Sherzod Kudbiyev ishsizlarga patent berish masalasiga oydinlik kiritdi
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbari Sherzod Kudbiyev ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sababchi bo‘lgan «mardikorlarga patent joriy qilish tashabbusi»ga izoh berdi. Vazirning bildirishicha, bu ixtiyoriy bo‘lib, hech kim ularni patent olishga yoki qandaydir to‘lovni amalga oshirishga majburlamaydi. Kudbiyev bu haqda vazirlikda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma'lum qildi, deb xabar qilmoqda KUN.UZ muxbiri.
«Bizning «achchiq tajribamiz» shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim hurmatli OAV, bizlarning xayrli niyatlarimizni boshqacha talqin qilishlari mumkin. Shu ma'noda men bu yerda to‘planganlar va OAV vakillaridan yordam berishlarini so‘ragan bo‘lar edim. Masalan, ishga joylashish uchun beriladigan patent to‘g‘risidagi taklifimiz, internetda qizg‘in muhokama bo‘lmoqda. Garchi bu narsa yangilik emas edi. Ayrim OAV esa, bu xabarni ijtimoiy tarmoqlarda reklama sifatida ham joylashtirishdi», - dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbari Sherzod Kudbiyev.
U yig‘ilish mavzusiga aloqador bo‘lmasa-da, patent masalasiga oydinlik kiritib o‘tdi.
«Gap nima haqida bormoqda. Gap shundaki, bugungi kunda ko‘plab fuqarolarimiz o‘zlari ish topib, mehnat qilishmoqda. Ular himoyalanmagan va qonunchiligimizda, ular kelgusida pensiya olishini ta'minlaydigan me'yor yo‘q. Gap shu haqda bormoqda. Ya'ni ularga eng kam oylik ish haqining 4,5 baravari miqdorida pul to‘lash evaziga shunday imkoniyatni taqdim etishdir. Agar ular, pul to‘lashni xohlamasa, hech kim ularni majburlash, qandaydir to‘lovlarni amalga oshirishlarini majburiy ravishda joriy qilishni rejalashtirayotgani yo‘q. Ular shaxsiy tartibda ish topib, mehnat qilishda davom etaveradi», - deya oydinlik kiritdi vazir.
Uning ta'kidlashicha, xorijga ishlashga ketayotgan mehnat muhojirlarida bu me'yor bor, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida ishlaydiganlarga ham ma'lum bir to‘lovni amalga oshirishsa, pensiya olish imkoni beriladi. Boshqalarda esa, bunday haq-huquq yo‘q.
«Bu yerda, o‘zlari ish topib ishlaydiganlarga ham pensiya olish huquqini berishdan iborat. Shu bilan gap tamom. Ammo ayrim axborot manbalari davlat mardikorlarga ham soliq solmoqchi, deb jar soldi», - dedi Sherzod Kudbiyev.
Mavzuga oid
17:51 / 15.11.2024
Rossiyaning Samara oblastida migrantlar uchun patent narxi 1,5 baravar oshirildi
19:02 / 16.10.2024
Rossiyaning bir qator hududlarda migrantlar mehnatiga yangi cheklovlar o‘rnatildi
22:45 / 17.09.2024
Peterburgda mehnat migrantlarining 7 mingdan ortiq patenti bekor qilindi
18:44 / 08.08.2024