Jamiyat | 18:27 / 20.10.2018
20220
5 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron shahrida qanday qurilish ishlari amalga oshirilmoqda?

2018 yil 20 oktabr kuni Ohangaron shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan OAV vakillarini tanishtirish maqsadida media-tur tashkil etildi. Unda Kun.Uz tahririyati tasvirga olish guruhi ham ishtirok etib, amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami bilan tanishdi.

Ta'kidlash o‘rinliki, uzoq yillar mobaynida shaharsozlik me'yor va qoidalariga amal qilmagan holda, bino-inshootlar va uy-joylarni tartibsiz hamda o‘zboshimchalik bilan qurish, qurilish ishlarining qishloq va mahalla darajasida kompleks yondashuvlar asosida olib borilmasligi oqibatida aholi punktlarining me'moriy qiyofasiga putur yetdi. Shaharlarning bosh plani mavjud bo‘lmagani ham bu jarayonga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmay qolmadi. Ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari infratuzilmalari eskirib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan edi.

Qishloq va shaharlarning me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obektlarini barpo etish va shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi qabul qilindi. Mazkur hujjatlar asosida respublikaning barcha hududlarida qishloq va mahallalar infratuzilmasini tubdan qayta ko‘rib chiqish va zamon talablariga muvofiq yangilash ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Ohangaron tumanida 80ta pudrat tashkiloti tomonidan 2018 yilda 311ta, jumladan, 158ta 2 qavatli 4 xonali, 153 ta 1 qavatli 3 xonali uy qurilmoqda. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 iyuldagi 555-son farmoyishiga asosan Toshkent viloyatining Ohangaron shahri hududidan o‘tuvchi A-373 avtomagistral yo‘li bo‘yida namunali loyihalar asosida 10ta 7 qavatli (kam ta'minlangan oilalar uchun), 24ta 5 qavatli uy tijorat banklarining kredit mablag‘lari hisobidan barpo etilmoqda.

Qurilayotgan 5 qavatli mazkur uylarning 1-qavati maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, 2-5-qavati turar-joy hisoblanadi. Ular 2 va 3 xonadan iborat. Uylarning tashqi, ya'ni fasad qismi buyurtmachilarning talablaridan kelib chiqqan holda, bir xillikdan qochib, yakka tartibda katta yo‘lning me'moriy ko‘rinishini kompleks ravishda hisobga olib, bir-birini takrorlamaydigan qilib ishlab chiqilgan.

Xonadonlar va savdo nuqtalari xaridorlarning imkoniyatlari va xohishiga ko‘ra, to‘liq ta'mirlangan (kaliti balan) yoki ta'mirlanmagan (korobka) holda topshirilishi belgilangan. Demak, bunda iste'molchi-xaridorning xohish-istaklari hisobga olinadi. Masalan, xaridor ta'mirlanmagan xonadonni yoki savdo do‘konini sotib olsa, imkoniyati, didi, real ehtiyoji va boshqa jihatlardan kelib chiqib, o‘zi moslashtirishi mumkin. Bunday tajriba dunyoning yetakchi mamlakatlarida keng foydalaniladi va bu har tomonlama o‘zini oqlagan.

Mazkur loyihaning ahamiyatli jihati yana shundaki, iste'molchi, agar uyni tayyor holda qabul qilib olmoqchi bo‘lsa, uning talab va istaklari hisobga olinadi. Ya'ni pudratchi tashkilotlar uyni xaridorning ko‘nglidagidek bitirib, kaliti bilan topshirishlari mumkin. Tijorat asosida qurib bitkazilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardagi mavjud xonadonlarni talabgor fuqarolarga 15 yilgacha bo‘lgan muddatga bankning ipoteka kredit mablag‘lari asosida sotilishi rejalashtirilgan. 

Ohangaron shahrida qurilayotgan yangi massiv aholisi uchun qator qulayliklar ham yaratilmoqda. Jumladan, uylarning tevaragida maktabgacha ta'lim muassasasi, sport majmuasi, mahalla guzari, piyodalar va velosiped yo‘lakchasi, dam olish joylari, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va boshqa infratuzilma obektlari barpo etilmoqda. Muhimi, shaharning me'moriy qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda. Bu o‘zgarishlar chiroyi shahar aholisining kayfiyatida ham o‘z aksini topmoqda. 

Qurilayotgan 5 qavatli 24 xonadonli hamda 7 qavatli 42 xonadonli uylarda yashovchi aholi va boshqa obektlarni ichimlik suvi bilan ta'minlash ishlariga 16,6 mlrd. so‘m, gazlashtirish ishlariga 1 mlrd. 468 mln. so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Media-tur doirasida Ohangaron tumanining Bosh rejasi asosida amalga oshirilayotgan qurilish-ta'mirlash, jumladan, ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti, yo‘l, aloqa va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi. 

Bundan tashqari, shahar hokimi Odiljon Jo‘rayevning ma'lum qilishicha, mazkur ishlar uchun 192 xonadon uylari buzilgan, ularga o‘zlarining roziliklari bilan uy-joy qurib olishlari uchun No‘g‘ayqo‘rg‘on hududidan yer uchastkalari taqdim etilgan, tovon pullari uchun 34 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ berilgan. 

Mavzuga oid