Jamiyat | 17:17 / 16.10.2018
37391
8 daqiqa o‘qiladi

«O‘qituvchi» nashriyotida O‘tkir Hoshimovning 9ta kitobi nashr etildi

O‘zbekiston Xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov asarlari millionlab kitobxonlarning ma'naviy mulkiga aylanib ulgurgan. Qariyb ellik yil davomida adibning yuzdan ortiq kitobi turli tillarda chop etilgani ham yozuvchi asarlarining adabiyot olamida naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatib turibdi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi yozuvchining eng sara asarlarini nashr etishni boshladi. Bugungi kunga qadar adibning 9ta kitobi nashrdan chiqdi. Quyida ular bilan tanishish mumkin:

1. Bahor qaytmaydi

Foto: «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi

1969 yilda yozilgan ushbu qissada iste'dodli bir yigitning shuhrat ilinjida xazon bo‘lgan umri, ma'naviy-ruhiy inqirozi san'atkorona ifodalangan. Ushbu asar sahnalashtirilganiga qaramay o‘quvchilar tomonidan adibning eng ko‘p o‘qiladigan kitoblardan biri hisoblanadi.

2. Nur borki, soya bor

Foto: «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi

1976 yilda yozilgan ushbu asar adibning ilk romani bo‘lib, chuqur mushohadaga chorlaydigan, «bir nafasda» o‘qiladigan mazkur asarda yuqori mansabdagi va aksincha oddiy inson sifatida el orasida qadr topib yashayotgan bir-biriga qarama-qarshi, lekin qaysidir ma'noda tutashgan taqdirlarni o‘zida to‘liq mujassamlashtirgan.

Bularning zamirida kishilar hayotining adib ko‘zi bilan ko‘rilgan aniq va ravshan tafsilotlari huddi bugungidek yorqin ifoda etiladi. Inson taqdiri, uning hayot va mamot o‘rtasidagi oniy lahzalik davr mobaynida boshidan kechirganlari, tiriklik atalmish daryo o‘zanida hamma qatori birdek oqish kerakmi yoki aksincha oqimga qarshi suzmoq darkormi, mana shunday savollar o‘z javobini topgan ko‘ngilga yaqin asar bu.

3. Hikoyalar

Foto: «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi

O‘zbek hikoyanavisligi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adibning «Hikoyalar» kitobiga turli yillarda yozilgan eng sara hikoyalar jamlangan. Kitob sifatli, bejirim muqovalangan, voqealarga mos suratlar bilan boyitilgan.

To‘plamdan o‘rin olgan «Urushning so‘nggi qurboni», «Uloq», «Muhabbat», «Dard», «Nurli halqachalar» kabi xalqimiz qalbiga kirib borgan hikoyalar kitobxonlarni befarq qoldirmasligi shubhasiz.

4. Dunyoning ishlari

Foto: «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi

O‘tkir Hoshimovning 1980-1981 yillarda oralig‘ida yozilgan ushbu qissasi dunyodagi eng oliy tuyg‘u – onaga bo‘lgan muhabbat tarannumiga bag‘ishlangan.

Asar insonni hayot kechmishlari haqida chuqur o‘ylashga, fikrlashga undovchi, kitobxonga ham ma'nan, ham ruhan ta'sir etuvchi teran falsafiy mohiyatga ega bo‘lgan go‘zal ijod namunasidir. «Bu qissa katta-kichik novellalardan iborat, biroq ularning barchasida men uchun eng aziz inson – onam siymosi bor. Bundagi odamlarning hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Faqat ba'zilarining ismi o‘zgardi, xolos. Bu odamlarning qismati ham qaysidir jihati bilan onamga bog‘langan...», - deydi yozuvchi.

5. Ikki eshik orasi

Foto: «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi

Mazkur roman adibning eng salmoqli asarlaridan biri hisoblanadi. Romanda o‘zbek xalqining fazilatlari – jo‘mardligi, har qanday vaziyatda ham iymonini yo‘qotmasligi, mehridaryoligi, teran tuyg‘ular, yorqin bo‘yoqlarda tasvirlangan.

