Sport | 16:16 / 27.09.2018
13511
2 daqiqa o‘qiladi

Fazliddin G‘oibnazarov: «Jangga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapman»

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Olimpiya o‘yinlari chempioni, bugungi kunda professional ringda faoliyatini davom ettirayotgan o‘zbekistonlik bokschi Fazliddin G‘oibnazarov 20 oktabr kuni AQShning Las-Vegas shahrida o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazadi. O‘sha kuni unga mezbon bokschi Uilbert Lopes raqiblik qiladi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi bokschi bilan bog‘lanib, ushbu jangga tayyorgarlik qanday ketayotgani bilan qiziqqan.

«Navbatdagi raqibim professional ringda yaxshigina tajribaga ega. Chapaqay. Men har bir raqibga qarshi alohida tayyorgarlik olib boraman. To‘qnash keladigan raqibimni o‘rganmay ringga chiqmayman. Tayyorgarlikni uning chapaqayligini hisobga olgan holda olib boryapmiz. Mashg‘ulot zallarini ham shunga qarab o‘zgartirib turibmiz. Tajribali chapaqay bokschilar bilan sparring janglar o‘tkazdim. Bir so‘z bilan aytganda, tayyorgarlik raqibni to‘liq o‘rganishga qaratilgan. O‘ylaymanki, bu menga asqotadi. 20 oktabr kuni tomoshabop jang o‘tkazib, g‘alabaga erishmoqchiman», – degan bokschi.

Ma'lumot uchun, Fazliddin shu kungacha professional boksda beshta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Ikkita g‘alabani muddatidan oldin qo‘lga kiritgan. Lopes esa 34ta jang o‘tkazib, ularning 23tasida g‘alabaga erishgan, (15tasida nokaut evaziga) va 9 marta mag‘lubiyatga uchragan (1 marotaba nokaut bo‘lgan).

Mavzuga oid