O‘zbekiston | 19:36 / 16.10.2018
9145
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda isitish mavsumi boshlandi

Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning 2018 yil 15 oktabrdagi farmoyishiga ko‘ra, viloyat hududida ijtimoiy soha obektlari hamda turar-joy binolarini isitish mavsumi joriy yilning 16 oktabridan boshlanishi belgilandi.

Samarqand viloyat kommunal xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i Rustam Sattorovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mavjud me'yorlarga ko‘ra 5 kun davomida havo harorati Tselsiy shkalasi bo‘yicha +8 darajadan past bo‘lishi kuzatiladigan bo‘lsa, isitish mavsumiga start beriladi. Bu holatda gaz ta'minoti va elektr energiyasi iste'moli limitlari oshiriladi, isitish qozonxonalari ishga tushadi.

Viloyat hokimi farmoyishiga ko‘ra, «O‘zTransgaz» AJ Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filiali, «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati, viloyat «Issiqlik manbai», «Suvoqova» davlat unitar korxonalari hamda shahar va tuman hokimliklariga 16 oktabrdan boshlab kecha-yu kunduz ishlovchi shtablar tashkil etish, ijtimoiy soha obektlari va aholi yashash uylariga, «Issiqlik manbai» tizimidagi isitish qozonxonalariga uzluksiz hamda bir me'yorda tabiiy gaz, elektr energiyasi yetkazib berilishini ta'minlash vazifasi yuklatildi.

Tabiiy gaz yetib bormaydigan aholi punktlariga suyultirilgan gaz uzluksiz yetkazib beriladi.

Shuningdek, viloyat rahbarining farmoyishida ko‘mir mahsulotlarini ijtimoiy soha muassasalariga 2018 yilning 1 noyabrigacha, aholiga esa 1 dekabrga qadar to‘liq yetkazib berilishini ta'minlash belgilandi.

Mavzuga oid