O‘zbekiston | 15:02 / 05.09.2018
25805
2 daqiqa o‘qiladi

Paxta terimchilarining daromadidan 8 foizlik sug‘urta badali ushlab qolinmaydi

Foto: BigPicture

O‘zbekistonda birinchi marta paxta terim mavsumida terimchilardan mehnati uchun oladigan daromadidan pensiya jamg‘armasiga 8 foizlik sug‘urta badali ushlab qolinmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 5 sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

Moliya vazirligining hisobiga ko‘ra, terimchilar daromadidan pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali ushlab qolinmasligi evaziga, 177 milliard 414 million so‘m mablag‘ terimchilar ixtiyorida qoladi. 2017 yilda paxta xomashyosini mashinada terimi – 260 ming so‘m (1 tonna), qo‘l terimi – 450 so‘m (1 kg), 500 so‘m va 700 so‘m etib belgilangandi. Shuningdek, pensiya jamg‘armasiga 8 foizlik sug‘urta badali ushlab qolingandi.

Ushbu yig‘ilishda joriy yilda 1 kg paxta uchun terimchilarga to‘lanadigan haq miqdori ham bildirilgandi. Unga ko‘ra, endi 1 kg paxta xom ashyosini tergani uchun terimchi 1000 so‘mgacha haq olishi mumkin, shuningdek sug‘urta badalini to‘lamaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning aytishicha, paxta terim mavsumida hech kimni majburan terimga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi, bunday qilishga hech kimning haqi yo‘q.

«Bu masala faqat iqtisodiy manfaat topish yo‘li bilan ijobiy hal etiladi. O‘tgan yillarda, yurtdoshlarimizning qo‘shni mamlakatlarga borib, paxta terim mavsumida mehnat qilganini kuzatdik. Biz xalqaro tajribani ham yaxshi o‘rganib chiqdik, xulosa shunday bo‘ldiki, terimchiga ish haqini o‘z vaqtida to‘lab, uning yotoq va ovqatlanish masalalari yaxshi tashkil etilsa, fuqarolarning o‘zlari uzoq-yaqindan kelib, paxta terimiga kirishadi»​, deydi u.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid