Jahon | 15:42 / 19.12.2018
19760
2 daqiqa o‘qiladi

Kuril orollariga Rossiya harbiylari joylashtirilmoqda. Yaponiya bunga norozilik bildirdi

Foto: Stringer / RIA Novosti

Yaponiya Kurilning Iturup va Kunashir orollarida rossiyalik harbiylar uchun kazarmalar qurilishiga nisbatan norozilik bildirdi. Bu haqda Yaponiya vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yosixide Suguga tayanib The Mainichi gazetasi xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda tomonlar hududiy bahs tufayli to‘xtab qolgan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirish ustida ish olib bormoqda.

TASS xabariga ko‘ra, 2018 yil oxiriga qadar Iturup va Kunashir orollaridagi harbiylar yotoqxonalariga askarlar joylashtiriladi. Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i polkovnik Aleksandr Gordeyevning qayd etishicha, 2019 yilda Iturupda yana ikkita va Kunashirda bitta yotoqxona quriladi.

Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan so‘ng Moskva va Tokio o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilmagan. Bunga Kuril janubidagi Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai orollari bo‘yicha bahsning hal etilmagani sabab bo‘lgan.

Yaponiya Janubiy Kuril orollarini o‘zining shimoliy hududi deb hisoblaydi va ularning Rossiyaga tegishli ekanini tan olmay keladi. Moskva esa hududiy bahs mavjudligini tan olmaydi.

Mavzuga oid