Jamiyat | 21:50 / 21.11.2018
62567
14 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston davlat sirkida nima gap?

O‘zbekiston respublikasi davlat sirki so‘nggi paytlarda asosan muammolar bilan tilga tushmoqda. Dastlab, uzoq yillar sirkning rahbari bo‘lgan O‘zbekiston xalq artisti Bahrom Majidov sirkdagi talon-tarojlar ortidan Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 3-qismida keltirilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib, IIV tomonidan qidiruvga berilgani haqida xabar yoritildi. Ammo keyinchalik bu xabar IIV saytidan olib tashlandi. Hozir Bahrom Majidovning ukasi Rustam Majidov sirkning muvaqqat rahbari etib tayinlangan. Bir necha oy oldin sirkdagi hayvonlarga yetarli miqdorda yegulik berilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyin zo‘r berib reklama qilingan «Delfinlar shousi» bir necha bor ortga surildi. Bu va boshqa masalalarga oydinlik kiritish, bu gaplar haqiqatga qanchalik yaqinligini bilish uchun sirk rahbariyati bilan uchrashdik.

Xorijiy OAVda e'lon qilingan maqolalarga, bugungi o‘rganishlarga sabab bo‘lgan murojaatchilarning ko‘rsatmalariga asoslanadigan bo‘lsak, akasining ishini davom ettirgan Rustam Majidov davrida sirkdagi talon-tarojliklar yanada kengroq ko‘lamda davom etmoqda.

Ismini oshkor qilishni istamagan, lekin kasbi yuzasidan sirkning butun ish jarayonidan boxabar bo‘lgan sobiq xodim shunday deydi:

– Tsirkning eng asosiy ishi nima? Ko‘ngilochar tomoshalar ko‘rsatish. Agar mana shu yagona vazifasini bajarmasa, bunday tashkilotning nima keragi bor? O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi – O‘zbekiston respublikasi davlat sirki qachon oxirgi marta tomosha ko‘rsatdi?!

O‘z repertuaridan putur ketgani yetmaganday, rosa vahima qilingan «Delfin shou» ham barbod bo‘ldi. Katta mablag‘ evaziga manej o‘rniga qurilgan basseyn bekor yotibdi. Na o‘z tomoshasiga imkon bor, na delfin shou uyushtirilyapti. Dunyodagi deyarli barcha sirklar o‘z daromadlari hisobidan faoliyat yuritadi. Bizda sirk tomoshalar ko‘rsatib, o‘z xarajatlarini qoplashi haqida umuman gap bo‘lishi mumkin emas. Lekin davlatning bergani ham qiya bo‘lib ketyapti-da.

Yirik hayvonlar och, ozib-to‘zib ketib, tomoshalarga yaramay qolgan. Sher va yo‘lbarslar kuniga maxsus tekshiruvdan o‘tgan 7-8 kilogramm mol go‘shti yeyishlari kerak. Ular haftasiga ikki marta sifatsiz, sersuyak go‘shtdan ozgina yeb, boshqa payt qoldiq ovqatlar bilan ovunishga majbur. Endi bu hayvonlar shou uchun yo‘qotilgan hisoblanadi. Axir bu hayvonlar ham artist hisoblanadi-ku? Bitta sher yoki yo‘lbarsni topib keltirish, biror nomerga o‘rgatish uchun davlatning chakana mablag‘i va mehnati ketadimi?

Bundan tashqari, sirkdagi har qanday moddiy boyliklar kirib chiqishi maxsus kirim-chiqim hujjatlari asosida amalga oshirilishi shart. Lekin men ishlagan oxirgi paytlarda tovar moddiy boyliklar, mahsulotlarning ko‘pchiligi hech bir hujjatsiz olib chiqib ketila boshlandi. Bu borada ko‘p marta e'tiroz bildirdim. Oxir-oqibat o‘zim ham aybsiz aybdor bo‘lib qolishdan qo‘rqib, ishdan bo‘shab ketdim.

