Jamiyat | 00:55 / 01.11.2018
50483
6 daqiqa o‘qiladi

Shikoyatchi hamisha ham haq bo‘lavermaydi: Kattaqo‘rg‘on tumanidan bir murojaat tafsiloti

“Kun.uz” tahririyatiga Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani, “Mullotog‘ay” mahallasidan murojaat kelib tushdi.

Unda fuqaro T.Xudoyqulov xonadoni asossiz ravishda elektr energiyasidan uzib qo‘yilganligi, bunda Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi va tuman “Elektr tarmoqlari” korxonasi xodimlarini aybdor ekanligini bayon etgan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rgandik.

Ma'lum bo‘lishicha, 2016 yilda tuman “Qoradaryo” elektr ta'minoti korxonasi xodimi O‘.Qosimov T.Xudoyqulov fermer xo‘jaligiga yer maydonini sug‘orishga moslashgan suv nasosiga bir fazali yangi elektr hisoblagichni o‘rnatib bergan. Elektr hisoblagichni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishini va elektr hisoblagich kitobchasini olib kelib berishini aytib, undan tegishli hujjatlar va to‘lovlari uchun mablag‘ni olib ketadi.

Ammo oradan ikki yil o‘tsa hamki, “Qoradaryo” elektr ta'minoti korxonasi xodimi O‘.Qosimov (ayni vaqtda nafaqada) tomonidan bu va'da bajarilmaydi. T.Xudoyqulov esa unga ishonib, mazkur elektr hisoblagich ro‘yxatdan o‘tgan, deb ishonib yuraveradi va fermer xo‘jaligidagi nasos elektr energiyasi yetarli bo‘lmaganligi uchun yaxshi ishlamaganligi bois elektr hisoblagichni uyiga olib kelib qo‘yadi.

Ko‘p vaqt o‘tmasdan “Qoradaryo” elektr tarmoqlari korxonasidan uch nafar nazoratchi uning uyiga kelib, xonadonidagi elektr hisoblagich eski ekanligini, yangilash lozimligini aytadi. T.Xudoyqulov esa fermer xo‘jaligidan olib kelgan elektr hisoblagichni eskisining o‘rniga o‘rnatib berishini so‘raydi va elektr hisoblagich davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini aytadi. Uning iltimosiga ko‘ra, elektr hisoblagich almashtirib beriladi.

2018 yil 4 oktabr kuni esa Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi xodimi O.Maqsudov uning xonadoniga borganida elektr hisoblagich davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligini aniqlaydi va tegishli tartibda, dalolatnoma asosida xonadonni elektr tarmog‘idan uzadi.

— Majburiy ijro byurosi xodimi belgilangan tartibda, asosli ravishda xonadonni elektr energiyasidan uzgan, — deydi Majburiy ijro byurosi tumani bo‘limi boshlig‘i N.Turobov. — Haqiqatan ham elektr hisoblagich davlat ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lgan. Murojaatchining MIB xodimi ustidan shikoyati asossiz.

Murojaatchining iddaosicha, turmush o‘rtog‘i tumandagi maktablarning birida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan davrida, ya'ni 2008–2015 yillarda uning oylik maoshidan jami 4 million 705 ming so‘m elektr haqi uchun ushlab qolingan. Bundan tashqari, fermer xo‘jaligidan 2012–2018 yillar davomida 3 million 100 ming so‘m elektr ta'minoti uchun xonadoni hisobiga ko‘chirgan. 7 million so‘mdan ziyod oldindan to‘lovi mavjud. Qarzdorligi yo‘q.

O‘rganishimiz davomida mutasaddilar ham buni tasdiqladi. Muammo faqat xonadondagi elektr hisoblagich davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligida. Murojaatchi bunda “Qoradaryo” elektr ta'minoti korxonasi sobiq xodimi O‘.Qosimovni ayblaydi.

O‘rganishimiz davomida O‘.Qosimov bilan ham suhbatlashdik. U tegishli hujjatlar yetarli bo‘lmaganligini vaj qilib, elektr hisoblagich davlat ro‘yxatidan o‘tmay qolganligini bildirdi.

Holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani “Elektr tarmoqlari” korxonasi boshlig‘i Farhod Pirmatovdan izoh so‘radik.

— Elektr hisoblagich haqiqatan ham davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, — deydi F.Pirmatov. — Fuqaro ham xodimning so‘ziga ishonib, bu masalani oxirigacha yetmagan. Ammo fuqaroning oldindan to‘lovlari mavjud. Qarzdorligi yo‘q.

O‘rganishlardan ma'lum bo‘ldiki, MIB xodimi xonadonni elektr tarmog‘idan asosli ravishda uzgan. Faqat muammo elektr hisoblagichni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni va'da qilib, ammo bu ishni amalga oshirmagan “Qoradaryo” elektr ta'minoti korxonasi sobiq xodimi O‘.Qosimovdan boshlangan. T.Xudoyqulov esa unga ishonib, masalani oxirigacha surishtirmagan.

Murojaatchi masala mohiyatini tushunib yetdi. Belgilangan tartibda to‘lovlarni amalga oshirib, moddiy zararlarni qoplab, elektr hisoblagichni davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, xonadonini elektr tarmog‘iga o‘sha kunning o‘zida uladi. Muammo hal bo‘ldi.

Ammo bir savol tug‘iladi: murojaatchi qariyb ikki yil davomida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan elektr hisoblagichni ishlatib kelgan. Aynan bu holat nega 2018 yilning 4 oktabriga kelib MIB xodimi tomonidan aniqlandi? Shu vaqtgacha uning xonadoniga MIB yoki tuman “Elektr tarmoqlari” korxonasi xodimlari bormaganmi? Borgan bo‘lsa, nega bu holat shu vaqtgacha e'tibordan chetda qolgan?

Bu savollarimizga mutasaddilardan tayinli javob ololmadik. Bu holatni surishtirib ko‘rishga va'da berishdi, xolos.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Tahririyatga Kattaqo‘rg‘on tumanidan ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Fuqarolar ham turli idoralar eshigida sarson bo‘lib, muammosi hal bo‘lmagandan keyin turli joylarga shikoyat qilishga majbur bo‘lmoqda. Ayrimlari tuman miqyosida, mutasaddilarning ozgina e'tibori bilan hal bo‘ladigan muammolar. Yuqoridagi holat ham buning tasdig‘idir.

Tuman mutasaddilari masalaning mana shu jihatiga ham jiddiyroq e'tibor berishadi, degan umiddamiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid