Sport | 12:35 / 29.08.2018
9152
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. Iqboljon Xoldorov yarim finalga chiqdi

Indoneziyada XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari davom etmoqda.

O‘zbekiston boks terma jamoasi a'zosi, -64 kg vazn toifasida turnirga kelgan Iqboljon Xoldorov navbatdagi jangini muvaffaqiyatli o‘tkazib, yarim final bosqichiga o‘tdi.

U chorak finalda janubiy koreyalik Lim Hyunsukni 4:0 (30:26, 28:28, 30:26, 29:27, 29:27) hisobida mag‘lub etdi.

Uning final yo‘llanmasi uchun raqibi yaponiyalik Daysuki Narimatsu bo‘ladi. Yarim final janglari 31 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Biroz avvalroq O‘zbekistonning -49 kg vazn toifasidagi vakili Hasanboy Do‘smatov yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

28 avgust kuni o‘tkazilgan bahslarda O‘zbekiston boks jamoasining uch vakili Jasur Latipov (-52 kg), Shunqor Abdurasulov (-60 kg) va Bobousmon Baturov (-69 kg) o‘z janglarida g‘alaba qozonib, Osiyo o‘yinlari yarim finaliga chiqqandi. 

Bugun chorak final doirasida yana ikki o‘zbekistonlik bokschi o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi. - 56 kg vazn toifasida Miraziz Mirzahalilov mo‘g‘ulistonlik sportchi bilan, -75 kg vazn toifasidagi Isroil Madrimov eronlik Sayidshahin Musaviy bilan ringga chiqadi.

Mavzuga oid