Jahon | 22:01 / 07.11.2018
10211
2 daqiqa o‘qiladi

Lion Air’ning yana bir samolyoti halokatga uchrashiga bir baxya qoldi

Foto: Reuters

Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasi samolyoti Bengkulu shahridan havoga ko‘tarilish vaqtida yorug‘lik machtasi bilan to‘qnashib ketdi. Detik portalining ma'lum qilishicha, samolyotdagi 143 yo‘lovchi va ekipajning 7 a'zosiga hech narsa qilmagan. 

Boeing 737-900 samolyoti harakatlanish vaqtida noma'lum sabablarga ko‘ra chap qanoti bilan yorug‘lik ustuniga tekkan, buning oqibatida qanot qisman deformatsiyalangan. Yo‘lovchilar aeroport binosiga evakuatsiya qilingan, keyinroq ularga Jakartaga uchish uchun boshqa samolyot berilgan. Ayni vaqtda voqea sababi aniqlashtirilmoqda.

29 oktabrda shu aviakompaniyaning Boeing 737 Max 8 samolyoti Jakartadan Pankalpinang shahriga parvoz bajarayotgan vaqtda halokatga uchragandi. U havoga ko‘tarilgandan 13 daqiqa o‘tib noma'lum sabablarga ko‘ra Yava dengiziga qulagan. Samolyotda bo‘lgan barcha 189 kishi halok bo‘lgan. 

Lion Air Indoneziyadagi aviatashuvlarning taxminan 40 foizini bajaradi. 2017 yilda aviakompaniya 51 mln kishiga xizmat ko‘rsatgan. Aviakompaniya Malayziyaning AirAsia aviakompaniyasidan keyin Janubi-Sharqiy Osiyoda yirikligi bo‘yicha 2-raqamli loukoster hisoblanadi. Uning parkida deyarli 300 ta samolyot bor bo‘lib, ulardan aksariyatini Boeing’lar tashkil qiladi.

Mavzuga oid