Navoiyda terrorchilikda ayblanayotgan Zokir Rahimov ustidan sud eshituvlari davom etmoqda
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudida sudlanuvchi Zokir Rahimov ustidan sud mahkamasining navbatdagi eshituvlari bo‘lib o‘tdi. 28 sentabrga belgilangan mahkama jarayoni ham sudya Faxriddin Xalilov raisligida tashkil etildi. Sudya Xalilov sud eshituvlari tarkibida o‘zgarish bo‘lganini aytar ekan, prokuratura tomonidan shu vaqtgacha sud ishlarida qatnashib kelayotgan prokuror Sobirov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan uning o‘rnini Mirzayev egallaganini bildirdi. Bu haqda ochiq sud majlisida ishtirok etgan Kun.Uz muxbiri xabar bermoqda.
Muxbirning bildirishicha, sudda sudlanuvchining advokatlari Bahrom Abdullayev hamda Qayum Esonov, sudlanuvchining yaqinlari qatnashgan. 28 sentabr kungi eshituvlarda mazkur jinoiy ishda guvoh sifatida qatnashayotgan mahkum Turg‘un Ro‘ziyev bilan videokonferentsaloqa tarzida ko‘rsatuvlari tinglandi. Tomonlar unga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Sud davomida advokatlar guruhi sudya Xalilovga taqdimnoma kiritib, mazkur jinoiy ishda asosiy guvohlar sifatida ishtirok etayotgan ikki kishining sudga chaqirilishini hamda bevosita so‘roq qilinishini ta'minlashni so‘radi.
Sudya Xalilov advokatlarning taqdimnomasini qisman qanoatlantirishga qaror qildi va navbatdagi sud majlisi 2018 yil 3 oktabr kuni soat 11-00ga belgiladi.
Kun.Uz muxbiri sud majlisi yakunida sudlanuvchi Rahimovning advokatlari bilan suhbatlashdi. Ularning bildirishicha, Rahimov ishida 10dan ortiq guvoh shu vaqtga qadar so‘roq qilingan. Advokatlar ayni vaqtda sud jarayoni davom etayotgani bois, guvohlarning ko‘rsatuvlarini izohlay olmasliklarini bildirar ekan, sud eshituvlari nihoyasiga yaqinlashib qolganini, sud raisi barcha dalillar va ko‘rsatuvlarni qiyoslagan holda adolatli hukm chiqarishiga umid qilishlarini ta'kidlashdi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.Uz sayti “O‘zbekiston24” telekanalida Davlat xavfsizlik xizmati ma'lumotlariga asosida tayyorlangan lavhada berilgan axborotlarga asoslanib, 1999 yilgi voqealardan keyin terrorchilikda ayblanayotgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Turkiyaning Istanbul shahrida qo‘lga olingan Zokir Rahimov O‘zbekistonga topshirilgandi. Kun.Uz sayti mazkur sud ishini kuzatishda davom etadi.
Tolib Rahmatov
Mavzuga oid
12:40 / 15.11.2024
Navoiyda salkam 4 balli yer silkinishi sodir bo‘ldi
14:11 / 11.11.2024
Navoiyda Nexia va Exeed to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
12:32 / 06.11.2024
Misr Navoiydagi mis konida burg‘ilash ishlarini boshladi
11:24 / 06.11.2024