Tsirkning sobiq xodimi Azamat Husinov o‘z murojaatida quyidagi gaplarni yozgan:

– 2018 yilning yanvar oyida «Rijik» laqabli maymunning joyi direktor tomonidan olib qo‘yilgan. Shu sababli, maymun yo‘lbarsning yoniga borib qolgan va yo‘lbars uni yeb qo‘ygan. Men bir necha yillar davomida yo‘lbars va sherlarni turli nomerlarga o‘rgatganman. Nomerimga Rossiya federatsiyasidan taklifnoma kelganida, direktor badiiy kengash bilan kelishgan holda borishimga ruxsat bermadi. Chunki uning mablag‘ni berish shartiga rozi bo‘lmadim. Hozir men sirkdan ishdan ketganman. Shuningdek, direktor turmush o‘rtog‘im Zubayda Husinovaning rus tilini bilmasligidan foydalanib unga ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozdirib olgan.

Anonim murojaat baribir o‘z nomiga ko‘ra sirli, undagi faktlar aniqligiga kafolat yo‘q. Biz masalaga oydinlik kiritish uchun bevosita sirk rahbari Rustam Majidovga murojaat qildik. Majidov o‘zi intervyu berish bilan birga, xodimlar jamoasini ham suhbatga jalb etdi. Shuningdek, sirkdagi barcha jarayonlarni bevosita kuzatish va tasvirga olish imkoniyatini yaratib berdi.

—  Rustam aka, avvalo bir holatga aniqlik kiritib ketaylik. Siz o‘z akangiz, O‘zbekiston xalq artisti Bahrom Majidov ishdan ketganidan so‘ng, uning o‘rnida vaqtinchalik direktor vazifasini bajarib turibsiz, shundaymi?

— Yo‘q, bu mutlaqo noto‘g‘ri. Akam ishdan bo‘shaganidan so‘ng yetti yil davomida bu dargohda bir necha direktor almashdi. Ular bir necha oydan, bir yarim yilgacha ishlashdi. Ularning ayrimlariga qarshi jinoiy ishlar ochildi, qamalib ketganlari ham bo‘ldi. Mening nomzodimni jamoaning o‘zi tavsiya qilgan. Akamning o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sirk rahbarligini qabul qilib olganim yo‘q. Tsirk sohasida 30 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqdaman.

— Hozir sirkning umumiy jamoasi necha nafar xodimdan iborat?

— O‘zbekiston respublikasi davlat sirki 350 nafar xodim shtat birligiga ega.

— Nechta hayvon parvarishlanmoqda?

— Tsirkimizda 13 turdagi 82 bosh hayvon parvarishlanadi. Ularning 4 turi qizil kitobga kiritilgan. Har bir hayvon turi bilan shug‘ullanuvchi alohida mas'ul mutaxassislar bor.

— Hayvonlar ta'minoti haqida so‘zlab bersangiz, masalan yirik yirtqichlar, sher va yo‘lbarslarga go‘sht qayerdan olinadi?

— Bizga davlat, Madaniyat Vazirligi tomonidan mablag‘ ajratiladi. Biz har bir mahsulotni, xususan, go‘shtni ham faqat birja orqali xarid qilamiz. Birjada hammasi shaffof o‘tkaziladi. G‘olib chiqqan tashkilotning mahsuloti ham veterinarlarimiz tomonidan tekshiriladi, talabga javob bermasa, qaytarib yuboriladi.

— Sobiq xodimingizning taklifnoma asosida Rossiyaga jo‘natilmaganini qanday izohlaysiz?

