Yilning eng faol va sust matbuot xizmatlari Kun.uz tasnifida
2018 yil sarhisobi davomida vazirlik, tashkilot, idora va muassasalarning matbuot xizmati to‘g‘ri hamda batafsil ma'lumotlarni jamoatchilikka yetkazib bera oldimi, degan savol turibdi. Kun.uz tasnifida yil davomida samarali mehnat qilgan matbuot (axborot) xizmatlari, shuningdek, ochiq ma'lumotlarni ham yashirishga intilgan, ish samaradorligi bilinmaydigan xizmatlar reytingini e'tiboringizga havola etamiz.
Yilning eng yaxshi matbuot kotibi
Vazifasini sidqidildan amalga oshirib, zimmasidagi mas'uliyatni ado etayotgan matbuot xizmati - Bosh prokuratura matbuot kotibi Surayyo Rahmonova. Vaholanki, Bosh prokuratura tizimida o‘nlab boshqarma, tuzilmalar bo‘lsa-da, Rahmonova prokuratura vakolati doirasidagi barcha so‘rovga o‘z vaqtida munosabat bildiradi. Uning har bir munosabati rasmiy izoh sifatida talqin etiladi. Prokuratura tizimiga oid xabarlarni aniqlashtirish uchun qilingan barcha murojaatlar qaysidir ma'noda qanoatlantirilgan, ya'ni savol javobsiz qolmagan.
Yilning eng faol matbuot xizmati
Garchi bu masalada bir to‘xtamga kelish qiyin bo‘lsa-da, tan olish kerakki, Komil Allamjonov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi prezident matbuot xizmati jamoasi media maydonida jonbozlik ko‘rsatdi. Davlat rahbarining tashriflari, uning ishtirokida o‘tgan yig‘ishlar, uzoq yillar kuzatilgan odatiy reportajlardan farqli ravishda, jonli tasvirlar bilan boyitildi.
Prezident matbuot kotibi lavozimida ishlagan Komil Allamjonov esa davlat ahamiyatiga molik ijtimoiy-siyosiy masalalarda rasmiy izoh berishni boshladi. O‘qituvchi Diana Yenikeyeva bilan yuz bergan holat yuzasida jurnalistlarga brifing berildi. Bizningcha, bularning barchasi tahsinga sazovor va ishlar shu zaylda davom etishi kerak edi. Albatta, Komil Allamjonovning boshqa lavozimga o‘tkazilishi prezident matbuot xizmati faoliyatining sustlashib, axborotlarni to‘liq va tezkor uzatilishiga salbiy ta'sir qilmoqda.
Yilning eng ochiq matbuot xizmati
Bu yo‘nalishda, shaksiz, Adliya vazirligi va tizimda sermahsul ishni davom ettirayotgan Adliya matbuot xizmati tan olinishi kerak. Gap shundaki, Adliya vazirligidan ma'lumot olish, u yoki bu masala yuzasidan izoh so‘rash nafaqat OAV vakillari, balki barcha uchun ham mushkul ish emas. Qolaversa, vazirlik dolzarb ma'lumotlarni «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida muntazam e'lon qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan vazirlik matbuot xizmati muloqotlarga ochiq, vazirlik huzurida bir nechta mustaqil targ‘ibot guruhlari shakllantirilgan bo‘lib, ular qonun va hujjatlarni elga tushunarli tilda yetkazib berilishiga harakat qiladi. Shu o‘rinda Davlat xizmatlari agentligi jamoasi ham samarali faoliyat yuritayotgani, agentlik esa Adliya huzurida ekanligini inobatga olsak, Adliya vazirligi matbuot xizmati eng ochiq xizmatlardan birinchisi bo‘lishga loyiq.
Yilning tezkor matbuot xizmati
O‘z tizimida kutilmagan hodisa va voqealarga ko‘p duch kelgan, ammo har bir holatda tezkor bo‘lishga intilgan Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati yil sarhisobi bo‘yicha alohida e'tirof etilishi lozim. Aqto‘be fojiasidan boshlab, ovqatlanishdan ommaviy zaharlanish, is gazidan vafot etish holatlarigacha tezkor munosabat bildirib, vazifasini uddalab kelayotgan vazirlik matbuot xizmati juda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganini yashirmaslik lozim.
