O‘zbekiston | 11:08 / 17.09.2018
81821
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank UzCard bilan bog‘liq holat bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki UzCard tizimi ishdagi nosozlik bo‘yicha rasmiy axborot berdi. 

Joriy yilning 15 sentabr kuni UzCard chakana to‘lov tizimida dasturiy nosozlik yuz berdi, natijada bank kartalari bo‘yicha barcha turdagi operatsiyalar, shu jumladan savdo terminali orqali to‘lovlarni qabul qilish va bankomatlar orqali naqd pul olish operatsiyalari to‘xtatildi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Markaziy bank mutaxassislari nosozlik yuz berganidan so‘ng dasturiy ta'minot ishlab chiquvchilari bilan hamkorlikda UzCard  chakana to‘lov tizimi ishini qayta tiklash bo‘yicha qo‘llab-quvvatlov taqdim etmoqda.

Hozirgi vaqtda tizimni tiklashning birinchi bosqichi yakunlandi - to‘lov kartalaridagi qoldiqlar bo‘yicha ma'lumotlar bazasi tiklandi. Ikkinchi bosqich - to‘lov terminallarini tiklash kun davomida amalga oshiriladi.

Zarurat bo‘lganda, fuqarolar zarur bo‘lgan naqd pul mablag‘larini olish uchun o‘zlariga xizmat ko‘rsatadigan banklarga murojaat qilishlari mumkin. Bunda bank kartasi ochilgan bank filialiga murojaat qilish zarurdir (terminallar ishi tiklanganidan keyin har qanday bankning istalgan filialiga murojaat qilish mumkin). Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda mamlakatning barcha hududlarida banklar barcha filiallarini zarur miqdorda naqd pul bilan ta'minlash bo‘yicha ish olib bordi, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Markaziy bank bu voqeani e'tiborsiz qoldirmaydi. Qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tashabbus ilgari suriladi. Unda chakana to‘lov tizimlarining barqaror faoliyat yuritishi maqsadida ularning ishini nazorat qilish va tartibga solish bo‘yicha Markaziy bank huquq va majburiyatlari ko‘zda tutiladi.

UzCard tizimda 15 sentabr kuni soat 18:52da jiddiy nosozlik yuzaga kelgandi va bu muammo ikki kun o‘tib ham bartaraf etilmadi. Tizim ishdan chiqishi O‘zbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga ta'sir ko‘rsatdi. 

Mavzuga oid