— U xodim kimligini yaxshi bilaman. Azamat Husinov men ishga kelgunimga qadar yetti oy davomida sher va yo‘lbarslarimiz bilan Qozog‘istonda tomoshalar ko‘rsatib, sirkimizga 28 million so‘m mablag‘ tushirgan. Endi undan o‘zining maoshlarini chiqarib tashlasak, tashkilotga juda arzimas mablag‘ qoladi. Xuddi shunday xorijiy ko‘chma sirkning O‘zbekistondagi tomoshalari uchun biz bu hayvonlarni ikki oyga ijaraga berib, bundan ko‘proq mablag‘ tushirishga erishdik. Bu masalaning iqtisodiy tomoni. Eng muhimi, men o‘z ixtiyorimcha hayvonlar va xodimlarni xorijga jo‘nata olmayman. Buning uchun Madaniyat Vazirligi, Tashqi Ishlar Vazirligining ruxsatnomalari kerak. U o‘zboshimchalik bilan kontrakt tuzgan. Kontrakt muddati tugab qolmasligidan unga ruxsat berishimizni so‘ragan. A.Husinov umr yo‘ldoshi bilan ishdan bo‘shatilgandan so‘ng, turli tashkilotlarga shikoyat xatlari yozgan. Shuningdek, Prezident qabulxonasiga ham. O‘zingizga ma'lumki, «Ozodlik» saytiga ham murojaat qilgan. Lekin ko‘pchilik OAV xodimlari masalani to‘liq o‘rganmay turib, ma'lumotlarni ommaga taqdim etgan. 

«Delfinlar shousi» bir necha bor ortga surilgani sabablariga ham to‘xtalsangiz.

— Bu shou «Delfinlar shousi» MChJ tomonidan uyushtirilgan. Biz faqat binoni ijaraga berganmiz va ishlatilmagan vaqt uchun ham ijara to‘lovlari to‘lanmoqda. Shou bizning aybimiz bilan emas, dastlabki keluvchi tomon – rossiyalik artistlarga delfinlarni olib chiqishga ruxsat berilmagani tufayli ortga surildi. Hozir Ukraina tomoni bilan hamma kelishuvlarga erishilgan, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yaqin kunlarda «Delfinlar shousi» boshlanadi. Bu haqda batafsil ma'lumot berganmiz.

Vaziyatga izoh berish uchun ataylab tashrif buyurgan Madaniyat Vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva shunday dedi:

— Vaziyat to‘laligicha vazirligimiz, bevosita vazirimiz nazoratida. Baxtiyor Sayfullayev sirk faoliyatini o‘rganish uchun maxsus ishchi guruh tuzishni va barchasini xolisona o‘rganishni buyurgan. Ishchi guruhimiz bir necha marta kelib, bu yerdagi vaziyatni o‘rgandi. Aytish mumkinki, o‘sha murojaatlarda ko‘rsatilgan kamchiliklar tasdig‘ini topmadi. To‘g‘ri, ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Lekin ularni tuzatish mumkin. Xususan, «Delfinlar shousi» bo‘yicha jiddiy nazorat zarurligi ta'kidlandi, oziq-ovqatlarni saqlash borasida ham kerakli ko‘rsatmalar berildi. Vazirimiz hattoki hayvonlar holatini o‘rganish uchun hayvonot bog‘i veterinaridan tashqari bu ishlarga aloqador bo‘lmagan xolis veterinarni jalb qilishga ham ko‘rsatma berdi. Barcha tekshiruvlar hayvonlar holati qoniqarli ekanligini ko‘rsatdi.

Suhbatimizga direktorning ijodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Xametov ham qo‘shildi:

— Azamatning bu ishi to‘g‘ri emas. Sababi, sirk qoshida 13 kishidan iborat badiiy kengash faoliyat yuritadi, har bir dasturni shu kengashda ko‘rib chiqamiz. Azamat taklifnomani ko‘rsatib, jo‘natishni talab qilyapti. Axir bu yirik hayvonlar davlat tasarrufida, uning xususiy mulki emas-ku? U hayvonlarni o‘rgatgan bo‘lsa, buning uchun maosh olgan, hayvonlar shu tashkilot hisobidan boqilgan. Hayvonlar va xodimlar xorijga jo‘natilar ekan, bundan sirkimiz ham manfaatdor bo‘lishi shart. Axir biz faqat bir artistning obro‘si uchun xizmat qila olmaymiz.

