O‘zbekiston | 00:31 / 03.11.2018
88294
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylar: mas'ullar befarqligiga sabab bo‘layotgan omillar

Qachonlardir aholi noqonuniy qurib olgan uy-joylar va ularni mulk huquqi sifatida e'tirof etish muammosi eng og‘riqli ijtimoiy masalalaridan biri hisoblanadi. Ushbu jarayonda mansabdor shaxslarning sansalorligi, mas'uliyatsizligi va o‘z tili bilan aytganda ma'naviyatsizligi kuzatilmoqda. Xalqni qiynashdan kim manfaatdor? Aybdor kim?

Turar joylarga mulk huquqini berish murakkab vaziyatligicha qolmoqda. Bunda bir qancha tashkilotlarga mulk huquqini e'tirof etishda ishtirok etish mas'uliyati yuklangan va bu bo‘yicha har bir tuman (shahar)da xokim o‘rinbosari raisligida komissiya ish yuritadi. Ish bundoq bo‘libdi, avvalo, komissiya faoliyatini birlashtirib, nazorat qilish komissiya raisining vazifasi hisoblanadi. Fuqarolar o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga mulk huquqini olish uchun ariza bilan Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etganidan so‘ng, ariza bir soat ichida tuman (shahar) kadastr idorasiga tizim orqali yuboriladi. Kadastr idorasi ikki kun ichida komissiya a'zolariga xulosa olish uchun imoratning texnik rejasini va fuqaroning arizasini elektron tizim orqali yuboradi. Ushbu tizim “Kadastr 2.0” deb nomlanadi va u jarayonda ishtirok etuvchi tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvini muvofiqlashtiradi.

Komissiya tarkibi kimlardan iborat?

  • Tuman yer-kadastr bo‘limi;
  • Tuman qurilish bo‘limi;
  • Tuman ekologiya bo‘limi;
  • Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi;
  • Ichki ishlar bo‘limi;
  • Soliq inspeksiyasi;
  • Tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi.

Komissiya a'zolari kelib tushgan ariza (unga murojaat etuvchining pasport nusxasi, uning oila a'zolari haqida hamda yer uchastkasiga egalik qilgan muddatlari va imorat qurilgan vaqt to‘g‘risida mahalladan ma'lumotnomalari ilova qilinadi) bo‘yicha besh ish kuni davomida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga oid o‘z xulosalarini kadastr idorasiga tizim orqali yuborishlari talab etiladi. Barcha ma'lumotlar bir joyga jam bo‘lgach, rad etishga asos bo‘lmagan hollarda, dalolatnoma tuziladi va tasdiqlash uchun tuman, shahar va viloyat hokimi o‘rinbosarlari – komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi. Shundan so‘ng fuqaroga EKIHning 5 baravari miqdoridagi bir martalik yig‘imni 4 ish kuni mobaynida amalga oshirishi haqida elektron tarzda xabar yuboriladi. Eng oxirgi bosqich – tuman (shahar) hokimining qarori 2 ish kuni ichida chiqariladi. Umumiy hisobda 11 ish kunida fuqaro murojaati ko‘rib chiqilishi belgilangan.

To‘lov qayerga yo‘naltiriladi?

20% - Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy g‘azna hisob raqamiga;

20% - Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasiga;

20% - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk davlat korxonalari hisob raqamiga;

40% - tegishli tuman (shahar) mahalliy budjetlarIGA YO‘NALTIRILADI.

Murojaatlar bo‘yicha statistika:

2018 yil iyul oyidan 30 oktyabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida davlat xizmatlari markazlariga kelib tushgan ariza soni - 65970 ta;

mulk huquqi berilgan- 8490 ta;

ko‘rib chiqilmoqda - 44076 ta;

rad etilgan - 6791 ta.

Hammasi xuddi Farmonda belgilanganidek amalga oshirilyapti. Vazifalar belgilangan, ish taqsimoti oydek ravshan. Xo‘sh, muammo qayerda? Yoki hammasi faqat qog‘ozda “silliq” ketyaptimi? Masala mohiyatiga qaraydigan bo‘lsak, bu borada qator huquqbuzarliklar sodir etilgan, balki bu haligacha davom etayotgandir. 

Davlat xizmatlari agentligi bosh maslahatchisi Ulug‘bek Mahmudov bergan ma'lumotiga ko‘ra, shu kunga qadar komissiya a'zolarining 257 nafar xodimi ma'muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 75 nafar mas'ul shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi. Yuqorida sanalgan 7ta organning ayrimlari birday mas'uliyat bilan faoliyat olib bormayotganligi ham fuqarolarni, ham Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini qiyinlashtirmoqda. Xususan, respublikadagi ba'zi Ichki ishlar bo‘limi, soliq inspeksiyasi, tuman qurilish bo‘limlari ortiqcha byurokratik to‘siqlar bilan “himoyalanish”ni afzal ko‘rishmoqda. Bunga nima sabab bo‘lmoqda?

Mahmudov ushbu tashkilotlar ish ko‘pligini bahona qilib belgilangan vazifani vaqtida bajarmayotganliklarini, o‘z vaqtida xulosa taqdim etishmayotganligini ta'kidlab o‘tdi. Natijada fuqarolar oylab sarson bo‘lishmoqda.

Bir tarafdan olib qaraganda, mas'ul shaxslarga ko‘rilayotgan qat'iy choralar o‘z samarasini berayotgandir. Lekin buning o‘zi yetarlimikan? Yanayam ta'sirchan yechim topish kerakdir. Eng katta muammolardan biri - har bir tashkilot tarkibida noqonuniy qurilgan uylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha alohida guruh shakllantirilmagan. 

Masalan, arxitektor o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishdan tashqari yana komissiya a'zosi bo‘lsa, u avval qaysi topshiriqni bajarishi kerak? Umuman olganda, komissiya tarkibiga kiritilgan mas'ullarni ayrim qo‘shimcha ishdan ozod etish ish sifati va unumdorligini oshirishga xizmat qilardi. Muammoni hal qilishda uning ichiga kirib o‘rganish lozim. Faqat jazo chorasini qo‘llashning o‘zi esa yetarli emas, nazarimda.​

Mavzuga oid