O‘zbekiston | 13:46 / 25.12.2018
17328
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholisi asosan qaysi turdagi ish bilan bandligi ma'lum qilindi

Viloyat va tuman markazlarida yashaydigan aholi asosan - davlat tashkilotlari va muassasalarida, ijtimoiy sohalarda, sanoat va qurilish tarmoqlarida, savdo, umumiy ovqatlanish, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohalarida va tashki mehnat migratsiyasida bandligi ma'lum bo‘ldi. Tabiiyki, qishloq aholi punktlarida joylashgan aholining asosiy qismi qishloq xo‘jaligida, ya'ni dehqonchilik, chorvachalik, parrandachilik, baliqchilik va o‘zining shaxsiy tomorqasida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bilan band. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi o‘tkazgan tadqiqot yozilgan. 

Joriy yilning oktabr-noyabr oylarida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotda yozilishicha, joylarda kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikda va qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlarning faolligi muayyan o‘sishi ro‘y bermoqda. 

Davlat  statistika  qo‘mitasining  ma'lumotiga  ko‘ra  2018  yil  1  oktabr holatiga  respublikada aholining o‘rtacha soni 32 870,9 ming kishini tashkil etadi.  Shuningdek,  joriy  yilning  yanvar-sentabr  holatiga  ko‘ra  mehnat resurslari 18 814,1 ming kishini tashkil etgan holda ulardan 18 697,2 ming kishi  mehnatga  layoqatli  yoshdagi  mehnatga  layoqatli  aholini  va  116,9  ming kishi  pensiya  yoshidagi  va  mehnatga layoqatli  yoshdan  kichik  bo‘lgan iqtisodiyotdagi  band  kishilarni  tashkil  etgan.  Shundan,  iqtisodiy  faol aholi  78,1%  tashkil  etgan  bo‘lsa, iqtisodiy  nofaol  aholi  21,9%  to‘g‘ri kelgan.  

Ma'lumotlarga  ko‘ra  jami  bandlarning  2/5  qismi  rasmiy  sektorda shakllangan bo‘lib, yanvar-iyun holatiga nisbatan 66,0 ming kishiga ortishi kuzatildi. Bu asosan statistik ma'lumotlar bazasiga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlaridagi  (yuridik  shaxslardagi)  bandlarning  ortishi  orqali kuzatildi. 

Norasmiy  faoliyat  orqali  bandlikni  ta'minlovchilar  soni  esa  kam miqdorda  ortgani  bilan  norasmiy  sektorning tarkibiy  indikatorlarida  yanvar-iyun  holatiga nisbatan  keskin  o‘zgarishlarni  kuzatish  mumkin. 

O‘rganish natijalariga ko‘ra eng ko‘zga tashlanadigan farq  bu  mavsumiy  ishlarda  bandlarning  ortishi bilan bog‘liqdir. Avgust-sentabr oylarida qishloq xo‘jaligida bajariladigan  ishlarning ko‘payishi va daromad olish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lganligi sababli ko‘pchilik fuqarolar mavsumiy qishloq xo‘jalik ishlarida band bo‘lganliklarini e'tirof etishdi.  Yanvar-iyun holatiga ko‘ra jami o‘sish 200,4 ming kishini tashkil etgan holda 122,8% ko‘rsatkichni tashkil etgan.  

Shuningdek, bir martalik ishlarni bajaruvchilar, dehqon xo‘jaliklarida bandlar,  tashqi  migrantlar  va  ishga  joylashtirishga  muhtoj  fuqarolar yanvar-iyun ko‘rsatkichlariga qaraganda ancha kamaygan. Buning asosiy sababi mavsumiy  qishloq  xo‘jalik  ishlarida  daromad  olish  imkoniyatini  yuqori bo‘lishi va fuqarolarni shu ishlarda band bo‘lish bilan bog‘liq.

Mavzuga oid