Hayvonlarning och qoldirilishiga kelsak, hozir birgalikda kiramiz, ularning holini bevosita ko‘rasizlar, suratga olasizlar.

Tsirk xodimlari kasaba uyushmasi raisi Olga Penkina vaziyatni izohlarkan shunday dedi:

— Sobiq xodimimizning bu ishi, ustimizdan ko‘p joylarga shikoyat yo‘llashi xodimlar kayfiyatiga yomon ta'sir qildi. U o‘sha maymun yo‘qolgani to‘g‘risidagi holatni ham bir oy yashirgan. Eng qizig‘i, undan maymun qayoqqa yo‘qolgani to‘g‘risida so‘ralganida u osongina «yo‘lbars yeb qo‘ydi» deb qutulmoqchi bo‘ldi. Lekin bu holatning birorta izi qolmagani ajablanarli. Na qon izi bor, na maymunning terisi-yu junlari.

Xodimlarimizdan juda ahil jamoa shakllangan. Uning ahilligini buzish yaxshilik keltirmaydi.

Bosh ma'mur Mirhosil To‘rabekovning so‘zlari ancha ta'sirli bo‘ldi:

— Sobiq xodimimizning bu ishi qo‘pol bo‘lsa-da, tuzni ichib, tuzliqqa tupurish bo‘ldi. Jamoa orasiga nifoq solish hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi. Shuncha katta jamoa bir jonu-bir tan bo‘lib ishlayotgan bir paytda har xil ig‘volarni tarqatishdan, ommaviy axborot vositalarida bo‘lar-bo‘lmas gaplarni aytishdan qanday odam manfaatdor bo‘ladi? Hayronman...

Tsirkning matbuot kotibi Latofat Sa'dullayeva kelgusi rejalar haqida so‘zlab berdi:

— Hozir jamoamiz zo‘r berib yangi yil bayramiga hozirlik ko‘rmoqda. Bolajonlarimiz uchun ajoyib nomerlar tayyorlayapmiz. Asosiy arenamizda delfinlar shousi o‘tkazilishiga qaramay, alohida maydonda yangi yil tomoshalari bo‘lib o‘tadi. Shunday paytlarda xodimlar orasiga nifoq solishdan maqsad nima ekan? Axir bu sirk, madaniyat o‘chog‘i, insonlar hordiq chiqaradigan maskan. Mana hozir sirkimiz ulkan o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Binolarimiz ma'nan eskirgan, zarur sharoitlar yetarli emas. 2019 yilda hukumatimiz, vazirligimiz tomonidan kapital ta'mirlash rejalashtirilmoqda. Shunday kunlarda sirk obro‘siga putur yetkazish yaxshi emas.

Tsirkdan chiqqanimizdan so‘ng bu o‘rganishlarga sabab bo‘lgan murojaatlar muallifi Azamat Husinov bilan ham uchrashdik. U dastlab ishdan bo‘shab ketgani, endi bu voqealarga izoh bera olmasligini bildirdi. O‘sha faoliyat yuritgan davriga oid savollar berishimizni aytganimizda kim bilandir (keyin aytishicha turmush o‘rtog‘i bilan) maslahatlashib olishi zarurligini aytib, telefon orqali gaplashdi. So‘ng hozir savollarga javob bera olmasligini aytdi.

Nachora, har qanday murojaat dalillar taqdim etilgandagina ishonchli bo‘ladi. Suhbatning iloji bo‘lmagani tufayli biz shikoyatlardan iborat murojaat muallifi bilan xayrlashdik.

Abror Zohidov, Rahmatullo Isroilov,

tasvirchi Fazliddin Abduqodirov.

Mavzuga oid