Gap shundaki, fors-major vaziyatlar paydo bo‘lishi va unga munosabat bildirish tarozi pallasining bir tomonidagi ish bo‘lsa, oq xalat egalarini majburiy mehnat, majburiy obuna kabi balolardan saqlash, axborot xurujlarga tayyor turish boshqa palladagi ish bo‘ldi. O‘ylaymizki, Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoasi tezkorligi tufayli ijobiy imidjni yanada mustahkamlay oldi.
Bundan tashqari, vazirlik matbuot kotibi Furqat Sanayev xizmatlari evaziga Kun.uz'da e'lon qilinayotgan (ayrim paytlar e'lon qilinmay turib) xayriya aksiyalari bemorlariga shifokorlar tomonidan sifatli xizmat ko‘rsatish ta'minlanmoqda. Aktsiyani muvaffaqiyatli davom ettirish yo‘lida hamkorlik qilinmoqda.
Yilning eng yaxshi hokimlik axborot xizmati
Bu o‘rinda barcha viloyat va hududlarning sa'y-harakatini birma-bir e'tirof etish, tanqid qilish mumkin. Ammo, barchasining ichida yaqqol ko‘zga tashlangani, eng yaxshi natijalarga intilgan, ish uslubini tubdan isloh qilishga harakat qilayotgan axborot xizmati - Toshkent shahar hokimiyati axborot xizmati. Xizmat turli mavzularda reportajlar tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarda muntazam e'lon qiladi. Inqirozli holatlar yuzasidan munosabat bildirishda boshqa viloyat hokimliklari axborot xizmatlarini allaqachon ortda qoldirib ketgan.
Yilning eng yomon matbuot xizmati
Har yili e'lon qilinadigan ochiqlik indeksida ham quyi o‘rinlarga munosib ko‘rilgan, aholining noroziligi, tadbirkorlarning shikoyatiga parvo ham qilmaydigan, eng asosiysi - OAVda e'lon qilingan tanqidiy maqolalarga munosabat bildirmaydigan matbuot xizmati Qurilish vazirligiga tegishli. Ochig‘i, biz ularni tanimaymiz ham, shu bilan birga ulardan qurilish sohasida paydo bo‘layotgan, to‘planib qolgan savollarga javob olishning imkoni yo‘q.
Yilning eng sust matbuot xizmati
Bu o‘rinda, mamlakatda katta hajmdagi ishlarni bajarib, OAV xodimlari bilan aloqa o‘rnatmagan, faoliyati yoritilishidan manfaatdor bo‘lmayotgan Vazirlar Mahkamasi (Hukumat) matbuot xizmatini tanqid qilish joiz bo‘ladi. Hukumat a'zolarining ish faoliyati, komplekslarda olib borilayotgan tadbirlar haqida hech qachon, hatto press-reliz ham tarqatilmaydi. Vazirlar Mahkamasi faoliyati atrofida paydo bo‘layotgan tanqidlarga munosabat bildirilmasligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Yilning eng mas'uliyatli matbuot xizmati
2018 yil davomida sud jarayonlari, ayniqsa jamoatchilik e'tiborini tortgan sud - Abdullayev ishi, Hikmatulla qori ishi Kun.uz'da to‘liq yoritildi. Bundan tashqari, sud faoliyatiga oid masalalarda faol hamkorlik tarafdori bo‘layotgan Oliy sud o‘z ishiga katta mas'uliyat bilan yondashmoqda.
Yilda qayta faollashgan matbuot xizmatlar
Mamlakatdagi iqtisodiy-siyosiy muhit ijobiy tomonga o‘zgarib borarkan, ayrim tashkilot va vazirliklarning matbuot xizmatlari ham faol bo‘lishga intilmoqda. Masalan, Mudofaa vazirligi hamda Markaziy Bank vakillari OAV bilan muloqotni qilish davriyligi oshdi. Ularning matbuot xizmatlari esa turli masalalar yuzasidan bayonot berishdan cho‘chimaydi. Ayniqsa, muhim ahamiyatga ega raqamlarni ochiqlash, tanqidiy maqolalarga munosib javob qaytarish hollari ko‘paymoqda.
Shu o‘rinda yil sarhisobiga yakun yasab, yil davomida alohida faolligi bilan ajralib turgan Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, «Toshshahartransximat» AJ, BMT tuzilmasidagi tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari, Xalq ta'limi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatlari jamoalariga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Mavzuga oid
12:33 / 24.08.2021
Vazirliklar va mahalliy hokimiyatlar matbuot kotiblarining reytingi e'lon qilindi
11:52 / 26.02.2021
Vazirliklar va hokimliklarning eng yaxshi matbuot kotiblari aniqlandi
18:35 / 17.11.2017