O‘zbekiston | 19:23 / 03.09.2018
190589
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qator blogerlar qo‘lga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi kunlar davomida qator blogerlar qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, Musannif Adham taxallusidagi bloger Adham Olimov, toshkentlik Ziyovuddin Rahim, andijonlik Otabek Usmonov va Muhammad Shakur taxallusli bloger qo‘lga olingani aytiladi.

Kun.uz’ga ma'lum bo‘lishicha, Adham Olimovni 28 avgust kuni, soat taxminan 18:00larda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Sebzor dahasida joylashgan uyidan olib ketishgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, uni qo‘lga olish uchun sakkiz kishi kelgan, ulardan ikki nafari huquq-tartibot organlari xodimlari formasida bo‘lgan.

Musannif Adham/Foto: Facebook

Kvartirada tintuv o‘tkazilgan. Huquq-tartibot organlari vakillarida prokuror sanksiyasi bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

2018 yil 29 avgust kuni Toshkent shahar Olmazor tuman ma'muriy sudi binosidagi ochiq sud majlisida Adham Olimov MJtK 194-moddasining 1-qismi, 195-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan. 

Sudda ma'lum qilinishicha, Adham Olimov 2018 yil 28 avgust kuni militsiya xodimiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatmay, militsiya xodimining qonuniy talabini bajarmay, qo‘ni-qo‘shnilar e'tiborini tortganligi, shaxsini aniqlash maqsadida IIO FMBga borish taklif qilinganida militsiya xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatgan.

Sud majlisida Adham Olimov aybiga iqrorlik bildirib, suddan yengillik berishni so‘ragan.

Adham Olimovga 184 300 so‘m jarima jazosi va 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi. 

Uning yaqinlarining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 29 avgust kuni oilasi Olmazor IIBga borgan. 

«Davlat advokati bizga Adham hech narsani buzmagani va u 48 soat davomida ozod etilishi haqida aytdi. Biz 60 soat o‘tganidan keyin harakat qilishni boshladik. Avvaliga Toshkent prokuraturasiga bordik, u yerdan bizni Olmazor tumani prokuraturasiga jo‘natishdi, u yerda esa, akam Panelniyda ekani va u Olmazor sudi qarori bilan 15 sutkaga qamalganini aytishdi», - deydi uning ukasi.

Oila sudga borib, qaror nusxasini olishga uringan, biroq u dam olish kunlari tufayli yopiq bo‘lgan. Keyinroq Olimovning yaqinlari «Panelniy»ga (Qo‘yliqdagi hibsxona - tah.) borishgan. U yerda ularga Adham 28 avgust kuni olib kelingan, 29 avgustda esa u qayta jo‘natilgani aytiladi. «Bizga Adhamni vaqtinchalik saqlash izolyatoridagilar olib ketganini aytishdi. IIBBda bunday holat bo‘lmagani haqida xabar berishdi», - dedi Shoxruh.

Qo‘lga olingan Olimovning oilasi yana Olmazor tumani prokuraturasiga borishgan. «Adham boshqa joyda emas, aniq Panelniyda bo‘lishi kerakligini bildirishdi», - deya xabar berdi uning ukasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, advokat IIBBga order taqdim etganidan so‘ng, IIB xodimi ular 2 sentabr kuni kelishlarini aytgan.

«Biz birinchida ham, ikkinchi sentabrda ham keldik. Ertaga kelish so‘raldi. Biz u qayerda ekanini aniq bila olmayapmiz. Bizga hali ham sud qarori nusxasi berilmadi, u haqida internetdan bildik. Bugun (2 sentabr - tah.) u bedarak ketganidan roppa-rosa besh kun o‘tdi», - dedi Shoxruh.

Bundan tashqari, yana ikki bloger qo‘lga olingani ma'lum bo‘ldi - Ziyovuddin Rahim va Otabek Usmonov.

Ma'lumotlarga ko‘ra, «Tajvid qoidalari», «Keng rizq va baraka omillari» kabi diniy-ma'rifiy kitoblar muallifi Ziyovuddin Rahim ham Olmazor tumani ma'muriy sudi tomonidan Adham Olimov ayblangan moddalar bo‘yicha aybdor deb topilgan - MJtK 194-moddasining 1-qismi, 195-moddasi. Sud Z.Rahimga 10 sutka ma'muriy qamoq va eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jazo tayinlagan.

Ziyovuddin Rahim/Foto: Facebook

Otabek Usmonov Andijon viloyatining Asaka shahridagi GM Uzbekistan korxonasida qo‘lga olingani aytilmoqda. U ham 15 sutkaga qamoqqa olingan.

Otabek Usmonov/Foto: Facebook

Shuningdek, Muhammad Shakur taxallusida ijod qilgan bloger Toshkent viloyati Qibray tumanida organ xodimlari tomonidan mahkamaga olib ketilgan. Keyinroq u jismoniy imkoniyati cheklangani inobatga olinib, qo‘yib yuborilgan.

Muhammad Shakur/Foto: Facebook

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu blogerlarning qo‘lga olinishi yuzasidan jiddiy tashvishda ekanliklarini bildirishmoqda, ular bunga nima sabab ekani borasida munozaralarga kirishib ketishgan.

Taxminlarga ko‘ra, bunga ushbu blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi so‘nggi postlari, izohlari, xususan, hukumatning «Davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 666-sonli qarori yuzasidan bildirgan fikrlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid