O‘zbekiston | 16:18 / 20.11.2018
24392
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarni Koreyaga ishga joylashtirish bilan xususiy bandlik agentliklari shug‘ullanishi mumkin

Kelgusida O‘zbekistonning xorijda, ya'ni J.Koreya, Yaponiya, arab davlatlari, Yevropa va boshqa rivojlangan, ish kuchiga ehtiyoji bo‘lgan mamlakatlarda ishlash istagini bildiruvchi fuqarolariga xususiy bandlik agentliklari yordam berishlari mumkin bo‘ladi. Shunday qilib, yaqin kelajakda, fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga joylashtirish bilan faqatgina Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi shug‘ullanmasligi mumkin. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev vazirlikda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shu haqda ma'lum qildi. 

Kudbiyev, shuningdek O‘zbekistondan Rossiyaga ish qidirib boruvchi fuqarolar soniga ham oydinlik kiritdi. Xorijga ishlashga ketayotganlarning 85 foizi Rossiyani tanlagan. Bir yilda O‘zbekistondan Rossiyaga ishlash maqsadida ketganlar soni 1,5 mln kishini tashkil etgan. Tashqi mehnat migratsiyasi borasida yagona agentlik bo‘lishi esa, chet elda ishlash istagini bildirgan o‘zbekistonliklarga shaffof va porasiz xizmat ko‘rsatish imkonini bermagan. 

Uning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda 27 yilda birinchi marta xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga aholini ishga joylashtirish bilan shug‘ullanishlariga ruxsat beruvchi «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Qonun 34 moddadan iborat bo‘lib, unda xususiy bandlik agentliklari tushunchasi izohlangan. Uning faoliyati prinsiplari, tashkil etilishi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, mulkiy asoslari belgilab berilgan. Shu bilan birga, Qonunda xususiy bandlik agentliklarining (XBA) huquq va majburiyatlari, vazirlikning majburiyatlari aniqlab berilgan. 

«Vazirlik OAV bilan birga shunday ekotizimni tashkil etishi kerakki, unda XBA O‘zbekiston mehnat bozorida faoliyat yuritishlari juda qulay bo‘lishi kerak. Bu vazirlik uchun ham aholini mamlakat ichida va tashqarisida ishga joylashtirish nuqtai nazaridan baholaganda foydalidir. BMMV aynan sizlar fuqarolarni ma'lum bir haq evaziga yanada ko‘proq ishga joylashtirishingiz uchun imkon darajasida ko‘maklashishni xohlaydi», - dedi Sherzod Kudbiyev. 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda chet elga ishga joylashish istagini bildirayotganlarning mutaxassislik malakasini tasdiqlash borasida jiddiy muammolar mavjud. Ayni vaqtda, aynan chet elda talab kuchli bo‘lgan payvandchi, elektromontajchi, kafelchi va boshqa shu kabi mutaxassisliklarning malakasini aniqlovchi tuzilma tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. 

Mavzuga oid