Asarda adib qariyb qirq yillik davrni o‘z ichiga olgan bir qancha murakkab taqdirlar misolida o‘zbek xalqining urush davridagi hayoti, umr yo‘lidagi chigalliklarni mahorat bilan qalamga olgan. Asarda zamonning tuganmas azob toshlariga uchragan, insoniy qadr-qimmatini yo‘qotmagan insonlar, o‘z taqdirini vatan taqdiri bilan bog‘lagan xalq qismati tasvirlangan. Asarni o‘qigan kitobxon ijodkorning o‘sha davr ruhini asarda to‘liq mujassam ettira olganiga guvoh bo‘ladi.

6. Ikki karra ikki – besh

Foto: «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi

Mazkur kitobga yozuvchining eng sara hajviy asarlari jamlangan. Ularni o‘qiganda kitobxonda beixtiyor kulgi paydo bo‘ladi, kayfiyati ko‘tariladi. Qissada keskin yumor ostiga olingan voqealar g‘oyat hayotiy, ta'sirchan aks etgan.

Asardagi hangomalar, bir-biridan qiziq voqealar o‘quvchini kuldiribgina qolmasdan, hayotda uchraydigan turli muammolar ustida o‘ylashga undaydi. Qissadagi sodda, mehnatkash yigit – Qo‘shoqvoy obrazi orqali hayotning o‘nqir-cho‘nqirlari mohirlik bilan tasvirlangan.

7. Sevgi qissalari

Foto: «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi

Sevgi. Muhabbat... Insoniyat tarixi qancha uzoq bo‘lsa, muhabbat deb atalmish tuyg‘u xam shunchalik qadimiydir. Zero inson bor ekan, sevgi ham yashayveradi. Shoir va yozuvchilar, rassom va bastakorlar asrlar davomida bu mavzuda bir-biridan go‘zal asarlar yaratgani bejiz emas.

O‘tkir Hoshimov ham muhabbat haqida talay hikoya, qissa, romanlar yozgan va ular kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilib kelinmoqda. Bu asarlarda sevgining sehr va quvonchlari, iztirob va armonlari g‘oyat hayotiy, ta'sirchan aks etgan.

Mazkur kitobda «Bahor qaytmaydi», «Cho‘l havosi», «Sirli yulduz», «Shamol esaveradi» kabi qissa va hikoyalari jamlangan.

8. Hajviy hikoyalar

Foto: «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi

O‘tkir Hoshimovning jiddiy asarlari qatoridan kitobxonni quvnoqlikka yetaklaydigan, kayfiyatini ko‘taradigan yumoristik asarlari ham o‘rin olgan. Uning o‘nlab hajviy hikoyalari, komediyalari, ichakuzdi hangomalarini o‘qigan va tomosha qilgan o‘quvchining dili ravshan tortadi.

Ushbu kitobda adibning eng qiziq, hajviy hikoyalari hamda «Shumlik turkumidan» nomi ostida o‘zining umri davomida bo‘lib o‘tgan hazil-mutoyibalar, beozor «shumlik»lar o‘rin olgan. «Ajdar tavbasi», «Jinni bo‘lish oson ekan», «Shaharlik kuyov», «Musofir bo‘lmaguncha», «Telpak» va boshqa yumorga boy hikoyalar shular jumlasidandir.

9. Tushda kechgan umrlar.

Foto: «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi

O‘tkir Hoshimovning 1991-1992 yillar davomida yozilgan «Tushda kechgan umrlar» asarida XX asrning saksoninchi yillaridagi hayot ustalik bilan qalamga olingan. Yozuvchi mazkur romanda afg‘on urushi voqealari, urush qatnashchilarining keyingi ruhiy kechinmalarini asar qahramoni Rustam obrazi orqali yorqin tasvirlab bergan.

Asarni o‘qigan kitobxon tinchlikning qanchalik buyuk ne'mat ekanligiga yana bir karra iqror bo‘ladi.

Barcha kitobsevarlarga ushbu asarlarni yana bir bor o‘qishni tavsiya etamiz.

Mavzuga oid