumanda ishlayotgan bu korxona to‘liq kuch bilan ishlashi uchun meva-chevani boshqa tumanlardan tashisa, iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydimi? 

Biz bozor masalasi bo‘yicha Chelak dehqon bozorida 10ta do‘kon egasi, asli o‘zbekistonlik, bugungi kunda Kanadada istiqomat qilib, tadbirkorlik sohasida ulkan natijalarga erishgan chelaklik ayol Shoira Hasanova bilan internet orqali muloqot qilishga muvaffaq bo‘ldik.

Biz tuman hokimining 2013 yil 20 martdagi 231-Q qarorida ta'kidlanganidek, “Chelak dehqon bozori” balansidagi avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joyi qurilishi tugallanmagani va foydalanishga topshirish dalolatnomasi bo‘lmagani bois tuman hokimligi balansiga qaytarilgani yuzasidan Shoira opaga savol berdik. Uning bizga ma'lum qilishicha, dehqon bozoriga kiraverishdagi avtomobillar to‘xtash joyi qurilishi yakunlanmay qolgani asossiz iddaodir. U o‘z so‘zlarini isboti sifatida bizga avtoturargoh suratlarini taqdim etdi.

Shoira opaning aytishicha, Chelak dehqon bozori buzilmasidan avval, bir oyda 160 mln so‘m chek puli tushgan. Agar bozor 22 oydan beri rasman faoliyat yuritmagani inobatga olinsa, buyog‘i oddiy arifmetika: chek pulidan boy berilganining o‘zi 3 mlrd 520 mln so‘mni tashkil etadi. Yangi bozor qachon to‘liq foydalanishga topshirilishi noma'lum, eskisi parokanda holatdaligidan kelib chiqsak, bu raqam hali o‘saveradi.

Bundan tashqari, Shoira Hasanova dehqon bozori rastasi hududining tadbirkorga berilganiga doir ikki xil ma'lumot borligini ham ta'kidlab, so‘zlarini isbotlovchi hujjatlarni taqdim etdi. Shuningdek, mabodo dehqon bozori eski joyida qoldirishga qaror qilinsa, amaliy yordam berishga doim tayyor ekanini alohida ta'kidladi. 

Xullas, Yangi va Eski bozordagi umumiy ahvol kishini qoniqtirmaydi. Yangi bozorda qurilish ishlari o‘lda-jo‘lda bo‘lsa, eskisida o‘rtadagi usti yopiq sobiq rasta buzilib, atrofi o‘ralib olingani tufayli yo‘laklar torayishi oqibatida, qo‘pol bo‘lsa ham aytaman,  it egasini tanimaydi. Sanitar ahvolni gapirmasa ham bo‘ladi. Qo‘lansa hid bozorga kirishingiz bilan to tark etguningizcha, sizni tark etmaydi.

Ta'kidlashni istardikki, bugungi kungi islohotlar davlat rahbari tomonidan e'lon qilingan va bot-bot takrorlanayotgan "Xalqni rozi qilish" shioriga  asosan barpo qilinmoqda. Chelakning tubjoy aholisi esa, kiyim-kechak bozori emas, balki aynan dehqon bozori eski joyida qoldirilishini maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deb hisoblamoqda. Balki mutasaddilar bu taklifni ham o‘rganib tahliliy ravishda, dehqon bozorining shahar markazidan ko‘chirilishi masalasini tanqidiy o‘rganib chiqishar?!

Tolib Rahmatov, KUN.UZ muxbiri
Fazliddin Abduqodirov, KUN.UZ operatori

Mavzuga oid